11:37 / 17.03.2020
6 482

Elektromobillar davri: O‘zbekiston qanday bosqichda?

Elektromobillar davri: O‘zbekiston qanday bosqichda?
Foto: Google Photos
Bugungi kunda elektromobillar ishlab chiqarish zaruriyati avtomobilsozlar uchun strategik masalaga aylanmoqda. Yaqinlashayotgan yangi davri haqida «Daryo» kolumnisti Muzaffar Qosimov ma’lumot beradi.

UzAuto Motors tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobil narxlarining keskin oshirilishi oxirgi haftada ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans berdi. Faqat eng erinchoq odamlargina bu holatga munosabat bildirmadi desak bo‘ladi. Xullas, bu yoqda neft bozori kasodga uchrab, boshqa tarafda esa koronavirus sababli jahon iqtisodiyoti orqaga ketayotgan bir paytda haqiqatan ham mantiqqa sig‘maydigan narx ko‘tarilishi faqat UzAuto Motors’dagilarning o‘zini xursand qildi xolos.

Lekin e’tiboringizni narx oshishiga emas, boshqa masalaga qaratmoqchimiz.

UzAuto Motors ishlab chiqaradigan avtomobillar va hozirda jahon bo‘ylab harakatlanayotgan deyarli barcha avtomobillar bu – ichki yonuv dvigateli asosida, ya’ni benzin, dizel yoki gaz yoqilg‘isi yoqib harakatlanadigan mashinalardir. Maqolaning qisqa mohiyatini aytadigan bo‘lsak, an’anaviy benzin va gazda yuradigan avtomobillar zamonasi yakunlanmoqda! Uzog‘i bilan yana ikki o‘n yillik va ular o‘z o‘rnini elektromobillarga bo‘shatib beradi.

Yodingizdami, 10–15 yillar oldin mobil telefonlar endi ommalashayotgan paytda telefon apparatlari bozori Nokia’dan boshlab Siemens, Motorola, Philips, Sony Ericsson va hokazolar bilan to‘la edi. Siz u paytda Apple va Xiaomi apparatlarini eshitmagansiz ham. Sababi juda oddiy: tugmali oddiy telefonlar zamonasida bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yuqoridagi kompaniyalar smartfonlar zamonasiga kelib bozor uchun ommabop takliflar bera olmadi va hozirda mobil aloqa texnologiyalari bozorida ularni deyarli uchratmaysiz. 2010–2012 yillarda tugmali telefonlarning zamonasi allaqachon yakunlandi va smartfonlar davri boshlandi. Avtomobillar bozori bilan ham shunga o‘xshash vaziyat sodir bo‘lishi kutilmoqda (va u allaqachon boshlangan).

Bozorni elektromobillar bilan zabt etishni Tesla boshlab yubordi. Birgina 2019 yilning oxirgi choragida kompaniya 104 891 dona elektromobil sotgan. Va bu borada Tesla yolg‘iz emas. Ko‘pchilik elektromobil deganda birinchi navbatda Tesla’ni tasavvur qiladi. Lekin elektromobillar allaqachon Jaguar, Audi, Mercedes va Porsche kataloglarida ham bor.

Hozircha faqat Porsche ishlab chiqargan model bozorda Tesla bilan raqobatlasha oladigan darajada arzon chiqqan va texnik jihatdan afzalliklarni ham va’da qilmoqda (xususan, Porsche Taycan modeli atigi 22 daqiqada 80 foiz zaryadlanishi mumkin va to‘liq zaryad olishi uchun 1 soat kifoya qiladi – siz qahva ichib bo‘lguningizcha mashinangiz yana yo‘lga tayyor bo‘ladi).

Foto: Google Photos
Lekin bu boshqa avtokonsernlar vaziyatga shunchaki tomoshabin sifatida qarab o‘tiribdi degani emas.

Umuman olganda, yirik avtokonsernlar elektromobillar bozoriga yurak yutib qarab turgani aniq. Bizga tanish an’anaviy avtomobillar ishlab chiqaradigan zavodlar yoppasiga elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tmayotganining eng katta sababi konveyer liniyalarini elektromobillarga moslash uchun o‘n milliardlab dollar sarmoya kerak bo‘lishi bilan bog‘liq.

Qolaversa, elektromobil ishlab chiqarish uchun loyihalash va konstruktorlik mutaxassislari, yig‘ish ustalari va ishchi xodimlar kerak bo‘ladi. Zavodda birvarakayiga buncha malakali ishchi topishning esa iloji yo‘q. Aynan shu omillar hozircha jahonning yirik avtomobilsozlik korxonalarini biroz tutib turibdi. Shunga qaramay, bizni elektromobillar zamonasiga olib o‘tadigan texnik inqilobga juda yaqin qoldi.

