18:29 / 25.09.2016
6 928

Kinotaqriz: Xotirani-da xuruj qildiradigan ishq qissasi…

Kinotaqriz: Xotirani-da xuruj qildiradigan ishq qissasi…

Jurnalist O‘tkir Jalolxonov o‘z kinotaqrizida o‘zbek kinoixlosmandiga jahon kinosi namunalaridan birini tavsiya etadi.

Ish kuni oxirlaganda odam shunchalik charchab ketdiki… Ish charchatmadi, qayoqqa qarasang, portlagan, yongan, o‘ldirilgan. Yomon xabarlardan odamning miyasi portlab ketay deydi. Tun yarmiga yaqinlashib qolgan, hamon ishxonada edim. Hayot go‘zalliklarini unutayozgan xayolimga yordam berar deb Google’ga murojaat qildim. Yangiliklar bo‘limini tanlab, qidiruv maydoniga qadrdon ismni yozdim: Juzeppe Tornatore. Google shunday katta xushxabar berdiki, hamma yomon narsalar yoddan ko‘tarildi: Juzeppe Tornatore yangi film ishladi. Asar (bu ijodkorning har bir kinosi asar degulik) bir oycha ilgari rus tiliga o‘girilgan ekan. U haqida yozilgan ikki qator gapning o‘zi qanchalik ajoyib ekanini ko‘rsatib turardi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Axir uni “Juzeppe aka” ishlagan-ku! Shu kundan halovat qochdi. Na ishda unum bo‘ldi, na yurish-turishda. Film xayoldan ketmadi. Ruscha nomi “Dvoe vo vsellennix” (La Corrispondenza). Ikki-uch kundan keyin topdim. Hayajon bilan ekranga tikildim va … Anchadan beri yaxshi kino nima ekanini unutib qo‘yganim uchun qalbim orom topdi. Shunday ijodkorlar borligiga shukur. Har qanday asari san’atni bezab turadigan kinochilar bor ekani ne’matdir-da?! “Pianinochi haqida afsona” (Bosh rolda Tim Rot o‘ynagan), “Hammasi ko‘ngildagidek” (Bosh rolda Marchelo Mastroyani), “Malena” (Bosh rolda Monika Beluchchi), “Yangi Paradizo kinoteatri” va “Eng yaxshi taklif” kabi ajoyib filmlari ko‘ngillarga kirib borgan Juzeppe Tornatorening bu galgi filmi xayol, muhabbat va xotiraning yoqimli xuruji haqida…

Kimnidir sog‘insagiz‑da, uni ko‘rishga imkon bo‘lmasa, yolg‘izlikni xohlaysiz. Iloji bo‘lsa, suv jildirab turgan yoki mashinalarning shovqini uzoqdan eshitilib turgan qop-qorong‘u daraxtzor. Yurak faqat bir narsani xohlaydi: o‘ylashni, xayol surishni. Sog‘ingan insoningiz haqida kulib, yig‘lab, er tepinib, osmonga, yulduzlarga qarab o‘ylagingiz keladi. Xuruj qiladi… Xayol xuruj qiladi, xotiralar, insonni kul qilib yuboradigan qarashlar xuruj qiladi. Mana shu xotiralardan ajralib qolishni tasavvur eta olasizmi? Doim yoningizda bo‘lishini istaganingiz, sevganingiz, ko‘z ochib ko‘rganingizga aylanmasa‑yu, uni faqat ko‘zlarni yumib ko‘rsangiz, xotiralardan bo‘lak u bilan bog‘laydigan hech narsangiz bo‘lmasa… Oxir-oqibat, mana shu xotirotlardan ham ayrilishni tasavvur eta olasizmi? Bu juda og‘irku?!..

Filming bosh qahramoni yoshgina, chiroyli qiz (Juzeppe akaning filmlarida uzoqdan ko‘rinib ketadigan ayol ham chiroyli bo‘lishiga alohida e’tibor beriladi). U filmlarda murakkab sahnalarni ijro etadi. Xullas, kaskadyor. Qizning sevgilisi yoshi undan ancha katta bo‘lgan fizik olim. Doim safarlarda, konferensiyalarda yuradi, lekin qizni bir soniya ham yodidan ko‘tarmaydi. Unga har kuni videoxabar yuborib turadi. Qizni shunchalik yaxshi biladiki, u qachon nima qilishi‑yu, uyg‘onganda qanday qiliqlar qilishigacha yoddan biladi. Har kuni kutilmagan syurprizlar qilib, qizni xursand qiladi.

Bir kuni qiz universitetda, fizika darsida o‘tirgan bo‘ladi va o‘qituvchi barchadan mashhur fizik olim halok bo‘lgani munosabati bilan bir daqiqa sukut saqlashni so‘raydi. Ekranda esa ... qizning sevgilisi professorning surati paydo bo‘ladi. Hammasi shundan boshlanadi. Qiz bunga ishonmaydi, chunki sevgilisi unga har soatda videoxabar yuborib turgan edi. Bu xabardan shokka tushib, Londonda o‘qiydigan olimni qidirib, Edinburgga jo‘naydi. Sevgilisining uyi oldiga kelganida telefoniga xabar keladi: “Agar seni rostdan ham yaxshi bilsam, sen hozir Edinburgdagi uyim oldidasan”. Qiz alqdan ozay deydi. Butun shahardagi qabristonlarni kezadi va sevgilisi rostdan ham o‘lganini biladi. Biroq xabarlar kelishdan to‘xtamaydi. Undan har kuni smslar, videoxabarlar kelaverishi qizni telbaga aylantiradi. Chunki u qiz qayerda ekanini aniq bilar va ayni vaqtda nima qilayotganigacha aytib berardi. Bu hech qanday mo‘’jiza emas, shunchaki … ma’shuqasini juda yaxshi bilardi.

Kunlarning birida qiz barchasini aniqlashtiradigan xat oladi: “Joningga tegib ketganimni bilaman. Agar xatlar va sovg‘alar kelishi to‘xtashini xohlasang, mening elektron pochtamga ismimni 11 marta yozib yubor va hammasi tugaydi”. Asabiylashib turgan vaqtida qiz shunday qiladi ham. Lekin… endi u uchun haqiqiy jahannam boshlanadi. Sevgilisidan kelib turgan xatlar, videolar, sovg‘alar to‘xtab qoladi. … U bedavo dardga chalinganini bilgani uchun hayotining oxirgi ikki oyini sevgilisiga sms va videoxabar yozish bilan o‘tkazgandi. U tayyorlagan syurprizlar bir necha yilga etgulik bo‘ladi. Texnika bilan “na tы” bo‘lgan olim pochta xizmati va do‘stlariga kerakli topshiriqlarni bergan, pochtasiga sevgilisi tomonidan ismi 11 marta yozilgan xabar yuborilsa, barcha xatlar yuborilishi to‘xtaydigan sistema yaratgandi.

Qiz o‘sha kundan hayotidagi barcha narsani unutadi va sevgilisi yozgan xatlar, videolavhalar kelishini tiklash haqida o‘ylaydi. Uning barcha do‘stlarini, unga xat yuborgan pochta xizmatlarini oyoqqa turg‘azadi, lekin pochtaga yuborilgan xabardan keyin barcha jo‘natmalar ortda qaytarilgan edi.

Hayotdan to‘yib ketgan qiz bir kuni sevgilisining pochtasiga o‘zining ismini 11 marta yozib yuboradi va … Va hammasi yana tiklanadi. Sevgilisidan telefoniga videoxabar keladi: “Yarashib olganimizdan xursandman, endi yana senga xabar yozishim mumkin”. Shundan keyin yana xatlar kela boshlaydi. Qizning xotira xuruji bosiladi… Dengizga qarab sevgilisining videoxabarini tomosha qilayotgan qiz tasviri bilan film tugaydi…

Haqiqiy san’at asarini sog‘inganlar, takrorlanmas ijodkor Juzeppe Tornatorening navbatdagi shedevr filmini ko‘rsangiz, afsuslanmaysiz.


O‘tkir Jalolxonov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Kinotaqriz: Xotirani-da xuruj qildiradigan ishq qissasi…