11:35 / 31.03.2018
4 110

Yig‘lab-yig‘lab o‘qiysiz... Chempionning og‘ir qismati

Yig‘lab-yig‘lab o‘qiysiz... Chempionning og‘ir qismati
Kechagina o‘zining olamshumul natijalari bilan hammani hayratda qoldirayotgan yoshgina yigit nogiron bo‘lib qoldi...
Foto: «youtube.com»

Bundan 42 yil muqaddam mashhurlikning cho‘qqisida bo‘lgan sportchi birdaniga, bir kunda sportdan butunlay ketdi. Albatta, ko‘pchilik sportchilar shunday qilishadi, buning hech hayron bo‘ladigan joyi yo‘q. Ammo bu sportchining yutuqlariga e’tibor bering: 11 karra jahon rekordchisi, 17 karra jahon chempioni, 13 karra Yevropa chempioni, 7 karra sobiq ittifoq chempioni...

1976 yilning 16 sentyabri. Yerevan ko‘chalaridan birida trolleybus yo‘ldan chiqib ketib, suv to‘la to‘g‘onga ag‘anadi. 92 nafar yo‘lovchi qutiga qamalib cho‘kib ketdi. Ularning barchasini juda azobli o‘lim kutardi. Ammo suv ostida suzish bo‘yicha bir necha marta chempionlikni qo‘lga kiritgan Shavarsh Karapetyan shu yaqin atrofda ukasi bilan yugurishni mashq qilayotgan edi. U bir lahza ham o‘ylanmay o‘zini muzdek suvga otdi...

Keyinchalik mutaxassislar uning harakatlarini tahlil qilib chiqadilar va biror kishi bunday qahramonlikni qaytara olmasligiga amin bo‘ladilar. Shavarsh o‘n metrli suv ostiga sho‘ng‘iydi, mutlaq qorong‘ilik ichida trolleybusning oynasini tepib sindiradi. 20 daqiqa ichida u suvga o‘ttiz martacha sho‘ng‘ib 20 kishini qutqarib qoladi. Aslida qutqarilganlar soni ancha ko‘p edi. Lekin ularning ko‘pchiligi o‘lib bo‘lgan yoki suvdan chiqarilganiga qaramay hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagandi.

Shavarsh cho‘kkanlarni suvdan olib chiqar va ukasiga uzatar, ukasi ularni qayiqqa olar va qirg‘oqqa yetkazib berardi. Shu tarzda cho‘kkanlarning teng yarmi — 46 kishi olib chiqildi va ularning faqat 20 nafarigina tirik qoldi.

Chempionni kuzatib turganlar uning badani sovuqdan ko‘karib ketgani, terisi oyna siniqlaridan tilinib ketganini ko‘rib turishar, ammo birortasi yurak yutib unga yordam berolmasdi. 20 daqiqa ichida uning organizmi butunlay holdan toydi va o‘zi ham yordamga muhtoj holga keldi. Mudhish natija ko‘p kuttirmadi: ikki tomonlama zotiljam, qonning umumiy zararlanishi... Shifokorlar 45 kun kurashib, uning hayotini arang saqlab qolishdi. Ammo endi katta sportga qaytish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Shunga qaramay, tanasidagi chandiqlar harakatini cheklashini yengib, 400 metrga suzish bo‘yicha yana bir rekord o‘rnatdi. Lekin kuchli og‘riqlar yana bezovta qila boshlagach, sportni tark etdi.

Kechagina o‘zining olamshumul natijalari bilan hammani hayratda qoldirayotgan yoshgina yigit nogiron bo‘lib qoldi...

Keyinchalik undan «Eng qiyini va qo‘rqinchlisi nima edi?» deb so‘raganlarida Shavarsh shunday javob bergan:
— Har qancha tayyorgarlik ko‘rganimga qaramay mening kuchim ma’lum marta sho‘ng‘ishga yetardi. Ammo o‘sha sho‘ng‘ishlar ham to‘la natija bermadi. Men suv ostidagi zulmatda kimning o‘lik yoki tirikligini aniqlay olmasdim. Deyarli hamma hushdan ketib bo‘lgandi. Sho‘ng‘ishlarimning birida men charmdan tikilgan yostiqni ko‘tarib chiqqanman. Bir insonning hayoti o‘rniga jonsiz yostiq... Bu shunchalar alamli ediki, haligacha tushlarimga kirib chiqadi va men o‘zimni kechira olmayman!

Karapetyan Sochi olimpiadasi mash’alasi bilan. Foto: sport-express.ru
Rekord natijalari bilan dunyoni lol qilgan sportchi shu tarzda o‘z faoliyatiga nuqta qo‘ydi. Lekin buning uchun uni ayblashga kimning tili boradi?! Axir aynan mana shunday qahramonlarni yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatish, shunday yigit-qizlarni tarbiyalash kerak emasmi?! Bunday qahramonlik unutilishi mumkinmi?

Hozir Shavarsh Karapetyan Moskvada yashaydi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Uning kosiblik ustaxonasi, bir necha kafesi bor.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yig‘lab-yig‘lab o‘qiysiz... Chempionning og‘ir qismati