20:10 / 15.07.2020
3 983

Sergeli avtomobil bozori qachon va qayerga ko‘chiriladi?

Sergeli avtomobil bozori qachon va qayerga ko‘chiriladi?
Foto: Ramiz Baxtiyarov
Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan avtomobillar bozori ko‘chirilishi haqida bir necha yildan buyon turlicha ma’lumotlar tarqalib keladi. Kun.uz muxbiri bu boradagi savollarga aniqlik kiritish uchun Toshkent shahar hokimligi Bozorlar va savdo komplekslari departamenti Savdo bo‘limi boshlig‘i Farhod Tulyaganov bilan bog‘landi.

— Mana 2-3 yildirki, Sergelidagi avtomobillar bozori ko‘chirilishi haqida turli gap-so‘zlarni eshityapmiz. Bu safargi xabarlar haqqoniymi, ya’ni bu masalada va yakuniy muddatlar bo‘yicha aniq to‘xtamga kelindimi?
— Bu mish-mish emas, tarqalgan xabarning asosi bor. Xususan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Zangiota va Sergeli tumanlariga tashriflari davomida berilgan topshiriqlar hamda Sergeli tumanida jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bu masala ko‘tarilgan.

Ushbu tashrif davomida Toshkent viloyati hamda Toshkent shahri hokimliklariga «Iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozori» MCHJ (ya’ni avtobozor)ni ko‘chirish bo‘yicha loyiha takliflarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan.

Ammo bu bugun yoki ertaga bozor ko‘chiriladi, degani emas. Avval tegishli taklif-loyiha ishlab chiqiladi. Mutasaddi tashkilotlar bilan kelishilib, barcha loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanganidan keyingina qurilish ishlari boshlanadi.

Yangi, zamonaviy bozor qurib bitkazilganidan keyin esa ko‘chirish masalasini ko‘tarish mumkin. O‘sha paytda hozirgi avtobozorda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha tadbirkorlarga savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va boshqalar taqdim etiladi. Hech bir tadbirkor ko‘chada qolib ketmaydi.

Xususiy savdo do‘konlari egalariga qonunda belgilangan tartibda kompensatsiya pullari to‘lab beriladi. Biroq buning muddatlari va tartibi haqida gapirishga hali erta.

— Bu bozor Sergeli tumani va Toshkent shahri budjetiga salmoqli hissa qo‘shadi. Viloyat hududiga ko‘chirilganidan so‘ng ham u poytaxt boshqaruvida qoladimi? Soliqlar qaysi hududga to‘lanadi?
— Haqiqatan xam bu bozor mahalliy budjetga salmoqli hissa qo‘shadi. Bundan keyin ham bu jarayon davom etadi. Faqat shu paytgacha soliq ko‘rinishidagi tushumlar bir cho‘ntakka tushgan bo‘lsa, keyin ikkinchi cho‘ntakka tushadi xolos. Umumiy olganda respublika budjetiga tushumlar o‘zgarmaydi. Aksincha, yangi bozor kengayishi hisobiga tadbirkorlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi va budjetga soliq ko‘rinishida qo‘shimcha daromad tushishi ortadi.

— Albatta, poytaxtning gavjum tumanidagi tig‘izlikni kamaytirish uchun bozorni ko‘chirish rejasi o‘rinli. Lekin uzoqqa qatnash noqulayligi onlayn bozorlar rivojlanishiga, buning ortidan yig‘imlar kamayishiga sabab bo‘lmaydimi, loyiha xufiyona iqtisodiyotga sababchi bo‘lib qolmaydimi?
— Hozir yangi bozor aynan qayerda qurilishi aniq emas. Toshkent viloyatining shahrimizga chegaradosh hududlari ko‘p, Toshkent shahri va viloyati o‘rtasida qatnov masalasida muammo bo‘lmaydi. O‘ylashimizcha, poytaxtdan unchalik uzoqda bo‘lmaydi. Hamma uchun birdak qulay joy tanlanadi, deb o‘ylayman.

Onlayn bozor rivojlanishi qo‘rqinchlik xolat emas, butun dunyoda onlayn savdolar rivojlanmoqda. Xufiyona iqtisodiyotga buning aslo aloqasi yo‘q.

— Bozor o‘rnida bo‘shagan maydon taqdiri bo‘yicha yakuniy xulosaga kelinganmi?
— Yuqorida aytilgan tashrif bayonida Bosh vazir o‘rinbosari hamda Moliya vazirligiga «Iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozori» MCHJ o‘rnida loyiha qiymati 32,2 mln AQSH dollari bo‘lgan yangi turdagi avtomobillarga xizmat ko‘rsatish «Car Box Service» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hisob-kitoblarni qayta ko‘rib chiqib, taklif kiritish belgilangan.

O‘ylaymanki, ushbu loyiha ham mutasaddi tashkilotlarning mutaxassislari tomonidan har tomonlama puxta reja asosida qayta ko‘rib chiqilib, munosib taklif kiritiladi.

— Sergeli tumanini markaz bilan bog‘lashda tirbandliklarni kamaytirish maqsadida pullik yo‘l rejasi e’lon qilingandi. Tirbandlikning asosiy sababchisi yo‘qotilganidan keyin u loyihaning kelajagi nima bo‘ladi?
— Sergeli tumanidagi asosiy yo‘lning tirbandligiga avtobozor asosiy sababchi emas. Ma’lumki, Sergeli avtobozoriga asosan shanba va yakshanba kunlari xaridorlar ko‘p borgan. Ammo Sergeli tumanidagi asosiy yo‘lda shanba va yakshanbadan tashqari kunlarda ham tig‘iz paytlarda doim katta tirbandlik kuzatiladi.

Avtobozorning ko‘chirilishi bilan tumanga borib-kelishdagi tirbandlik muammosi qisman yechilgani bilan, to‘liq hal bo‘lib qolmaydi. Shu sababli Sergeli tumaniga olib boradigan yangi yo‘l qurilishi dolzarbligicha qoladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Sergeli avtomobil bozori qachon va qayerga ko‘chiriladi?