21:15 / 15.12.2019
8 867

Hijoma nima?: «Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin»

Hijoma nima?: «Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin»
Dard bor ekan. Shifosi ham bor. Lekin uni izlash kerak. Izlaganda ham to‘g‘ri joydan izlash kerak. O‘zbegim odatda oson va arzon yo‘lini izlaydi. Qolaversa dardning oldini olish u yoqda tursin, vaqtida shifokorga bormaydi. Yiqildim deganda yaqinlari yetaklab olib boradi.

«Aka anchadan beri ko‘rinmaysiz, tinchlikmi?», — degan savolga, “Gemotoma (qontalash) bo‘lgandi, hijoma qildirdim,” — deb javob berdi bitta akaxon, oyog‘ini ko‘rsatib.
“Yordam qildimi?” — desam, “Ha boshida yengil tortdim, lekin keyinchalik sepsis bo‘lib (yiringlab) ketdi. Shunga davolanib chiqdim,” — dedilar.

Hijoma nima ekan deb, internetdan izlab ko‘rdim.
Ba’zi olimlar hijomani (so‘rib olish sharti bilan) so‘rib olish asbobi orqali boshning orqa tomonidan qonni chiqarib olish deb ta’kidlashadi.

Zarkoniy degan alloma esa: ″Hijoma faqatgina, boshning orqasiga xos emas balki, badanning boshqa qismlaridan ham hijoma qilish mumkin, ya’ni, hijoma yo‘li bilan buzilgan qonni chiqarib tashlash mumkin″,— deydilar.

Hijoma qadimdan ma’lumu mashhurdir. Qadimgi chinliklar (xitoylar), bobilliklar va fir’avnlar davridagi misrliklar ham uni amalda qo‘llangan. Ulardan qolgan osori atiqalarda ba’zi kasallarni hijoma yo‘li bilan davolashayotganligini tasvirlovchi suratlar bunga dalolatdir.

Qadimdagilar bu ishda ma’daniy (tillo, kumush) ka’s (banka)lar va xo‘kiz shoxlaridan foydalanganlar. Ular bu shoxlarni bemorning tanasidan qon olishmoqchi bo‘lgan o‘ringa qo‘yib, uning ichidagi havoni shoxning uch qismidagi kichkina teshikcha orqali so‘rib chiqarib, shoxning ichini havodan holi qilib qo‘yganlar.

Hijomaning fazilatlari
Sahih Buxoriy va Muslimda qo‘yidagi hadis rivoyat qilinadi: «Anas ibn Molik raziyallohu anhudan, hajjom (qon oluvchi)ning kasbi haqida so‘ralganda, u zot: ″Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hijoma qildirganlar. U zot sallallohu alayhi va sallamga hajjomlik qilgan Abu Toyyibaga ikki so’ (o‘rtacha 5 kg atrofida) taom berishga buyurib va ahillariga uning xirojidan bir oz kamaytirishni tayinladilar. Keyin (rasululloh sallallohu alayhi va sallam) dedilar: ″Davolanishlaring uchun eng afzal narsa hijomadir».

Demakki, muhaddislar nazdida hijoma yaxshi narsa ekan. Lekin akaxonning misolida shu muolajani amalga oshirgan shaxs yoki malakasiz, yoki o‘zlari gigiyena qoidalariga bo‘ysinmaganlar. Ko‘p hollarda, har maqomga yo‘rg‘alab, ustoz ko‘rmagan shogirdlar, bir uxlab turib o‘zini tabib deb e’lon qilishadi. Shunaqalarning qo‘liga tushishdan asrasin.

Xullas, qissada hissa shukim, akaxonning misolida bitta o‘zlariga zarar yetgan. Lekin jamiyatni ham bir tan-u, bir jonga qiyoslasak, o‘z ishini ustasi bo‘lmagan tanish-bilishchilik orqali lavozimga erishadiganlar ham bamisoli shu akaxonning qoniga tushgan mikrobdekdir.

Shuning uchun ham o‘zbegim, qush so‘ysa ham qassob so‘ysin, deb bejiz aytmagan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Hijoma nima?: «Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin»