21:25 / 29.05.2018
11 481

Islom dini o‘zga sayyoralikar haqida nima deydi?

Islom dini o‘zga sayyoralikar haqida nima deydi?
Savol:
Assalomu alaykum, Islom dinida o‘zga sayyoraliklar to‘g‘risida nima deyilgan?

Javob:
Boshqa yulduz va sayyoralarda ham hayot mavjudligi haqida ilmiy izlanishlar olib borilayotganiga ham yarim asrdan ortiq vaqt o‘tib qoldi. Qirq yildirki mana shu maqsadda simsiz to‘lqinlar xizmatidan foydalanilmoqda. O‘ttiz yildan buyon falakshunos olimlar koinotdan yuboriladigan ishoralarni ushlab qolish uchun unga quloq tutmoqdalar. Amerikaning Nasa va Siti kabi muassasalari yer kurrasidan tashqarida mavjud aqlli mavjudotni izlash loyihasi bilan mashg‘ul. Amerikalik va rus mutaxassislardan iborat minglab ishchi qo‘llarni o‘zida jamlagan tashkilotlar tashqi fazodan kelayotgan signallarni qabul qilishga ixtisoslashgan juda sezgir va daqiq uskunalar bilan minglab soatlik ishoralarni tahlil qilish bilan band. Ular tashqi olamga tutib olishlari uchun yuboriladigan signallarni jo‘natishga qodir bo‘lganlaridagina muvaffaqiyatga erishishlariga ishonishmoqda. Lekin beadad yulduzlardan iborat koinotdagi bir yulduzga ikkinchi marta signal yuborish uchun yuz ming yil kerak bo‘ladi. Bu bizning sistemamizdagi yulduzlarga signal yuborish uchun kerak bo‘ladigan muddat. Boshqa sistemalardagi sayyoralarga signal yuborishga qancha vaqt ketishini hech kim bilmaydi.

Bu muqaddimani keltirishimizdan maqsad o‘quvchiga koinotning kengligi, yulduz va sayyoralarining sanoqsizligi va hozircha har bir yulduzga bir marta signal jo‘natish bilan kifoyalanishga majburligimizni eslatish xolos. Bularning barchasi koinotda bizning bashariy hayotimizga o‘xshash yo o‘xshamagan hayot borligiga e’tiqod qilishimiz, juda bo‘lmaganda zonn qilishimizga yetarli emas.

Nima bo‘lgan taqdirda ham bu izlanishlar inson aqliga havola qilingandir. Islomning bularga munosabati osmonlar va yer malakutiga boqishga targ‘ib va tashviq etuvchi munosabat bo‘lib, buning dalili hisobdan tashqari ko‘p. Bu izlanishlar to‘g‘risida insof qilish Allohga iymon kuchayishiga olib keladi. Koinotga yeri, osmoni, suv, nabotot, hayvon va insonlarigacha boqish haqida so‘zlagan ikki oyati xotimasida Alloh: “Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlargina qo‘rqur” (“Fotir” surasi, 28-oyat), deydi.

Qur’on izlanish dasturini berish va unga tashviq etish bilan kifoyalanadi. Ilmlar juz’iyotini bahs etish uning ishi emas. Bashariy hayot davomida izchil rivojlanish tufayli inson hojati talab etadigan ko‘p ishlarni kashf etildi va etiladi. Modomiki Alloh haq ekan, mana shu badi’ asosidagi yaratilgan olam Xoliqi ekan, Uning kalomi koinot qonunlariga hech qachon zid kelmaydi. Agar olimlar Qur’onga zid deb o‘ylangan natijaga kelishgan bo‘lsa, modomiki bu natija shubhasiz ilmiy haqiqat darajasiga ko‘tarilmagan ekan, shakka tushishimiz yoki Uni ta’vil etishga shoshmasligimiz kerak. O‘zim ham ilm olamida biror kashfiyot bo‘lsa Qur’on va ilm o‘rtasini bog‘lovchi ba’zi ziyolilarning tutgan yo‘llarini ma’qullamayman. Ularning dinga g‘ayratlarini kamsitmagan holda aytaman, ilmiy kashfiyotlar va Qur’on o‘rtasini muvofiqlashtirish va ta’vilga bunday mukkasidan ketmaslik kerak. Chunki u kashfiyotlar borasidagi keyingi izlanishlarning ularning noto‘g‘ri natijaga kelinganini ko‘rsatsa, Qur’on oyatlari ham ularni ehtimol tutgan, degan fikrimiz bilan Allohning kalomiga zulm qilgan bo‘lamiz. Bunda bog‘liqlik ko‘rishda ehtiyot bo‘lish yoki ishni qat’iylik va jazmdan uzoq holdagi ehtimol chegarasida to‘xtatish lozim.

Qur’oni karimni tafsir qilgan mufassirlarimiz shunday o‘rinlarda ehtiyot va hazirlik maslakida bo‘lishgan. Ehtimol, mone’lik yo‘q, singari so‘zlarni aytishga majbur bo‘lishgan. Masalan imom Nasafiy o‘z tafsirlarida Alloh taoloning: “Osmonlar va yerning yaratilishi hamda (Alloh) ularda tarqatib-yoyib yuborgan jonivorlar Uning (qudrati ilohiyasiga dalolat qiladigan) oyat-alomatlaridandir. U O‘zi xohlagan vaqtida ularni jamlab-yig‘ib olishga qodirdir” (“Shuro” surasi, 29-) oyatini tafsir qilib deydilar: “Jonivorlar yer yuzidagina bo‘ladi. Lekin mazkurlarning hammasi, ya’ni osmonlar va yerga ham uni nisbat berish joizdir. Osmonlarda maxluqlarni yaratganlik ehtimoli uzoqmas”.

Inson qat’iy qaror qilolmagan narsalarda eng to‘g‘ri yo‘l mana shunday bo‘ladi. Agar osmonlarda tirik mavjudotlar borligi aniq bo‘lsa: “... ularda tarqatib-yoyib yuborgan jonivorlar”, oyati bu haqiqatga teskari kelmaydi. Agar unda tirik jonzot borligi aniq bo‘lmasa, unda oyat mufassir ochiq aytgan ko‘rinishda qolaveradi.

Xullas bu qiyomatda hisob beriladigan aqida mavzusi emas. Uni bilmaganimiz uchun gunohkor bo‘lmaymiz. Hali biz yerning muammolarini to‘liq yecholganimiz va yoki ilmni oxirgi sirlarigacha hal qilolganimiz yo‘q. Agar shunday bo‘lganda edi, o‘shanda oliy mavjudotlar asroriga e’tiborimizni qaratsak bo‘lardi. Bu borada ahamiyatli narsalarning xabarini beradigan kitob – Qur’on bizga kifoya. Allohning Kalomi oldidan ham, ketidan ham botil keltirmaydi. Agar biror kashfiyot topilsa, Uning rostligiga iymonimiz yanada ziyoda bo‘ladi. Illo ojiz bo‘lsak ham, u Kalom sodiqligicha qolaveradi. “Lekin Alloh sizga o‘z bilimi bilan nozil qilgan narsaga guvohlik berur. Farishtalar ham guvohlik berurlar. Allohning O‘zi yetarli guvohdir” (“Niso” surasi, 166-oyat).

Vallohu a’lam.
Mubashshir Ahmad

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Islom dini o‘zga sayyoralikar haqida nima deydi?