03:23 / 14.05.2020
5 824

Navoiyda yiliga 30 mingta avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushadi

Navoiyda yiliga 30 mingta avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushadi
Foto: O‘zA
Ushbu zavod bugungi kunda 30ga yaqin xorijiy investorlar ishtirokidagi korxonalar faoliyat ko‘rsatayotgan, 564 gektar maydonni egallagan Navoiy erkin iqtisodiy zonasida barpo etilmoqda, deb yozadi O‘zA.
Xabar qilinishicha, erkin iqtisodiy zonada yaqin kunlarda «Navoiy-motors» O‘zbekiston–Eron qo‘shma korxonasi barpo etiladi.

«Umumiy qiymati 12 million AQSH dollariga teng bo‘lgan ushbu loyiha yurtimiz avtomobilsozlik sanoatida tub burilish yasashi kutilmoqda. Sababi Xitoy davlatining «Oshan» brendi ostida ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni Navoiyda ham yig‘ish va ichki bozorga chiqarish rejalashtirilmoqda», – deyiladi xabarda.

— Dastlab, ichki bozor uchun zamonaviy yo‘ltanlamas, pikap, miniven kabi kuzovli avtomobillar yig‘ishni yo‘lga qo‘yamiz, — deydi korxona bosh texnologi Afshin Shokiriy. — Yiliga 30 ming dona avtoulov ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonamizda 200 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish rejalashtirilayotgan zavodning barqaror ishlashi uchun soliq va bojxona imtiyozlarining yaratilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.

«Ayni paytda mazkur korxonaning qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Karantin talablari asosida quruvchi va muhandislar tun-u kun mehnat qilmoqda. Maqsad — qurilish ishlarini tezda yakunlash», – deya qayd etilgan xabarda.
Ma’lum qilinishicha, hozir bu yerda sement, o‘lchov, tuproq ishlari olib borilyapti. Shu tariqa, yaqin kunlarda NEIZdagi korxonalar soni yana bittaga ko‘payadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, «Navoiy» EIZda bugungi kunda Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur, Italiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar bilan hamkorlikda 30ga yaqin korxonada 25dan ortiq loyiha faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Istiqbolda esa ushbu loyihalarni 78taga yetkazish rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Navoiyda yiliga 30 mingta avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushadi