14:47 / 16.08.2021
3 165

Barham topilishi kutilayotgan noto‘g‘ri amaliyot: “+5 km/soat” qoidasini barcha holatlarda qo‘llash nazarda tutilmoqda

Barham topilishi kutilayotgan noto‘g‘ri amaliyot: “+5 km/soat” qoidasini barcha holatlarda qo‘llash nazarda tutilmoqda
Haydovchi harakat tezligi 70 km/soat qilib chegaralangan hududda 91 km/soat tezlikda harakatlanib kelsa, unga 1 mln 225 ming so‘m jarima qo‘llanib kelinayotgani barchaga ma’lum. Aslida qonunchilikka ko‘ra, ushbu holatda “+5 km/soat” qoidasi inobatga olinishi, ya’ni harakatlanish tezligidan 5 km/soat ayirib tashlab, uning tezligi 86 km/soat deb hisoblanishi lozim. Biroq, ushbu noto‘g‘ri amaliyot orqali haydovchilar 245 ming so‘m o‘rniga 1 mln 225 ming so‘m jarimaga tortilmoqda.

Adliya vazirligi ishlab chiqqan qonun loyihasida MJtKga mazkur muammoni hal qilishga qaratilgan norma qo‘shish nazarda tutilgan.
Ya’ni, tezlikni oshirish huquqbuzarligi sodir etilganda, radar va transport vositasi spidometri ko‘rsatkichlaridagi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan jami nuqsonlar hisobga olinib, radar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlangan holda, ma’muriy jazo chorasi qo‘llash taklif etilyapti.

Kun.uz bu yangilik haqida batafsil ma’lumot olish uchun qonun loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Madiyarov bilan bog‘landi.

Uning aytishicha, loyihada taklif etilayotgan normaning mazmuni shundaki, masalan, harakat tezligi soatiga 70 kilometr deb belgilangan joyda, maxsus uskunalar (radar) orqali qayd etilgan avtotransport vositasining harakat tezligi soatiga 94 kilometrni tashkil etsa, undan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab, MJtKning 128-3-moddasi ikkinchi qismi (harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalik) bilan emas, balki birinchi qismi (harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalik) bilan javobgarlik chorasi ko‘riladi. Ma’lumki, moddaning birinchi qismida nisbatan kamroq jarima belgilangan.

Shuhrat Madiyarovning ta’kidlashicha, qonunchilikka kiritilayotgan mazkur yangilik orqali, haydovchilarning javobgarligi bekor qilinayotgani yo‘q, balki faqatgina tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar va avtotransport vositalari spidometrlari ko‘rsatkichlaridagi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan jami nuqsonlar hisobga olinib, adolatli chora ko‘rilishi belgilanmoqda.

Ma’lumki, bungacha ham qonunchilikda shunday mazmundagi norma mavjud edi. Ushbu normani kodeksga kiritishga nima turtki bo‘lgani haqidagi savolimizga adliya rasmiysi rostdan ham amalda shunday mazmundagi norma mavjudligini, biroq amaliyotda mazkur norma faqatgina haydovchi avtotransport vositasining tezligini muayyan yo‘l uchastkasida o‘rnatilgan cheklangan tezlikdan, ya’ni soatiga 50, 70 yoki 100 kilometrdan oshirib yuborganda, ya’ni cheklangan dastlabki 20 km/soat doirasidagina qo‘llanib kelinganini bildirdi.

“Loyihada ko‘zda tutilgan norma amaliyotga kiritilgandan so‘ng, mazkur holatda va boshqa har qanday holatda harakat tezligidan soatiga 5 kilometr ayirib tashlangach, uning xatti-harakati yuqoridagi moddaning tegishli qismlari bo‘yicha malakalanadi.

Savolning ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsak, fuqarolardan kelib tushgan o‘rinli e’tirozlar va takliflar hamda qonunchilik hujjatlarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llashni ta’minlash ushbu normani Kodeksga kiritishga asos bo‘ldi”, – deydi bo‘lim boshlig‘i.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Barham topilishi kutilayotgan noto‘g‘ri amaliyot: “+5 km/soat” qoidasini barcha holatlarda qo‘llash nazarda tutilmoqda