18:21 / 04.12.2017
4 189

Finalga oz qoldi. Prokuror Ulyukayevga 10 yil so‘radi

Финалга оз қолди. Прокурор Улюкаевга 10 йил сўради
Prokuror Rossiya sobiq iqtisodiy rivojlanish vaziri Aleksey Ulyukayevni “hukumatga ishonchning yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan” poraxo‘rlik holati uchun 10 yil qattiq rejimdagi koloniyada ozodlikdan mahrum etish va 500 million rubl miqdoridagi jarimaga tortishni so‘radi. Bu haqda «RIA Novosti»ga tayanib «Kun.uz» xabar berdi.

Ayblovchi Boris Neporojniyning fikricha, Ulyukayevni xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi unvoni, lavozim darajasi, “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni va boshqa davlat mukofotlaridan mahrum etish lozim.

So‘ralgan jazo muddati ancha katta ekaniga qaramay, bu barcha jazolar ichidagi eng qattig‘i emas: Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi poraxo‘rlar uchun maksimal 15 yillik qamoqni nazarda tutadi. Bunga prokuraturaning ayblovni biroz yumshatish, “pora talab qilish” bo‘yicha eslatmani olib tashlash va “olish”ning o‘zini qoldirish bo‘yicha iltimosi ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

"Sudlanuvchi o‘z xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilib, pora talab etgan, u shu bilan hukumatni sharmanda qildi va unga ishonchning yo‘qolishiga olib keldi. Uning pulga ehtiyoji bor edimi? U nafaqat moddiy qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazmagan, balki sariyog‘dagi pishloq kabi yashagan", - degan prokuror.

Himoyaning sobiq vazir sumkada pullar emas, balki vino bo‘lgan, deb o‘ylagani haqidagi versiyasi esa prokurorning kulgisini qistatdi: "Ulyukayev sumkada vino emas, balki kartoshka bo‘lgan deb o‘ylaganini ham aytishi mumkin edi. Buning ustiga bu og‘irlik bo‘yicha ham mos kelgan".

"U jinoyat ustida qo‘lga tushganini tushunib, o‘zini provokatsiya qurboni sifatida ko‘rsatishga harakat qildi", - deya hisoblaydi davlat ayblovchisi.
Neporojniyning alohida ta’kidlashicha, Rossiya hukumati a’zosi ishdan tashqari vaqtida tijorat tashkilotiga kelgan. Bu holatning o‘zi turli taxminlarni keltirib chiqarishi mumkin, deb hisoblagan ayblovchi.

Ayblov tomonining asosiy guvohi sifatida general Oleg Feoktistov ishtirok etdi. U pul berish paytida "Rosneft" xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan. Pullarni Ulyukayevga bergan kompaniya rahbari Igor Sechinning ko‘rsatuvlari qisman hisobga olindi, sababi Sechin sudga kelmadi.

Yuqoridagi generalni so‘roq qilish yopiq rejimda bo‘lib o‘tdi, biroq prokuror bu borada ba’zi tafsilotlarni keltirdi. Xususan, Feoktistov bo‘lajak pora uchun pullarni “Rosneft”ga olib kelishgani va u yerda maxsus qulfli sumkaga solishganini, uning kalitiga esa avvaldan reagent yordamida ishlov berilganini aytib o‘tgan.

Prokuror Sechin va Ulyukayevning suhbatlari audio hamda videoyozuvlariga, ekspertiza natijalariga tayangan. "Ekspertlar suhbatda avvaldan topshiriqni bajarish bo‘yicha kelishuv va buyumlarni shartlashilgan miqdorda hamda hajmlarda topshirish bo‘yicha belgilar borligini aniqlashdi", - deya ma’lum qildi prokuror.

Himoya tomonidan taklif etilgan ekspert esa Sechin va Ulyukayev pora haqida so‘z yuritishgani haqida aniq xulosa chiqarish mumkin emasligi, kimga ishonish kerakligini esa sud hal qilishini ma’lum qildi.

Himoyachi Moskva shahrining Zamoskoversk sudidan sobiq iqtisodiy rivojlanish vazirini oqlashni so‘ragan.

"Ulyukayev Sechindan "Bashneft" aksiyalarini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuv borasida ijobiy xulosa berish uchun pora talab qilishi mumkin emasdi", - dedi himoyachi Timofey Gridnev.

Uning ta’kidlashicha, "Bashneft"ni xususiylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilish Ulyukayevning vakolatiga kirmagan. Shu tariqa, himoyaning fikricha, sobiq vazir kelishuvga hech qanday ta’sir ko‘rsata olmasdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Finalga oz qoldi. Prokuror Ulyukayevga 10 yil so‘radi