09:30 / 22.08.2020
2 674

Prezident ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxini kamaytirish zarurligini ta’kidladi

Prezident ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxini kamaytirish zarurligini ta’kidladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 21 avgust, juma kuni Bektemir tumanidagi Cooperation LAB markazida hududlarda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda mamlakat sanoatida lokalizatsiyalashgan mahsulot hajmi atigi 4 foizni tashkil etmoqda. Shu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, endi davlat xaridlarida mamlakatda tayyorlangan mahsulotlarga ustuvorlik berilib, ishlab chiqarish yanada rag‘batlantiriladi.

Jumladan, tenderda ikkitadan ko‘p o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi mavjud bo‘lganda, faqat ularning mahsuloti qatnashadi. Shuningdek, mahalliy mahsulotlarga import tovarlarga nisbatan 15 foizlik narx preferensiyasi beriladi. Bundan buyon budjet hisobidan amalga oshiriladigan barcha xaridlarda mahalliy hokimiyat vakillari bevosita ishtirok etadi.

Yig‘ilishda shu kabi imkoniyatlarni ishga solib, lokalizatsiya va kooperatsiyani rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Avtomobil sanoatida import qilinayotgan 1712 turdagi butlovchi qismlarni mamlakatda ishlab chiqarib, valyuta xarajatlarini kamida 150 million dollarga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu mahsulotlarni o‘zlashtiruvchi hududiy korxonalarni aniqlab, ularda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish vazifasi qo‘yildi. Avtomobillar tannarxini kamaytirib, bozorda raqobatbardoshligini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Qishloq xo‘jaligi uchun kichik mexanizatsiya, uskuna va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish uchun talab ham, imkoniyatlar ham yetarli. Masalan, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlaridagi to‘la quvvatda ishlamayotgan korxonalar va servis bazalarida 120 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarish mumkin. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalariga sifatli xizmat ko‘rsatadigan xususiy servis korxonalari tashkil etish va ushbu sohada mutaxassis tayyorlash kerakligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati
Elektr texnikasi, avtomobil sanoati va qishloq xo‘jaligi o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish masalalari tahlil qilinib, tegishli vazifalar belgilandi.

«Tarmoqlar va hududlar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya bo‘lmas ekan, qo‘shilgan qiymat zanjirini va yangi industrial taraqqiyotni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari hisobot berdi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 21 avgust kuni Toshkent shahar Bektemir tumanida bajarilayotgan ishlar, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Davlat rahbari metall konstruksiyalar zavodiga, «Binokor» mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishlab chiqarish maydoniga, pishloq ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonaga, to‘qimachilik dastgohlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan korxonaga, «O‘zavtosanoat» tomonidan tashkil qilingan Cooperation LAB tarmoqlararo kooperatsiya markaziga tashrif buyurdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)