22:13 / 05.06.2018
4 629

«Gripp sotaman. Qimmat!»

«Gripp sotaman. Qimmat!»
Foto: «alashinform»
Hammasi mana shu postimdan boshlandi.

Shundan so‘ng fb-sahifam sharhlarga va shaxsiydan yuborilgan xabarlarga to‘lib ketdi. Kimdir uchrashib vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘ldi, birov tahdid qildi, so‘kdi, rahmat aytganlar ham bor. Xullas, ancha mashmashalardan so‘ng amaliyotchi shifokor Obidjon Latipov va tibbiyot instituti talabasi Bekzod Ahmadaliyevlar menga ko‘p narsani tushuntirib qo‘yishdi. Masala biz o‘ylagandan ancha chuqurroq va jiddiyroq ekan. Men izlana boshladim.

Yo‘qolsin vaksinalar! Yashasin antibiotiklar!!!

Dunyoda katta foyda keltiradigan uchta jirkanch biznes bor: narkobiznes, qurol-yarog‘ savdosi va farmbiznes. «Forbs» ro‘yxatida 79 nafar farmatsevt va sog‘liqni saqlash vakili turibdi. Farmatsiya va biotexnologiyalar sohasi giganti «Johnson&Johnson»ning bozordagi ulushi 274 milliard dollarni tashkil qiladi. Hind dorifurushi Dilip Shangvi esa 15 milliard dollardan ortiq aktivlari bilan necha yillarki ro‘yxatning kuchli 50 taligidan tushmaydi.

Xullas, soha rivojlanayapti – kasalliklar ko‘payayapti!

Paradoksmi? Yo‘q! Qonuniyat!

Narkotik va qurol sotganni yomon ko‘ramiz, dori sotganni esa olqishlaymiz. Axir u bizni o‘ldirmaydi-ku, tuzatadi-ku deymiz-da. Aslida shundaymi?

Men butunjahon fitnasi (vsemirnыy zagovor) nazariyasiga ishonmayman. Masonlar, uchta K, uchta F va hokazolarga ancha skeptik nazar bilan qarayman. Lekin farmatsevtikani tahlil qilarkanman, balki chindan ham shunday olamshumul kelishuv, fitna bormikan deb qoldim.

Misol:

Amerikalik dorifurush gigant «Pfizer» vaksinalardan bir yilda 12 milliard, antibiotiklardan esa bir oyda 16 milliard dollar foyda ko‘ribdi. Demak, firmalar uchun kasallikning oldini olishdan ko‘ra davolash foydaliroq bo‘lib chiqayapti. Har holda raqamlar shunday deyapti.

Antibiotiklar bakteriyalarning chidamliligini oshiradi, vaksinalar esa immun tizimining. Immuniteti yaxshi inson qaytib kasal bo‘lmaydi, dori sotib olmaydi. Antibiotiklar tufayli chidamli bo‘lib qolgan viruslarni davolash uchun esa ko‘plab dori kerak, bundan farmatsevtlar cho‘ntagiga ancha daromad tushadi.

Internet tarmog‘ida bot-bot vaksinalashga qarshi ko‘tarilib turadigan kampaniyalarning mantig‘ini tushungandekman. Ularning tashkilotchilari kimligini ham taxmin qilgandekman. Siz hammi?

Dorixonadagi fitnalar

Tabiiyki, O‘zbekistonda ham farmbiznes dunyo andozalaridan o‘rnak olib rivojlanayapti: «farm» tomonidan bo‘lmasa ham, «biznes» jihatidan. Men so‘zboshida tilga olgan postimda farmfirmalarning shifokorlar bilan yashirin kelishuvlarini aytgandim. Hamma o‘zini oqlab, aybdorlarni ko‘rsata boshladi, lekin hech kim bunday narsa yo‘q demadi. Umuman, borligini o‘zimiz ham bilamiz. Demak, inkor emas, tahlil qilish va yechim izlash kerak.

Dorilar qanday yaratiladi?

Ideal sharoitda tibbiyot tizimi (sog‘liqni saqlash) farmatsevtikaga dori uchun buyurtma beradi, shu buyurtma asosida farmatsevtika dori yaratadi. Lekin hozir teskarisi bo‘layapti: puli ko‘p va baquvvat soha sifatida farmatsevtika o‘zi dorilarni yaratayapti-da, tibbiyotga taklif qilayapti. Xo‘sh, farmatsevtika nimaga asoslanib dori yaratadi? Axir uning shifokorlar kabi amaliyot maydoni yo‘q-ku. Taxmin qilish qiyin. Lekin farmbiznes sog‘liqni saqlash tizimining giribonidan mahkam ushlab olgani ravshan. Bo‘lmasa, shifokorlar eshik tagida bemorlarni kuttirib qo‘yib farmfirmalar vakillari bilan tet-a-tet suhbatlar qurishmas, retseptlar spekulyatsiyasi bilan shug‘ullanishmas edi.

Tibbiyot instituti talabasi, farmfirmalarda ishlab kontraktini to‘lagan bir yigitning aytishicha (nomini sir tutishimni iltimos qildi), har bir yirik shifoxona atrofidagi dorixonalar (ular juda ko‘p) farmfirmalar vakillari tomonidan egallab olingan. Vakillar kunda-kunora o‘ziga tegishli hududdagi dorixonaga kelib firmasining dorilari savdosini surishtiradi: qaysi dori yaxshi sotilayapti, qaysi turib qoldi, qaysisidan ko‘proq keltirish kerak – oddiy marketing. Ular dorilardan tashqari vrachlarning retseptlariga ham juda qiziqishadi: qaysi vrachdan qanday retsept chiqayapti, kasali ko‘p vrachlar qaysi, ular qanday firmalarga ishlayapti va hokazo. Xullas, retseptlar firma vakillari uchun zarur axborot manbai. Albatta, bu manbani ularga dorixonachi taqdim etadi.

Ba’zida firma vakili dorixonachiga shunday deb qoladi: «Falon vrachni faloncha doridan falon miqdorda yozishga ko‘ndirib chiqdim. Aptekangizga shu doridan faloncha miqdorda oling, sotilishiga men kafil». O‘sha yerning o‘zida vrachga telefon qilib ham beradi. Ko‘pincha vrach bilan aptekachi tanish bo‘ladi. Vrach: «Falonchi ukamiz bilan kelishib oldik, aytgan dorisini olib bering, men yozib beraman», — deydi. Ish pishdi!

Ta’kidlash joiz, firmalar legal ishlaydi, hujjatlari toza, soliqlarni ham to‘lashadi. Bordi-yu biron vakili yuqoridagi ish ustida qo‘lga tushsa ham firma biz bunday ishlashni talab qilmaganmiz deb turaveradi. Hatto xodimlariga ichki etika bo‘yicha yo‘riqnoma-yu shartnomalar ishlab chiqib, qo‘l ham qo‘ydirib oladigan firmalar bor.

Bu puxta o‘ylangan va juda xatosiz ishlaydigan sistema. Va aysbergning uchi, xolos.

Bo‘lajak anesteziolog Bekzod Ahmadaliyev:

«Dunyo bo‘yicha seftriakson kukunini ishlab chiqaruvchi atigi 8 ta zavod bor. Xomashyoning 1 grammi 8$ (sakkiz dollar) turadi. Lekin O‘zbekistonning o‘zida bir nechta firma shu dorini «ishlab chiqaradi» (aslida xomashyoni sotib olib, qayta ishlab, qadoqlab sotadi).

Aptekalardagi oddiy seftriaksonning bugungi kunda davlat o‘rnatgan qat’iy narxi 5000 so‘m atrofida. Xo‘sh, endi o‘ylab ko‘ramiz, qanday qilib xomashyoning bir grammi sakkiz dollar tursa-yu, bizda bir gramm tayyor dori 5000 so‘m bo‘lib qoldi? (Qaysi ahmoq yong‘oqning shaqillashiga ishqiboz ekan?)

Qayta ishlovchi fabrika dorini olib navlarga bo‘lib chiqadi, eng oliy navini (sof massasida bir grammiga bir gramm to‘g‘ri keladiganini) boshqa nom bilan alohida qadoqda donasini 100 000 so‘m atrofida sotuvga chiqaradi. Qolgani oddiy flakonda bir gramm dori ulushiga haqiqiy dori miqdori 200 yoki 400 milligramni tashkil kilgan shaklda o‘sha sizu biz sotib oladigan besh ming so‘mlik dori bo‘lib dorixonalarga chiqariladi».

Shu joyida o‘ylab qolaman: mana nega bolam bir antibiotik kursini tugatib, oradan oy o‘tar-o‘tmas yana kasal bo‘laveradi! Dori sifatsiz bo‘lgani uchun chala davolanar ekan-da!

Internetning aytishicha, bir antibiotik kursi 100 dollardan qimmat turishi kerak, bizda esa 100 ming so‘m atrofida bo‘layapti. Farmfirmalar qayerdan foyda qilayapti? Axir katta foydalar qilayapti-ku!

Bekzod fikrida davom etadi:

«Ikki-uch yil avval Toshkentda juda katta janjalli sudlashuv bo‘lib o‘tgan. Vrach bemor bolaga mahalliy ishlab chiqaruvchiniki bo‘lgan antibiotikni yozib bergan. Effekt bo‘lmasdan, bolada sepsis (butun organizmga infeksiya tarqalib ketishi) ro‘y bergan. Bemorning onasi avval vrachga tashlangan, lekin vrach hammasini standart bo‘yicha bajarganini qonuniy isbotlab bergan. Keyin ona o‘sha dorini laboratoriyada tekshirtirsa, faol modda bir gramm o‘rniga 400 milligram chiqqan. Qarangki, firma bu ishni bosti-bosti qilgan. Qanday qilib? Xudoga ayon».

