20:01 / 23.09.2022
1 288

Turkiya Ukraina hududida o‘tkazilayotgan referendumlarni noqonuniy deb baholadi

Turkiya Ukraina hududida o‘tkazilayotgan referendumlarni noqonuniy deb baholadi
Turkiya tashqi ishlar vazirligi tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hamda Ukrainaning Xerson va Zaporojes viloyatlarini Rossiya Federatsiyasiga qo‘shish maqsadida o‘tkazilayotgan referendumlarga munosabat bildirdi.

«Biz Ukrainaning Rossiya nazoratida bo‘lgan ayrim hududlarida bir tomonlama referendumlar tashkil qilishga urinishlardan xavotirdamiz. Bunday noqonuniy xatti-harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmaydi. Aksincha, ular diplomatik muzokaralarni jonlantirish yo‘lidagi harakatlarga to‘sqinlik qiladi va beqarorlikni yanada kuchaytiradi», – deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, rasmiy Anqara 2014 yilda Qrim noqonuniy ravishda Rossiyaga qo‘shib olinganida bayon etilganidek, Ukrainaning hududiy yaxlitligi, mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashda sobitdir.

«Biz davom etayotgan urushni tegishli maqsadlar asosida, tinch muzokaralar yo‘li bilan to‘xtatish borasida barcha kerakli ko‘makni ko‘rsatishga shay ekanimizni yana bir karra tasdiqlaymiz», – deyiladi Turkiya TIV bayonotida.

Avval xabar berganimizdek, bir necha kun avval tan olinmagan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hamda Ukrainaning Xerson va Zaporojes viloyatlarini Rossiya Federatsiyasiga qo‘shish maqsadida referendumlar o‘tkazilishi rejasi e’lon qilindi. Referendumlar 23-27 sentyabr kunlariga belgilanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 21 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq Ukrainaga tegishli bo‘lgan Donetsk va Lugansk hududlarini alohida respublika sifatida tan olish haqidagi farmonga imzo chekkan edi. O‘shanda ham Anqara Moskvaning bu qarorini nomaqbul deb atagan va Ukrainaning siyosiy birligi va hududiy yaxlitligini saqlashga sodiqlik izhor etgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiya Ukraina hududida o‘tkazilayotgan referendumlarni noqonuniy deb baholadi