15:56 / 29.05.2018
4 567

Yapon ayoli: "Mening Islomni qabul qilish hikoyam"

Япон аёли: "Менинг Исломни қабул қилиш ҳикоям"
Ko‘zlaringizni yuming va quloq soling: «Terrorizm, radikalizm, qurollangan va qora matoga burkanganlar e’tiqodsizlarni o‘ldirmoqdalar. Erkinliklari cheklangan va o‘ranib olgan ayollar». Endi ko‘zlaringizni oching. Bu so‘zlar bilan ta’riflangan olamni qanday tasavvur qildingiz? Bu tasavvuringiz ommaviy axborot vositalari bilan bog‘langanmi?…

Insonlar ko‘pincha mening yapon ayoli ekanimga ishonmaydilar.

– Sen qayerdansan, – deb so‘raydilar.

– Men yaponiyalikman, – deb javob beraman.

Boshimdagi romolni ko‘rib:

– Rostdanmi, ha, bu hoynahoy turmush o‘rtog‘ingning yurtida an’ana bo‘lsa kerak-a, – deyishadi.

Insonlar bilan bo‘ladigan suhbatlarim doim shu yo‘sinda boshlanadi. Ularning men haqimdagi fikrlariga juda qiziqaman.

Men muslima bo‘ldim. Va hozir nega Islomni tanlaganim va bir yapon ayoli o‘laroq Islomni qanday ko‘rishimni hikoya qilib bermoqchiman.

Avvalo aytmoqchimanki, dunyo musulmonlari soni bugun jadal o‘smoqda. 2050 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,8 milliardni tashkil qiladi. Bu sayyora aholisining uchdan bir qismi degani, ya’ni har uchinchi inson musulmon bo‘ladi. Mazkur statistika faqatgina musulmonlarning ko‘p farzand ko‘rishlari bilan bog‘liq emas. Balki sayyoramizda dinlararo eng katta qiziqish Islomga bo‘lgan qiziqish ekani va uni qabul qiluvchilar sonining keskin ortayotgani bilan bog‘liq.

Barcha buddaviylar singari men ham Buddaga va Shinto sanamlariga sig‘inar edim. Mana hozir muslimaman. Ko‘pchilik salbiy baholayotgan bu din nimasi bilan meni jalb qildi? Bu AQShdagi talabalik yillarim bilan bog‘liq. U yerda «erkinlik»dan huzur qilib yashardim, ammo qalbimda bir bo‘shliq bor edi, hislarimni yo‘qotgandek sezardim o‘zimni. Va shu alfozda hayotimni o‘zgartirb yuborgan do‘stim bilan tanishdim. Amerikalik bu muslima qiz 16 yoshida universitetga qabul qilingandi. Doim uning ro‘moliga e’tibor berardim. Shunday qiz yozning jaziramasida nega buni boshiga o‘rab yuribdi. Va nihoyat undan bu haqda so‘radim. «Chunki men muslimaman», javob berdi u. Barchasini batafsil tushuntira boshladi. Shuningdek, u nega yoshlar bazmlariga bormasligi sabablariga ham to‘xtaldi. Men esa unga achinish bilan qarardim.

Shu kundan boshlab uni kuzata boshladim, undagi ma’rifat, to‘g‘ri va noto‘g‘ri masalalar haqidagi fikrlari, oliyjanobligi va saxiyligi…Uningdek bo‘lishni istay boshlagandim, uning mezonlarini seva boshladim. Bu qizni uchratgunimga qadar Islom haqidagi fikrim salbiy edi. Biz yaqinlasha boshladik va men Islom haqidagi tasavvurlarim yillar davomida savodsizlik asosiga qurib borilganini anglab yetdim.

Dunyoqarashimni isloh qilishga va bu dinni chuqur o‘rganishga kirishdim. Izlanganim sari hayratim oshardi. Go‘yo shu vaqtgacha uzoq uyquda bo‘lgandek edim. Nihoyat hayotimni Islom taqdim etgan mezonlar bilan almashtirishga qat’iy qaror qildim. Islomni hayot tarzimga aylantirdim. U mahal 24 yoshda edim.

Kamtarlik, saxovat, vijdon, adolat… Bularning barchasi Islom qadriyatlari. Bu Bushido, ya’ni Samuray qadriyatlaridan farq qiladi. 2011 yil Yaponiyada yer qimirlashi oqibatida sunami yuz bergani va Tokio masjidi o‘z yapon qo‘shnilariga 5 yil davomida yordam yuklarini yuborib turganini eslayman. Islom insonning e’tiqodi va tabaqasidan qat’i nazar, barchani insonligi uchun hurmat qilishga buyurar ekan.

Ayollar haqida u nima deydi? “Bosim, cheklangan ta’lim, majburiy nikohmi?” Bu uning ta’limoti emas. Haqiqat bunga mutlaq teskari. Men Islomni qabul qilganimdan keyingina o‘zimni erkin his eta boshladim.

Men Islom nega ayollarga nomahramlar ko‘zlaridan to‘silishni buyurganining hikmatini keyinroq angladim. Bu ko‘pchilik izohlayotganidek ayol erkinligini cheklash emas, balki Islom ayol go‘zalligini qadriyat darajasiga olib chiqishi bilan bog‘liq ekan. Ayol go‘zalligi shu qadar qadrliki, undan ko‘chada begona erkaklarni quvontirish uchun foydalanilmaydi, balki u ayolning o‘zi va oilasi uchundir.

Islom erkak va ayol o‘rtasidagi farqni aniq tushuntirib bergan. Alloh erkak va ayolni tubdan farqli qilib yaratdi hamda ikkisiga ham o‘zlariga xos bo‘lgan vazifalarni bo‘lib berdi. Bu mening qalbimga hotirjamlikni olib kirdi.

Islom va terrorizm masalasiga to‘xtalmoqchiman. AUM tashkiloti 90-yillarda o‘z atrofida minglab yapon yoshlarini birlashtirdi va SARIN gazi orqali chidab bo‘lmas xunrezliklarni amalga oshirdi. Uning talafotlaridan insoniyat bugun ham jabr chekmoqda. Bordiyu uning kasofatiga dunyo «Barcha yaponlar terroristlardir» deb qichqirsa, yaponlar bunga qanday munosabat bildirgan bo‘lar edilar? Bugun hammaning tilida bo‘lgan IShID qurbonlarining 95 foizi musulmonlar-ku. Islom – bu tinchlik. «Assalomu alaykum» – «Sizga tinchlik bo‘lsin» degani. Islomni terror deb atash steriotipga aylanib bormoqda. Har bir narsaning mohiyatini anglash uchun uni o‘rganish kerak ekan. Masalan odamlar menga steriotiplar orqali emas, mening qandayligimga qarab baho berishlarini istayman. Universitet talabasi bo‘lgan vaqtlarim «Islom» deb atalgan xazinamni topgan edim. Musulmon bo‘lmagan har kimda bir xazina bor, bu tanlash imkoniyati deb ataladi. Ya’ni dunyo ommaviy axborot vositalariga ergashish yoki Haqiqat yo‘lini tanlash imkoniyati.
Miva ESSAADI,
Shizuoka musulmonlar assotsiatsiyasi muallimasi, Yaponiya.
Kamola ABULQOSIM tarjimasi, Germaniya.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yapon ayoli: "Mening Islomni qabul qilish hikoyam"