Bekzodning gaplaridan dahshatga tushib ketaman. Bolalarimizga qanday dorilar berayapmiz? Shunday xavflar bormidi hali? Dorilar standartlashmi, sertifikatsiyalashmi, ishqilib, tekshiruvlardan o‘tadi-ku? Nega unda bunday hol ro‘y berdi? Taassufki, savolimga javob topish umidim yo‘q. Ona sifatida yolg‘iz najotni qimmat dorilardan ko‘raman... va yana o‘sha farmfirmalarning qarmog‘iga ilinaman.

Shifokorlar nega bu ishni qilishadi?

Shifokor Obidjon Latipovning aytishicha, bizda tibbiyot sohasiga kam mablag‘ ajratiladi.

Raqamlar shifokorning so‘zlarini tasdiqlaydi. O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilgan mablag‘ YaIMning 4,5 foizini tashkil qiladi (bu yana avvalgi yillardan 2 baravar ko‘paygani!). Rossiyada bu ko‘rsatkich 3,6%, Qozog‘istonda 4,4%, Panamada 8,03%, Xorvatiya va Chilida 7,8%, AQShda 15,7%, Fransiyada 11%, Germaniyada 10,4% va hokazo. Ko‘rinib turganidek, ro‘yxatning juda quyisida bo‘lmasak ham, sog‘liqni saqlashning real muammolaridan kelib chiqsak, bu soha hali ko‘p mablag‘ga muhtojligi ayon.

Shifokorlarning ijtimoiy himoyasi, oyligi masalalari esa tibbiyot korrupsiyalashuvining asosiy sabablaridan, qolaversa, ayanchli oqibatlaridan biridir. Eng ehtiyotkor taxminlarga ko‘ra, hozir 10 minglab shifokorlarimiz xorijda ishlab yuribdi: asosiy qismi arab va Afrika davlatlarida. Sharoit og‘ir bo‘lsa-da, oyligi yaxshi, hurmati baland.

Hammadan ko‘p (o‘n yil) o‘qigan, hammadan ko‘p kontrakt puli to‘lagan, ilmiy daraja olish uchun hammadan ko‘p izlangan, tengdoshlari to‘rt yil o‘qib, ishga joylashib, maosh olib, allaqachon mehnatining rohatini ko‘rgan pallada ham laboratoriya, klinika va kutubxonalarda sarg‘ayib yurgan bu kasb egalarining oyligi 1 yoki 2 mln. so‘m bo‘lmasligi kerak! Sharoiti og‘ir hududlarda, QVPlarda ishlayotgan, yetib borish qiyin joylarda qahratonu saratonni pisand qilmay tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan shifokorlar fuqarolar tomonidan so‘kilmasligi, do‘pposlanmasligi kerak! Har bir yozgan retsepti, chekkan imzosi, bemorga aytgan bir og‘iz gapi bilan o‘z taqdirini ham hal qilib qo‘yishi mumkin bo‘lgan kasb sohiblari ko‘cha supurish, tonnalab qog‘oz to‘ldirish, oilasini boqish uchun ikki-uch joyda ishlash, farmkompaniyalarning xalqdan oladigan puli uchun cho‘ntak bo‘lib berishga majbur bo‘lmasligi kerak!

Ular zahmatlari badalini xalqdan olayapti, xalq alamini ulardan. Bu mantiqsiz muhoraba pallasida kimlardir salomatligimizdan katta kapitallar qilayapti.

Har kuni ijtimoiy tarmoqlardagi tasmalarimizda davolanish uchun xayriya so‘rayotgan insonlarni ko‘ramiz. Ko‘piga xorijdan keltirilgan qimmat dorilar kerak yoki davolanish uchun falon ming dollarlik amaliyotga muhtoj. Ha, sog‘liq juda qimmat narsa. Ana shu qimmatlikning bir uchi tibbiyot xodimlarining zimmasida turadi. Shu sababli ular farmfirmalar bilan yashirin hamkorlik qilishga majbur.

Shu yerga kelganda yana qitmir shubhalar paydo bo‘ladi: bu atay qilinmayaptimikan? Shifokor davolash usullarini belgilayotganda bemorning ahvoli bilan birga o‘zining qozonini ham o‘ylashga majbur bo‘lib qolgani ortida farmmafiyaning ham hissasi yo‘qmikan? Axir yaxshi oylik oladigan shifokor farmfirmalar bilan noqonuniy hamkorlik qilib, nomini va faoliyatini xavfga qo‘yarmidi?

Bu xuddi masonlar fitnasi kabi: mantiqli, ammo kishi ishongisi kelmaydigan holat.

Alloh o‘zi salomatligimizni asrasin. O‘zimiz ham asraylik: nosog‘lom turmush tarzi bilan yashab farmkompaniyalar o‘chog‘iga o‘t qalamaylik. Shifokorlarni ham tushunaylik!
Shahnoza To‘raxo‘jayeva

Manba:Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » «Gripp sotaman. Qimmat!»