20:20 / 05.02.2018
5 373

Xabarovskdagi namanganlik muhojir: «O‘zbekistonda 10 yildan ortiq tadbirkorlik qildim. Hozir Rossiyada qorovulman» (video)

Xabarovskdagi namanganlik muhojir: «O‘zbekistonda 10 yildan ortiq tadbirkorlik qildim. Hozir Rossiyada qorovulman» (video)
«Daryo» internet-nashri «Muhojirlar hayoti» loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshimizning fikrlarini e’lon qildi. Mazkur monolog — Rossiyaning Xabarovsk shahrida qorovullik qilayotgan namanganlikning fikrlari (uni «Daryo» muharriri Dilshod Sharipov yozib oldi). Muhojirning iltimosiga ko‘ra, ismi-sharifi va uning shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilmadi, matn juz’iy tahrirlarga uchradi.

Namangandanman, yoshim 30 da. 2006 yili kollejni axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha tamomlaganman. Institutda o‘qimaganman.

2003 yili, maktabni bitirishim bilan ish boshlaganman. Taklifnoma, tashrif qog‘ozchalari, kserokopiya, rasm chiqarish, fotomontaj, matn terish, blanka chiqarish va shunga o‘xshash kompyuter xizmatlari ko‘rsatardim. Bu ish bilan 10 yildan ko‘p shug‘ullandim, kuniga 100 ming so‘m pul topardim. Ishim yaxshi ketayotgandi. Ammo 2014 yili men ijarada o‘tiradigan joy buzilib, zamonaviy qilib qaytadan qurildi.

Bir yildan ko‘proq ishsiz qolib ketdim. Yashab turish uchun kompyuter va printerlarimni sotib yubordim. Bino qayta qurilgach, ijara haqi 500 dollar qilib belgilandi — avvallari atigi 150 ming so‘m edi. Nima bo‘lganda ham, ishim yaxshi edi. Shu bois, ijara haqi qimmatligiga qaramay, oyiga 500 dollar to‘lashga rozi bo‘lib, joy oldim. Oilam, o‘g‘limni tashlab, o‘zga yurtga ketishga ko‘zim qiymadi.

Ijara haqini to‘lash uchun ishga avvalgidan ham kattaroq pul tikish kerak edi. Kredit olmoqchi bo‘lib bankka borsam, ular yangi chiqqan avtomobilni garovga qo‘yish kerakligini aytishdi. Agar shunday mashinam bo‘lsa, kredit so‘rab bankka bormasdim. Boshim qotdi. Shundan keyin qo‘lida puli bor, biznes qilish niyatidagi ayol bilan sherikchilikka ish boshlamoqchi bo‘ldim. Qo‘limga 3 million so‘m va 1300 dollar berdi — o‘sha paytlarda buncha dollar 4 million so‘m atrofida pul bo‘lardi. Ishga to‘liq kirishish uchun bu pul kam edi. Sherigim kerakli pul ikki oy ichida bo‘lishini aytdi. Ishni boshlab qo‘ygandim. Ikki oy ishlamay, bekorga ijara haqi to‘lab o‘tirolmasdim. So‘ng bir qattiq xato ish qilib qo‘ydim — sudxo‘rdan 2500 dollar pul oldim.

Kuniga faqat 2-3 soat elektr bo‘lardi, qolgan vaqt xaridorlar qaytib ketardi. Axir elektrsiz kompyuteru printerlar ishlamaydi. Avvalgi joyimda ham elektr mana shunaqa kam vaqt berilardi, lekin unda ijara haqi bu qadar qimmat emasdi. Bu orada boyagi sherik ayol pulini so‘ray boshladi. Ijara uchun 500 dollar, sudxo‘rga esa asosiy qarzdan tashqari oyiga 150 dollar pul berishim kerak edi. Ishni o‘z pulimga boshlaganimda o‘nglanib ketardim, lekin bu ahvolda qarzga botishni boshladim.

