10:01 / 14.04.2021
1 985

Davlat organlari endi faqat o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomobil va maxsus texnikalarni xarid qilishi mumkin

Davlat organlari endi faqat o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomobil va maxsus texnikalarni xarid qilishi mumkin
O‘zbekiston Prezidenti «Davlat organlari va korxonalarini yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan 2021—2023 yillarda davlat organlari va korxonalari tomonidan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ularning rasmiy dilerlari hamda distribyutorlaridan xarid qilish ko‘rsatkichlari tasdiqlangan.

Ushbu ko‘rsatkichlarga ko‘ra:
  • 2021—2023 yillarda davlat organlari tomonidan jami 2770 ta texnikalar xarid qilinishi va ushbu maqsadlar uchun 1,934 trillion so‘m, shu jumladan, Davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan — 1,202 trillion so‘m, respublika budjetidan qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘lar hisobidan — 500,5 milliard so‘m, shuningdek, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan — 231,6 milliard so‘m yo‘naltirilishi;
  • 2021—2023 yillarda davlat korxonalari tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan jami 1488 ta texnikalar xarid qilinishi va ushbu maqsadlar uchun 1,236 trillion so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Belgilanishicha, xarid qilish ko‘rsatkichlarida nazarda tutilgan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikalari mahalliy ishlab chiqaruvchilar va ularning rasmiy dilerlari hamda distribyutorlaridan davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq sotib olinadi.

Moliya vazirligi ko‘rsatkichlarda nazarda tutilgan yengil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikalarini o‘z vaqtida va to‘liq hajmda xarid qilishni ta’minlash maqsadida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish xarajatlari uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan 2021 yilda respublika budjetidan qo‘shimcha 500,5 milliard so‘m ajratadi. Shuningdek, 2022 va 2023 yillar uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda zarur budjet mablag‘larini hisobga olish topshirilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Avto » Davlat organlari endi faqat o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomobil va maxsus texnikalarni xarid qilishi mumkin