17:00 / 19.09.2018
172 954

Oʻt pufagidan noliyotganlar uchun tavsiyalar

Oʻt pufagidan noliyotganlar uchun tavsiyalar
Oʻt pufagi — ovqat hazm qilish tizimining muhim aʼzolaridan biri. U jigar chiqargan oʻt suyuqligini toʻplash va quyultirib berish vazifasini bajaradi. Biz ovqat isteʼmol qilganda oʻt qopidan ajralgan suyuqlik oʻn ikki barmoqli ichakka tomadi va ovqatdagi yogʻlarni parchalab, taom hazmida ishtirok etuvchi fermentlarni faollashtiradi.

Oʻt pufagi shamollaganda (xoletsistit) va boshqa omillar natijasida bu aʼzoda tosh hosil boʻlishi mumkin. Soʻnggi vaqtda bu kasallik dunyo aholisi oʻrtasida (koʻpincha ayollarda) keng tarqalganligi qayd etilmoqda. Oʻt toshi kasalligi aksariyat hollarda hech qanday belgisi sezilmasdan, yashirin tazda kechadi. Kasallik moddalar almashinuvining izdan chiqishi, yuqumli xastaliklar va oʻt suyuqligi turib qolishi bilan bogʻliq omillar natijasida har qanday yoshda ham paydo boʻlishi mumkin. Asosan, jigar-oʻt yoʻllarida yoki oʻt pufagining oʻzida tosh hosil boʻladi. Shuningdek, oʻt toshi kasalligi, asosan, xolesterin ortishi bilan bogʻliq ateroskleroz, qandli diabet, semizlik kabi xastaliklarda kechishi aniqlangan. Oʻt suyuqligida xolesterin koʻpayishi, tosh paydo boʻlishi koʻpincha irsiyatga borib taqaladi. Qolaversa, notoʻgʻri ovqatlanish, homiladorlikdagi gormonal oʻzgarishlar ham oʻt toshlariga sabab boʻlishi mumkin.

Oʻt pufagi yalligʻlanganda oʻt suyuqligining kimyoviy tarkibi oʻzgaradi. Natijada bilirubin, xolesterin, kalsiy moddalari choʻkmalari koʻpayadi va aralash tarkibli toshlar paydo boʻla boshlaydi.

Oʻt suyuqligi turib qolishiga oʻt qopining qisqaruvchanlik funksiyasi izdan chiqishi, oʻt yoʻllaridagi nuqsonlar (oʻtning “boʻyni” qiyshayishi, chandiqlar), ichki aʼzolarning oʻz oʻrnidan pastga tushishi, qabziyat, kamharakat turmush tarzi, kam ovqat isteʼmol qilish kabilar sabab boʻladi. Bu keyinchalik oʻt qopida tosh hosil boʻlishiga olib keladi.

Oʻtdagi toshlar bir necha millimetrdan tortib, bir necha santimetrgacha boʻladi. 1-2 mm kattalikdagi toshchalar oʻt oqimi bilan chiqib keta oladi. Undan kattalari turli noxushliklarga sabab boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

Oʻt pufagidagi tosh UTT hamda rentgen vositasida aniqlanadi. Tarkibiga koʻra xolesterinli toshlar, pigment toshlar, aralash toshlar boʻlishi mumkin.

DAVOLASH USULINI OʻZINGIZ TANLANG

Tibbiyotda oʻt toshi kasalligini davolashning bir necha usullari mavjud: medikamentoz litoliz — dori-preparatlar yordamida eritish; masofadan yuboriladigan ultratovushli litotripsiya; lazer yordamida toshni maydalab tushirish; kimyoviy litoliz usuli; laparoskopik yoki endoskopik usulda oʻt qopini olib tashlash; sohani kesib, oʻtni olib tashlashga asoslangan ochiq jarrohlik usuli.

Oʻt toshini davolashda kasallikning ilk bosqichida, yaʼni oʻt shilligʻi quyuqlashib, tosh hosil boʻlishiga moyillik oshganda oʻtni suyultiradigan dori-darmonlar, mineral suv ichish, koʻproq harakat qilish tavsiya qilinadi. Medikamentoz usulda davolash oʻt toshlarini maxsus dori preparatlar yordamida eritib tushirishga asoslanadi. U oʻt qopida qum yoki mayda toshchalar boʻlganda qoʻllaniladi.

Ekstrokorporal zarbli-toʻlqinli litotripsiya usulda esa oʻt qopidagi 3 sm gacha boʻlgan xolesterinli toshlar ultratovush toʻlqini yordamida ogʻriqsiz maydalab tushiriladi. Bu usul kalsiydan hosil boʻlgan toshlarda yordam bermaydi. Amaliyot ultratovush uskunasi yordamida nazorat qilinadi.