Bir paytlar chiqindi gazlar miqdorini kamaytirib ko‘rsatadigan qalloblikka ega dasturiy ta’minoti uchun malomatga qolgan Volkswagen o‘z reputatsiyasini tiklash yo‘lida tinmay urinmoqda va avvaliga e’lon qilgan – 2025 yilga kelib bir millionta elektromobil ishlab chiqarish bilan bog‘liq strategik rejasini o‘zgartirib, endi 2023 yildayoq ushbu ko‘rsatkichga erishmoqchi. 2025 yildan boshlab esa ular yiliga 1,5 million donadan elektromobil ishlab chiqarib, bozorda o‘z ulushini egallashni ko‘zlagan.

Volkswagen’ning ID.3 elektromobili shu yilning yozida sotuvda paydo bo‘ladi. Nemislar bu borada ko‘zlagan marralari ulkan: ular jahon elektromobil bozorining bayroqdor yetakchisi bo‘lmoqchi. Va bunga jiddiy kirishishdi – konsern elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 33 milliard yevrolik loyihani boshlab yuborishdi. Shu jumladan, butun Yevropa bo‘ylab 36 mingta zaryadlash stansiyasi barpo qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Konsern endilikda gazda yuradigan mashina ishlab chiqarishni to‘xtatishini ham e’lon qildi.

Foto: Google Photos
General Motors’ning rejalari esa bundan ham balandparvoz. Konsern rahbariyati nutqidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtibos keltiradigan bo‘lsak, u «Biz hammani elektromobillarga o‘tkazmoqchimiz va buning uchun bizda hamma narsa bor», degan ma’noda yangradi. Kompaniya shu yil yanvarida San-Fransiskoda o‘zining ilk elektromobili – Cruise Origin modelini ommaga namoyish qildi. Yil yakunida Bolt EV nomli model savdoga chiqarilishi reja qilindi. Kompaniyaning 2021, 2022 va 2023 yillar ichida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan yana bir nechta elektromobil modeli mavjud.

Eng kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra, 2019 yil boshida elektromobillar bozori 5,6 million donani tashkil qilgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich deyarli 8 milliontaga yetdi. Lux Research kompaniyasi prognozlariga ko‘ra, 2035 yilga borib, jahon bo‘ylab elektr batareykalari bozorining yillik aylanmasi 546 milliard dollarga yetadi.

Bu elektromobil ishlab chiqaruvchilari bilan parallel ravishda rivojlanishi va arzonlashishi kerak bo‘lgan akkumulator va uni zaryadlaydigan qurilmalar ishlab chiqaruvchilarining ham oshig‘i olchi bo‘ladi demakdir. O‘sha 546 milliard dollarlik yillik sarfning 74 foizini jahon bo‘ylab harakatlanayotgan elektromobillar hissasiga to‘g‘ri keladi va ular umumiy hisobda jami akkumulatorlar elektr sig‘imining 91 foiz qismini egallaydi.

Xo‘sh, yirik avtokonsernlarning elektromobillar ishlab chiqarish borasida otni qamchilashga tushganining sababi nima deb o‘ylaysiz? Albatta, iqlim o‘zgarishi, ekologiya muammolari kabi sabablar tabiiy ravishda ko‘rsatiladi. Qolaversa, neft va gaz narxining beqarorligi va yoqilg‘i ishlab chiqarilishi hamda yetkazib berilishi yirik siyosiy o‘yinlarda richag vositaga aylanayotgani ham vaj qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Ammo neft va gaz ham bir kun kelib tugaydi. Elektromobillarga o‘tilishi bir paytlar tugmali telefondan yoppasiga smartfonga o‘tilgani singari muqarrar jarayondir. Avtokonsernlarning elektromobil ishlab chiqarishga o‘tishi va yalpi reklama kompaniyalarining ham boshlanganining jiddiy sababi bor. U ham bo‘lsa yashab qolish uchun kurashdir. Ular bugun otni qamchilamasa, ertaga ichki yonuv dvigatelli mashinalari bilan birgalikda tarixga aylanadi. Bozordagi ulushini boy beradi va kasod bo‘ladi. Shu sababli ham hozirda ular uchun elektromobillar strategik masalaga aylandi.

O‘zbekistonda ham elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida harakatlar allaqachon boshlangan. Qo‘qonda 2023 yildan boshlab elektromobil ishlab chiqarilishi rejasi borasida «Daryo» avval xabar bergan edi. Xonobodda (Andijon viloyati) ham elektromobil ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabarlar mavjud. Innovatsion rivojlanish vazirligi esa Qozog‘iston bilan hamkorlikda elektromobil ishlab chiqarish rejalarini muhokama qilgandi.

Bu loyihalarning amalga oshishi va O‘zbekiston ham jahon avtomobilsozlik tendensiyalaridan ortda qolmasligi muhim. Endilikda elektromobillar ishlab chiqarilishi avtomobilsozlar uchun strategik masalaga aylandi. Hammasi yaqin ikki o‘n yillikda ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘ladi. Shunday ekan, UzAuto Motors’ga va uning narx siyosatiga jig‘ibiyron bo‘layotgan yurtdoshlarimizga yaqin o‘rta muddatli kelajak uchun rejalar tuzishda elektromobillarni ham inobatga olishni tavsiya qilamiz.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Elektromobillar davri: O‘zbekiston qanday bosqichda?