Bir yilcha ishladim. Aksiga olib, o‘sha yili dollarning bozor kursi ham osmonga ko‘tarilib ketdi. Boshida qarzga olgan pullarimni so‘mga almashtirganimda, 15 million so‘m bo‘lgandi. Kurs ko‘tarilib ketgach, 35 million so‘m qaytarishim kerakligi ma’lum bo‘ldi. Qarzga pul berganlar kelaverib, ishlagani qo‘ymay, jonimdan to‘ydirib yubordi. 15 oyda sudxo‘rning 2500 dollar pulini 4750 dollar qilib qaytardim. Ammo sherikchilikka ishlayman degan ayoldan hali qarzdor edim. Ishimni to‘xtatdim.

Ayol kishidan va sudxo‘rdan zinhor pul olmaslik kerak, degan qarorga keldim. Boshqalarga ham shuni maslahat beraman. Lekin nima qilib bo‘lsa-da qarzlarni qaytarishim kerak edi. 2016 yil aprelida do‘stlarim bilan Qozog‘istonga yo‘l oldim. Olmaotadagi g‘isht zavodida oyiga 400 dollarlik ish borligini aytishgandi, 35—40 kishi bo‘lib bordik. U yerdan uyga faqat 500 dollar jo‘nata oldim, xolos. O‘sha yili yozda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lib, g‘ishtlar erib ketaverdi. Zavod bankrot bo‘ldi, qolgan pullarimizni bera olmadi. Avgustda zavodni migratsiya xizmati «bosdi», so‘ng bizni deportatsiya qilishdi.

Namanganga qaytib, bir oycha uyda o‘tirdim. 2016 yil oktyabrida 225 dollarga aviachipta olib, Farg‘ona orqali Rossiyaning Xabarovsk shahriga uchib ketdim. U yerga bir do‘stim chaqirgandi. Aeroportdan meni ish beruvchining o‘zi mashinada olib ketdi — do‘stim shu ish beruvchining dachasida ishlardi, men esa xo‘jayinning mebel sexida 2017 yil martigacha «kochegar»lik qildim. Rus tilini bilmaganim uchun ancha qiynaldim.

Sexdan ketgach, bir necha oy ishsiz yurdim. Oxirgi maoshimni uyga yubormagandim, shu pulga yashadim. Do‘stim bir oylik ijarasi 5 ming rubl bo‘lgan kvartira topib berdi. O‘sha yerda Jenya ismli qo‘shni bola bilan oyiga 8-9 marta qor kuragani chiqdik — uylar, korxonalar atrofida bir kun qor kuraganimiz uchun 1000 rubldan berishardi. Orada bir ish ham topdim, lekin rus tilini bilmaganim sabab, ishga olishmadi.

Iyul oyida do‘stim meni bazaga qorovul qilib joylashtirib qo‘ydi. Hozir shu yerda ishlayapman. Bu yerda rossiyalik uch qorovul ham bor. Boshliqlarimning muomalasi yaxshi. Ruschani ham biroz o‘rgandim. Ishda qiyinchilik yo‘q. Tunda bazani bir aylanib, tekshirib qo‘yaman. To‘rtta it bor, ularga ovqatini beraman. Kechqurun chiroqlarni yoqib, kunduzi o‘chiraman. Ishim shu. Qolgan vaqt bazada yashashim uchun ajratilgan joyda kino ko‘rib yotaman. Maoshim — 250 dollar.

Bazada omborxonalar va katta muzlatgichlar bor. Tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini shu yerda saqlaydi. Ularning mahsulotini omborga yuklashga yordam beraman. Bunga bir soat ham vaqt ketmaydi, evaziga 800—1000 rubl atrofida pul olaman. Bunaqa ish oyiga 10—12 marta bo‘lishi mumkin. Maoshim va qo‘shimcha daromadimni bir qilib, oyiga 500 dollar pulni uyga jo‘nataman.

Hozir 300—400 dollar atrofida qarzim qoldi. Rossiyada yana bir yil ishlamoqchiman. So‘ng O‘zbekistonga qaytib, o‘z pulimga ish boshlayman. Ruschani bilmasligimdan juda ko‘p pand yedim, shuning uchun, o‘g‘lim ham kelajakda men kabi qiynalmasligi uchun, uni rus bog‘chasiga berdim. Farzandim 4 yoshdan oshdi. Xudoga shukr, rus va ingliz tilida gapirishni biroz o‘rganib olibdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xabarovskdagi namanganlik muhojir: «O‘zbekistonda 10 yildan ortiq tadbirkorlik qildim. Hozir Rossiyada qorovulman» (video)