Lazer yordamida davolashda qorin sohasidagi kichik teshik orqali lazer nuri yuboriladi va toshlar maydalanadi. Amaliyot uzogʻi bilan 20 daqiqa davom etadi.

Kontaktli kimyoviy litoliz usuli yordamida har xil tarkibli va turdagi katta-kichik toshlarni eritish mumkin. Bunda UTT nazorati ostida bemorning terisi orqali oʻt pufagiga ingichka naycha kiritiladi va toshlarni eritadigan maxsus dori yuboriladi. Bu usul 90 foiz holatda yaxshi samara beradi. Laparoskopiya usuli kam aziyatli usul boʻlib, bugun oʻt toshi kasalligini davolashning eng qulay usuli sanaladi. Endoskopik jarrohlik usuli esa qancha erta bosqichda bajarilsa, natija shuncha yaxshi boʻladi.

Shunisi borki, toshlarni eritish borasidagi urinishlar doim ham kutilgan natijani bermaydi. Ochiq jarrohlik usuli (xoletsistektomiya). Bu anʼanaviy jarrohlik usuli boʻlib, qorin sohasini 10-15 sm kesish yordamida oʻt pufagini olib tashlashga asoslanadi. Bu usulda infeksiyalardan zararlanish xavfi koʻproq boʻlgani uchun faqat oʻt pufagi kuchli yalligʻlanganda yoki unda katta oʻlchamli toshlar boʻlganda, kuchli ogʻriqlar bezovta qilganda amalga oshiriladi. Operatsiyadan keyin bemor oʻzini tiklashi uchun 1-2 oy vaqt kerak boʻladi.

Shivit urugʻi qaynatmasi oʻt toshining oldini olish va oʻtdagi choʻkindilarni haydashda yordam beradi. Qaynatma tayyorlashda 2 osh qoshiq shivit urugʻiga 2 stakan qaynagan suv solib, past olovda 15 daqiqa qaynatiladi. Keyin sovitilib, dokadan oʻtkaziladi va 0,5 stakandan iliq holda kuniga 4 marta ichiladi. Davolanish muddati — 2-3 hafta.

Har safar yigʻma choyni ichishdan oldin och qoringa qirgʻichdan chiqarilgan sabzi va smetana yoki sabzi va oʻsimlik moyi qoʻshilgan boʻtqa, yo boʻlmasa dimlangan qovoqni asal qoʻshib isteʼmol qilish kerak.

Sabzi sharbati ovqatdan oldin 1 stakandan ichilsa, oʻt suyuqligi ravonlashadi.

Makkajoʻxori popugi tindirmasi ham davolanishda yaxshi samara beradi. Uni tayyorlash uchun choynakka 4 osh qoshiq makka popugi solinib, qaynoq suvda damlab, tindiriladi. 2 piyoladan kuniga 3 marta ovqatdan yarim soat oldin ichiladi.

Baʼzan fitoterapiya muolajalaridan keyin bemorlarning oʻng qovurgʻasi ostida ogʻriq kuzatilishi mumkin. Bu mayda toshlar siljib, oʻt yoʻllaridan tashqariga chiqayotganini bildiradi.

Maʼlumki, oʻtida toshi bor bemorlarning aksariyati operatsiya qildirishdan qoʻrqishadi. Albatta, bu tosh ortiqcha bezovta qilmasa, uni operatsiya qilish shart emas. Ayrim hollarda oʻtdagi tosh inson umrining oxirigacha ham aziyat bermay turaveradi. Agar oʻtda kichikroq toshchalar borligi aniqlansa, kishi tana vaznini kamaytirishga harakat qilsa, endokrin tizimi hamda yalligʻlanish bilan bogʻliq kasalliklarni oʻz vaqtida davolatsa, bundan tashqari, parhez saqlab, meʼyorida jismoniy mashqlar qilib yursa, oʻtdagi tosh bezovta qilmaydi.

Tosh kattaroq boʻlganda, oʻng qovurgʻa ostida ogʻriq sezilsa, shifokor bilan maslahatlashgan holda ogʻriq qoldiruvchi dorilar ichgan maʼqul. Agar 4-6 soat ichida ham ogʻriq toʻxtamasa, jarrohga murojaat qilish darkor.
Ekspert jarroh Oʻrinboy ABDULLAYEV
tavsiyalari asosida tayyorlandi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Oʻt pufagidan noliyotganlar uchun tavsiyalar