09:35 / 19.12.2016
42 137

Ozoda Nursaidova: “Uzoq vaqt menga Shavkat Mirziyoyev nomidan do‘q-po‘pisa qilib, qo‘rqitib kelishgan”

Ozoda Nursaidova: “Uzoq vaqt menga Shavkat Mirziyoyev nomidan do‘q-po‘pisa qilib, qo‘rqitib kelishgan”

Ozoda Nursaidova (Saidzoda): Barcha muxlislarimga o‘zimning cheksiz hurmatim va minnatdorchiligimni bildirgan holda mamlakatimizda har tomonlama ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar bilan chin yurakdan tabriklayman. Sir emaski, mamlakatimiz mustaqilligining ilk yillaridan birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan odilona siyosat natijasida davlatimiz misli ko‘rilmagan darajada rivoj topdi. U kishning xalqimiz va davlatimiz uchun qilgan savob ishlarining chek-chegarasi yo‘q, albatta. Alloh oxiratlarini obod qilib, joylarini jannatda qilsin. Yurtimiz katta judolikni boshidan o‘tkazgan bo‘lishiga qaramasdan o‘ta ma’suliyat bilan Prezidentlik saylovlarini ham o‘tkazib oldi. Davlat rahbari sifatida xalqimiz har tomonlama munosib nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev timsolida o‘z istoqbolini ko‘ra oldi va ko‘p ovoz bilan o‘z liderini tanladi. Chunki u kishi tomonidan ko‘plab sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va xalq bilan bo‘lgan muloqotning yuqori darajaga ko‘tarilishi tahsinga sazovor bo‘lyapti. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishim kerakki, san’atda ilk professional sahnaga qadam qo‘ygan kezlarimda Sh.Mirziyoyevning kamtarin, ochiqtabiat va etuk rahbar ekanliklariga bir necha bor guvoh bo‘lganman. Biroq, dengiz hamisha bir maromda turmaganidek, inson hayotida ham turli xil past balandliklar, sokinlik va jo‘shqinliklar kuzatilar ekan… Bir paytlar hayotimdagi yuz bergan ko‘ngilsiz hodisalar ayrim kimsalar tomonidan turlicha talqin qilinayotganini guvohi bo‘lyapman. Turli mish-mishlar va ochiq qolayotgan ba’zi savollarga barham berib, juda qisqa tarzda vaziyatga oydinlik kiritib ketmoqchiman… Ta’kidlashim lozimki, Shavkat Miromonovichning nomlarini sotib, u kishining xalq orasidagi hurmat-e’tiborlaridan shaxsiy manfaatlarida foydalanish evaziga boylik orttirishni kasb qilgan ayrim kimsalar sabab, hayotimda turli muammoli vaziyatlar yuzaga keldi. Deyarli bir umr peshona teri qilib topganlarimni o‘zlashtirib qaytib bermaslik uchun Bosh Vazir nomi bilan qo‘rqitib menga bosim o‘tkazib kelishdi. Yana kamiga bu yashab turgan uyingizga kelib o‘z manfaatlari yo‘lida vayron qilmoqchi bo‘lsada, va yana mamlakat Bosh vazirining nomini aralashtirishsa, qay ahvolga tushasiz?! Kimdan yordam so‘raysiz? Bunday holatni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Vaqt o‘tishi bilan ushbu jumboq o‘z echimini topdi. Yuqoridagi vaziyat men orkali Shavkat Miromonovichni obro‘sizlantirishga bel bog‘lagan kimsalarning o‘zaro ayyorona rejasi bo‘lganligi ma’lum bo‘lmokda. Boshimga bu kunlarni solganlarga ham Xudo bor albatta! Kezi kelganda ushbu vaziyatga chinakam mardlarcha, bag‘rikenglik va oliyjanoblik bilan yondoshganliklari uchun Shavkat Miromonovichdan minnatdorman va yuzaga kelgan vaziyat uchun uzr so‘rayman. Men bir oddiy qo‘shiqchiman va qolaversa orqasida Allohdan boshqa xech kimi yo‘q oddiy ojiza ayolman. Meni hech qanday siyosiy ambisiyalarim bo‘lmagan va hech qachon siyosiy maydonga yaqinlashishga intilmaganman. Yozganlarimni noto‘g‘ri talqin qilishga urinmasliklarini so‘rardim. Turli mish-mishlar va shov-shuv ko‘tarishga o‘rin yo‘q. Men o‘z Vatanimdaman va chet mamlakatlarga el qatori sayoxat yoki dam olish uchun borib kelib turibman. O‘z yurtimni sevaman va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning hozirgi kunda olib borayotgan siyosatlarini bir fuqaro sifatida qo‘llab quvvatlayman. Mana kelayotgan yil «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» — deb e’lon qilindi va bu borada yurtdoshlarimizga ko‘p yengilliklar yaratilyapti. Yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikka, har tomonlama erishilayotgan farovonligimizga ko‘z tegmasin.

Manba: Sayyod.com

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozoda Nursaidova: “Uzoq vaqt menga Shavkat Mirziyoyev nomidan do‘q-po‘pisa qilib, qo‘rqitib kelishgan”