20:40 / 04.03.2020
5 958

Volkswagen Jizzaxda yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqaradi

Volkswagen Jizzaxda yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqaradi
“O‘zavtosanoat” AJ va Volkswagen Group Rus kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Kelishuv maqsadi “Jizzax avtomobil zavodi” MCHJ bazasida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek ishlab chiqarilgan texnikani sotish tizimini yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Zavod Volkswagen konsernining yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan bir necha modeldagi yengil tijorat avtomobillarini to‘liq sanoat sikli bo‘yicha ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.

Volkswagen Group Rus yangi zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari va jarayonlarini taqdim etadi, shuningdek xodimlarni o‘qitishni amalga oshiradi. Zavod Volkswagen konsernining ishlab chiqarish, sifat, xaridlar, yetkazib berish va sotuv tizimlari boshqaruvi borasidagi zamonaviy standartlariga muvofiq ish yuritadi.

Shuningdek, korxona rejalariga mahalliy avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchilarini (bugungi kunda ular “O‘zavtosanoat” AJga tegishli 30 ta yirik zavod va 160 dan ziyod o‘rta hamda kichik korxonalardan iborat) jalb qilish orqali muayyan mahalliylashtirish darajasini ta’minlash ham kiradi.

Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 20 000 dona avtomobilga teng bo‘ladi.

Volkswagen Caddy
Yengil tijorat avtomobillari segmenti bugungi kunda O‘zbekiston avtomobil bozoridagi yagona o‘zlashtirilmagan yo‘nalish sanaladi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi mahalliy avtomobil sanoati taraqqiyotida yangi salmoqli qadamni qo‘yish imkonini beradi. Yangi qo‘shma korxona, aholining bandligini oshirish barobarida, O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishning yanada o‘sishiga xizmat qiladi”,- qayd etdi “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi janob Shavkat Umurzoqov.

“Folksvagen Grup Rus” bosh direktori Markus Ozegovich: “O‘zbekiston avtomobil bozori jo‘shqin rivojlanmoqda va barcha segmentlarda katta o‘sish salohiyatiga ega. Ham konsernimiz mahsuloti, ham dilerlik markazlaridagi yuksak xizmat ko‘rsatish darajasi o‘zbek iste’molchilari tomonidan munosib baholanishiga aminmiz”.

Bitim doirasida tomonlar hamkorlikni 2020 yilda Volkswagen Caddy modelini ishlab chiqarish va sotish bilan boshlashga kelishib oldilar, u ikkita modifikatsiyada taklif etiladi: 7 o‘rinli yo‘lovchi universali va yuk furgoni. Ushbu model ham tijorat, ham oilaviy foydalanishga mo‘ljallangan. Avtomobil quvvati 110 o.k. va hajmi 1,6 litrli tejamkor benzinli dvigatel bilan jihozlanadi. Shahar sikli rejimida yoqilg‘i sarfi 100 km.ga 9,3 l., trassada – 100 km.ga 6,1 l.ga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, hamkorlik doirasida kelajakda Volkswagen Group konsernining keng modellar qatoridan boshqa namunalarni ham ishlab chiqarish va keltirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning yanvar oyi oxirlarida O‘zbekistonda Volkswagen kompaniyasi bilan hamkorlikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum bo‘lgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Volkswagen Jizzaxda yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqaradi