19:20 / 20.02.2018
6 463

E’tirozlar qanchalik to‘g‘ri? “Avtokredit” to‘xtatilgani rostmi?

E’tirozlar qanchalik to‘g‘ri? “Avtokredit” to‘xtatilgani rostmi?
Joriy yilda qator banklar avtokredit xizmatini taklif qilayotgani haqida maqolalar e’lon qilingan edi. Ta’kidlash joizki, yurtdoshlarimiz orasida bu maqolalarga ham, banklarning ayni turdagi kreditlariga ham juda yuqori qiziqish kuzatilgan, mijozlar darhol bizga ham, banklarga ham murojaat qilishga kirishib ketishgandi.

Dastlab joriy yilda “Aloqabank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan “GM Uzbekistan” rasmiy dilerlaridan pul ko‘chirish yo‘li bilan avtomobillarni xarid qilish uchun “Avtokredit” iste’mol krediti joriy qilingani e’lon qilingandi. Keyinchalik “Asia Alliance Bank”, “Trastbank”, “Ravnaqbank”, “Hamkorbank” kabi tijorat banklari ham avtokredit taqdim etayotgani to‘g‘risida o‘z saytlarida ma’lumot berdilar.

Ammo keyinchalik ko‘pchilik mijozlar tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, banklar avtokredit bermayotgani, bu xizmat to‘xtatilganidan shikoyat qilishdi. Vaziyatni o‘rganish uchun yuqoridagi banklar bilan bog‘landik.

“Aloqabank”ning jismoniy shaxslarni kreditlash bo‘limi boshlig‘i Jo‘rabek O‘roqov savollarimizga quyidagicha javob berdi:
— Avtokredit berilishi to‘xtatilgani to‘g‘rimi?
— Qisman to‘g‘ri. Ayni paytda bunday kreditlarni taqdim etmayapmiz.

— Nima sababdan to‘xtatildi?
— Avvalo mazkur kreditga talab juda yuqori bo‘lganini aytishim lozim. Ko‘p miqdorda arizalar kelib tushdi va biz ularning hammasini qondirishga ulgurmay qoldik. Fevral oyi o‘zi qisqa oy. Shuningdek avtosalonlar bergan shartnomalarida to‘lov muddatini yetti kun deb ko‘rsatishadi. Bizda arizalar ko‘pligi uchun ko‘rib chiqish va kredit taqdim etish muddati cho‘zilib ketdi, shartnomalar kuchini yo‘qotdi va bu haqli e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Shuning uchun avvalgi arizalarni qondirgunga qadar yangi ariza qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdik. Ammo mart oyidan qayta boshlashni rejalashtirganmiz.

“Hamkorbank”ning mijozlar bilan aloqa bo‘limi xodimi Robiya Abdurasulovaga ham yuqoridagi savollarni berdik.

— Bankimiz hozir faqat ikkilamchi bozordan avtomobil sotib olish uchun kreditlar taqdim etmoqda. Birlamchi bozordan, ya’ni yangi avtomobillar uchun kredit berish vaqtincha to‘xtatilgani rost. Buning sababi kredit portfeli sifatini oshirish maqsadida inventarizatsiya o‘tkazilmoqda. Bizda ham ayni shu turdagi kreditga mijozlar orasida qiziqish yuqori bo‘ldi. Keyinchalik bu xizmat turini yana tiklash niyatidamiz.

“Trastbank” xususiy aksionerlik banki kredit bo‘limi xodimi Bekzod Xolmurodovning bildirishicha, bu bank mijoz zarur hujjatlarni tayyorlasa va taqdim etsa, hech qanday cheklovlarsiz avtokredit berishda davom etmoqda.

“Ravnaqbank” xususiy aksionerlik tijorat bankining jismoniy shaxslarni kreditlash bo‘limi boshlig‘i Svetlana Ferderer mavzu yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:

— “Ravnaqbank” tomonidan avtokredit faqat yuridik shaxslargagina taqdim etiladi. Dastlab jismoniy shaxslarga ham berilgan, ammo bank o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib bu xizmatni vaqtincha to‘xtatgan. Yuridik shaxslar uchun esa cheklov qo‘yilmagan, bu o‘rinda sotib olinadigan avtomobil birlamchi yoki ikkilamchi bozordan ekanligining ahamiyati yo‘q.

Va nihoyat bunday turdagi xizmatni taklif etayotgan yana bir bank — “Asia Alliance Bank”ning jismoniy shaxslarni kreditlash bo‘limi boshlig‘i Hojiakbar Sagatov bu bankda birlamchi bozordan sotib olinuvchi (ya’ni ishlab chiqaruvchi yoki rasmiy dilerlardan xarid qilinuvchi) avtomobillar uchun hech bir muammosiz avtokredit taqdim etilayotganini bildirdi.

Demak, mijozlarning e’tirozlari ham qisman bo‘lsa-da asosli. Ko‘pchilik banklar talab yuqori bo‘lgan xizmat turini taqdim etib, tez orada yana o‘zlari to‘xtatib qo‘yganlari o‘z isbotini topmoqda. Lekin bu holat vaqtincha ekanligiga ishontirishlariga qaraganda mijozlar tez orada o‘zlariga kerakli xizmatdan foydalana olishlari mumkin deb umid qilamiz.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » E’tirozlar qanchalik to‘g‘ri? “Avtokredit” to‘xtatilgani rostmi?