00:04 / 22.07.2020
3 134

Namanganda Shangan brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqariladi

Namanganda Shangan brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqariladi
Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati
Namangan viloyatining Chust tumani hududida joylashgan «Namangan» erkin iqtisodiy zonasida Shangan brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqarish loyihasiga start berildi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Mazkur erkin iqtisodiy zona Prezidentning 2018 yil 20 avgustdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, 681 gektar maydonni egallagan. Hozirda bu yerda umumiy qiymati 601 million dollarlik 18 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ulardan ikkitasi — «Chust tekstil» va «Ifoda agrokimyohimoya» korxonalari allaqachon o‘z faoliyatini boshlagan.

Xitoyning Shangan brendi ostida kichik yuk avtomobillarini ishlab chiqarish «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Loyihaga so‘nggi 10 yil davomida BAAning Ajman shahrida istiqomat qilib kelayotgan asli namanganlik tadbirkor Jobirxon Homidov tomonidan 800 ming dollar, 2 million dollar xorijiy investorlar ulushi va 3 million dollar bank krediti, jami 5,8 million dollar miqdorida investitsiya kiritilmoqda.

Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati
Namangan Shangan Motors MCHJ tomonidan loyihaning birinchi bosqichida yiliga 1800 ta 1-1,5 tonna yuk ko‘taradigan 4 xil rusumdagi avtomobil ishlab chiqariladi va 120 kishi ish bilan ta’minlanadi. Keyingi 3 yil davomida mahalliylashtirishni 50 foizgacha yetkazish va mahsulotning uchdan bir qismini BAA hamda Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Tadbirkorning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning o‘zida yiliga 20 mingtagacha shunday rusumdagi avtomobillarga ehtiyoj mavjud. Yaqin va uzoq xorij bozorlari inobatga olinadigan bo‘lsa, ishlab chiqarish ko‘lamini yanada kengaytirish imkoniyatlarini chamalash mumkin bo‘ladi.

Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati
«Shangan Motors tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga hozirning o‘zida talab va xaridorlar yetarli ekanligi kishini quvontiradi. Kelgusida bu yerda ehtiyot qismlari tayyorlanadigan boshqa korxonalar ham paydo bo‘lishi va yaxlit majmua yuzaga kelishi ayni muddao bo‘ladi», — dedi korxonaga tamal toshi qo‘yilishi marosimida ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov.

Korxonada 2021 yilning birinchi choragida ilk avtomobillar ishlab chiqarilishi boshlanishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Namanganda Shangan brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqariladi