15:07 / 06.03.2020
5 508

Markaziy bank rahbari: «Avtokreditlarni ilgari surayotgan banklar xatarni sezmayapti»

Markaziy bank rahbari: «Avtokreditlarni ilgari surayotgan banklar xatarni sezmayapti»
Foto: «Daryo»
Avtomobillar xaridi uchun muntazam kredit berayotgan banklar hozircha kelajakdagi xavfni sezmayapti. Bu haqda «Gazeta.uz»ga tayanib Daryo xabar berdi.

Avvalroq yanvar oyida banklarning milliy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi 25,8 foizgacha ko‘tarilgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank buni kreditlarning umumiy hajmida qimmatroq bo‘lgan avtomobillarga beriladigan kreditlar ulushining oshishi bilan izohlagan. O‘tgan yili o‘rtacha stavka 25-27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yanvar oyida 28-32 foizga yetgan.

Aholining avtokreditlarga qiziqishi ortishi haqidagi savoliga javoban Mamarizo Nurmurotov Markaziy bank bozorni barqarorlashtirish uchun makroprudensial nazoratni kuchaytirishini ta’kidlagan.

«Biz bu yerda hech qanday cheklovlar kiritmaymiz. Biz faqat makroprudensial nazoratni kuchaytiramiz, bu kelajakda banklar tomonidan avtoulovlarga berilgan kreditlarni ko‘paytirish istagini avtomatik ravishda kamaytirishga imkon beradi. Faol ravishda avtokreditlar berish bilan shug‘ullanayotgan banklar kelajakda qanday xatarlar yuzaga kelishini hali bilmaydi.

Avtokreditlar bu — juda xavfli kreditlar bo‘lib, bunda garov ta’minoti kredit bilan sotib olingan mashinaning o‘zidir. Uning qiymat bahosi kundan kunga foydalanish me’yorida juda kamaymoqda. Makroprudensial chora-tadbirlarimiz ushbu bozorni ma’lum darajada barqarorlashtirishga imkon beradi
», — deydi Markaziy bank rahbari.

O‘tgan yilning mart oyida moliya vaziri Timur Ishmetov (o‘sha vaqtda Markaziy bank raisi o‘rinbosari) chakana kreditlashda avtokreditlarga e’tibor qaratadigan banklar «xavf-menejmentining asosiy tamoyillarini buzishini» ta’kidlagan edi.

«Avtokreditlar bu — monomahsulot bo‘lib, barcha banklar yoppasiga faqat avtokredit berish bilan shug‘ullana boshladi. Ular xavf-menejmentining asosiy tamoyillarini buzishni boshladi. Bu holatda barcha tuxumlaringizni bitta savatga solmasligingiz kerak. Bizda esa buning aksi. Albatta, bank individual ravishda boshqa banklarning hajmini kuzata olmaydi. U agar ko‘proq avtokredit bersam, hech narsa bo‘lmaydi deb o‘ylaydi.

Natijada ba’zi banklar chakana kredit portfelining yarmidan ko‘prog‘i avtokreditlarga qaratildi. Gap avtokreditlashtirishda emas, balki e’tiborning bitta mahsulotda qaratilishida — bu ‘pufakka’ olib kelishi mumkin. U portlagach, ko‘plab kreditlar defoltga aylanadi, banklar ko‘plab pul, xususan, omonatchilarning pullarini yo‘qotadi
», — deydi u.

Makroprudensial choralari moliya sektorini, shuningdek, uning alohida sektorlarida xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan. Markaziy bankning makrodarajadagi tahliliga ko‘ra, ma’lum bir mahsulotda xatarlar to‘planishini bu umuman bank yoki moliya bozorida muammolarga olib keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Markaziy bank rahbari: «Avtokreditlarni ilgari surayotgan banklar xatarni sezmayapti»