14:22 / 02.06.2018
3 965

Islom so‘qmog‘i yoxud hamshirani musulmonlik sari boshlagan bemor qissasi

Islom so‘qmog‘i yoxud hamshirani musulmonlik sari boshlagan bemor qissasi
Britaniyadan hayotiy hikoya


Ismim Kasiye. Yoshim 23 da. Malakali hamshiraman. Mehnat faoliyatimni oila hamshirasi sifatida boshlaganman.

Birinchi bemorim 80 yoshlardagi ingliz bo‘lib, altshaymer xastaligi bilan og‘rirdi. Uchrashuvimizning ilk lahzalaridayoq bildimki, bu ingliz musulmonlikni qabul qilgan ekan.

Davolash kursini boshlarkanman, uning e’tiqodiga zid bo‘lmagan davo usullarini qo‘llashga harakat qilardim. Oila hamshirasi sifatida uning taomlanishiga ham mas’ul edim va shaxsan o‘zim halol go‘sht mahsulotlarini olib kelardim. Ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida alkogol va cho‘chqa jelatini bo‘lgani sababli xarid chog‘ida buni ham e’tibordan qochirmasdim. Men o‘z bemorim hurmatidan Islomni kichik tadqiqot orqali o‘rgandim. Taomni hozirlarkanman, har safar bemorimni «barchasi musulmoncha» ekanidan boxabar qilardim.

Bemorim xastalikning eng og‘ir darajasini boshdan kechirayotgan edi. Shu sababli aksar hamkasblarim mening «taqdiri ma’lum» bu bemor uchun bunday yelib-yugurishimga hayronliklarini aytishardi. Men bu keksa g‘ayridinda o‘zim tushunmagan qandaydir sabab topib uni hurmat qila boshlagan edim.

Bir necha haftadan so‘ng bemorim tanasini harakatlantira boshladi. U kunning muayyan vaqtlarida qandaydir harakatlar bajarayotganini payqadim, bora-bora bu harakatlar bir xilda takrorlanayotganining guvohi bo‘ldim. U harakat chog‘ida menga notanish tilda so‘zlar edi, goh qo‘llarini yuqoriga ko‘tarar, goh o‘tirar, goh boshini polga berardi. Tushunmasamda, bunga qiziqish uyg‘ondi.

Biz bilan yana boshqa g‘alati hodisalar ham bo‘lib turardi. Masalan uni chap qo‘lim bilan ovqatlantirishimga ruxsat bermas edi. Chapaqay bo‘lganim sababli, bu menda qiyinchilik uyg‘otardi.

Kunlarning birida hamkasblarimdan biri «Paltalk» nomli Islomiy suhbatlar va bahslar o‘tkaziladigan joy haqida aytib qoldi. Shu vaqtga qadar bemorim men tanigan yagona musulmon bo‘lgani uchun, tabiiyki menda boshqa musulmonlar bilan tanishish istagi tug‘ildi.

Suhbatlarga qatnay boshladim. Savollarimga javob olarkanman, hayratim va bu dinga qiziqishim tobora ortib borardi.

Bemorimni yanada ko‘proq qiziqish bilan kuzata boshladim. Altshaymer tufayli u xotirasidan ayrilayotgandi. Hatto bolalari bilan bog‘liq xotiralarni bazo‘r eslaydigan bu inson o‘ziga begona tildagi oyatlar va ibodat vaqtlarini biror marta ham unutmadi. Sababi nima?

Dastlab Islomga faqatgina bemor holatiga individual yondashuvchi, malakali mutaxassislikka da’vogar hamshira sifatida qiziqqan bo‘lsam, endigi yondashuvim tamomila boshqa edi.

Suhbatlarning birida qo‘limga Qur’onning ingliz tilidagi tarjimasini tutqazishdi. Asalarilar haqidagi sura ekan. Uyga kelib qayta-qayta o‘qidim. Qur’onning audio variantini iPod’imga saqlab oldim va har kuni uni bemorim bilan birga tinglaydigan bo‘ldik. Har safar tinglaganimizda bemorim jilmayar va yig‘lardi.

Mushohada qilsam, doim kasbiy professionallikka intilganman, ammo hech qachon o‘z hayotimga tubdan nazar solmagan ekanman. Otamni eslay olmayman, onam 3 yashar vaqtimda vafot etgan. Akam va men buvimning qo‘llarida tarbiya topganmiz. 4 yil oldin buvim ham olamdan o‘tdi.

Barcha yo‘qotishlarga qaramay taqdirimdan mamnun edim. Ammo bemorim bilan tanishgach, aslida yo‘qotganim mutlaqo boshqa narsa bo‘lganini angladim.

Suhbatlarning yana birida qo‘limga yashash joyimga yaqin manzillardagi masjidlar ro‘yxatini berishdi. Qo‘limda ro‘yxatni tutgan holimda ko‘z yoshlarim nazoratsiz quyilib kelayotgan onlarni hech qachon unutmasam kerak.

Masjidga bordim. Imom va uning ayoli juda oliyjanob insonlar ekan.

Kunlarning birida imom mendan so‘radi:

– Sizni Islomni qabul qilishdan nima to‘xtatib turibdi?

Menda javob yo‘q edi. Shifoxonaga qaytdim va bemorim ko‘zlariga tikildim. Tushundimki, u hayotimga nusrat bo‘lib kelgan, u men uchun Islomga olib boradigan so‘qmoq ekan.

Masjidga shoshildim va imomga:

– Shahodat kalimasini aytsam maylimi, – dedim! Shu onda qalbimga xotirjamlik kirib o‘rnashganini yaqqol his etdim.

Hayotimdagi bu buyuk o‘zgarishning xushxabarini birinchi bo‘lib akamga emas, bemorimga yetkazdim. Uning yoniga cho‘kdim va mahkam quchoqlab oldim. Ikkimiz ham yig‘lar edik. O‘z otamni hech qachon ko‘rmaganman. Go‘yo ana shu hech qachon diydorini ko‘rmaganim otam mana shu keksa musulmon edi.

Akamga qo‘ng‘iroq qildim, aytdim. Yangilikdan mamnun bo‘lmaganini, ammo meni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Shu hafta ichida bemorim uyqudan qaytib turmadi. Uni bag‘rimga bosib uzoq yig‘ladim. Hamkasblarim esa ahvolimni hayrat bilan tomosha qilar edilar.

Inna lillahi va inna ilayhi rojiu’n...
Ingliz tilida Kamola ABULQOSIM tarjimasi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Islom so‘qmog‘i yoxud hamshirani musulmonlik sari boshlagan bemor qissasi