20:31 / 11.06.2018
3 411

Avstraliyalik Abu Bakr (Rubin): «Musulmonlardan qo‘rqar edim»

Avstraliyalik Abu Bakr (Rubin): «Musulmonlardan qo‘rqar edim»
Ota-onam meni ateistik ruhda tarbiyalashdi. O‘limdan so‘ng hayot mavjud emasligi, inson tanasi tuproqqa singishi bilan barchasi barham topishi haqida uqtirib kelishdi.

Hikoyam talabalik davrimning dastlabki yiliga to‘g‘ri keladi. O‘sha yil ketma-ket musibatlarga duchor bo‘lganimni hamon eslayman: ota-onam ajralishdi, eng yaqin do‘stimdan ayrilib qoldim, bir hafta ichida ikki og‘ir avtoxalokatni boshdan kechirdim... Ammo bu musibatlar hayotimda birinchi marta o‘zimga savol berishga majbur qildi:

– Men kimman va nega bu yerdaman? Hayotdan maqsadim nima? Qayerga qarab ketyapman o‘zi? Nega qalbimda tushkunlik bor? Tonglarda nega uyg‘onaman?

Shunday alfozda kun ko‘rib yurarkanman, kunlarning birida do‘stlarimdan biri cherkovga borishimni maslahat berdi va u yerda xalovat topishimni aytdi. Ha, miyamda tinmay aylanayotgan bu savollar meni din tomon chorlayotgan edi. Avstraliyalikman va tabiiyki ishni birinchi nasroniylikni o‘rganishdan boshladim.

Tanishlarimga qo‘shilib cherkovga ham qatnay boshladim. Cherkovda barcha doim qo‘shiq kuylardi. Yaxshi ohanglar, ammo baribir mohiyatiga hech tushunolmadim. Ularga savollar berardim. Meni shubhaga qo‘ygan narsa shuki, ular Injilni olib «Mana bu senga javob», deya olmadilar. Har kim faqat o‘z fikrini bildirar edi. Nasroniylikda juda ham ko‘p interpritatsiyalar (shaxsiy talqinlar)ning borligi meni yanada tushkunlikka mahkum qilar edi.

Birgina cherkovning o‘zida qaysidir ruhoniy nasroniylikning muayyan bir jihatigagina e’toqod qilsa, boshqa ruhoniy tamomila boshqa jihatini haq deb bilar ekan. Tarmoqlar juda ham ko‘p ekan. Men esa chalkashar va asabiylashar edim. Injil bir kitob bo‘lsa, nima uchun bunchalik ko‘p tarmoqlar mavjud?

Bas, Hindu dinini o‘rganishni boshladim. O‘sha vaqtlarda kunning ikkinchi yarmida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasida ishlar edim. U yerda hindistonlik hamkasbim bilan do‘stlashdim. Kunlaring birida o‘zimda tug‘ilgan savolni unga berdim:

– Ganeshning boshida nima uchun aynan fil kallasi tasvirlangan? Nima uchun, masalan, sherniki emas?

Mohiyat meni umuman qoniqtirmadi va izlanishim yo‘nalishini boshqa tomonga burdim. Yahudiy dini o‘ranarkanman, qidirayotganim bu emasligini fahmladim. Islomga kirib kelishimdan avvalgi ismim Rubin edi, asl ismim bu. Shuning uchun yahudiylar meni o‘zlariga yaqin olishar, o‘zimizdan ekan, deyishardi. Ammo ularni tark etdim.

Buddaviylikni o‘rganishni boshladim. Albatta uning yaxshi tamoyillari bor. Lekin ta’limotning ichiga kirib borarkanman, angladimki, bu Xudoning so‘zlari emas. Shunchaki inson tadqiq etgan yashashning bir uslubi ekan.

Kunlarning birida do‘stim yana so‘rab qoldi:

– Xo‘sh, izlaganingni topdingmi?

– Yo‘q.

– Yo‘q? Qaysi dinlarni o‘rganding?

– Nasroniylik, yahudiylik, hindu, buddaviylikni.

– Islomchi?

– Islom?! Musulmonlar terrorchilar-ku!

– Haa…

Kunlar o‘tdi. Bir masjidga ham borib ko‘raqolay, degan fikr uyg‘ondi. Yaqinroq bir masjidni mo‘ljallab yo‘lga tushdim. Qalbim esa bo‘m-bo‘sh. Shahd bilan masjid ichkarisiga to‘g‘ri kirib boraverdim. Poyabzalimni ham yechib o‘tirmadim. Agar kimdir sajda holatida bo‘lsa, to‘g‘ri uning boshiga chiqib ketar darajada edim. Hozir o‘sha ahvolimdan uyatdaman. To‘satdan men tomon yaqinlashib kelayotgan musulmonga ko‘zim tushdiyu, nafasim ichimga tushib ketdi. Katta soqolli, uzun abaya kiygan musulmondan qo‘rqardim. Xayolimdan fikrlar bir-bir o‘ta boshladi:

Endi tamomman. Bugun hayotimning oxirgi kuni bo‘lsa kerak. Nima qilardim shu yerga kelib o‘zi…

– Kuning fayzli bo‘lsin, og‘ayni! Qandaysan endi? – dedi u meni hayratda qoldirib.

Taskin topdim, o‘zimga keldim. Savollarimni bir-bir bera boshladim:

Nima uchun ayollar hijob kiymoqlari zarur? Nima uchun erkaklar to‘rt ayolga uylanishlari mumkinu, ayollarga mumkin emas…

Shu onda u meni to‘xtatdi va Qur’oni Karimning inglizcha tarjimasini qo‘limga tutqazib dedi:

– Buni o‘qi, birodarim, bu barcha savollaringa javobdir!

– Yaxshi, ammo bu holatlarga sening shaxsiy munosabating qanday?

– Qanday qilib mening shaxsiy munosabatim bo‘lsin? Axir bu Allohning so‘zlari-ku!

Subhanalloh, kayfiyatim o‘zgara boshladi.

U hadya qilgan Qur’onni o‘qib o‘rgana boshladim. O‘qirkanman, shunday kayfiyatga ega bo‘lardimki, menga yo‘llanma ko‘rsatayotgan va buyurayotgan bir Siymoning haqiqatda mavjudligini his etardim.

Qur’onni asosan tunda sham yog‘dusida o‘qir edim. Melbrundagi shunday sokin yoz oqshomini hech qachon unutmayman. Shamni hozirladim, derazalarni keng ochib qo‘ydim, pardalarni chetga yig‘dim. Navbatdagi mutoalaga kirishdim.

Ungacha kitobning ko‘plab ilmiy dalillarini olti oy davomida tadqiq qilgandim: embrionning rivojlanishi, tog‘larning qoziqlar ekanligi va boshqalar. Ammo avvalgi johillik qalbimda asorat qoldirgan ekan. Hamon musulmon emasdim. Ratsional va ruhiy iqrorimga qaramay baribir yana qandaydir turtki kutardim, johillarcha.

Mutoalani to‘xtatdim. «Bas, bu – mening lahzam! Islomga tashrifim lahzalari. Ammo menga bir belgi ber, bular hali kam», xayoldan o‘tkazdim. Va johillarcha biror yorug‘likmi, biror tovushmi...nima bo‘lsa ham, kuta boshladim. Subhanalloh, mutlaqo hech narsa yuz bermadi.

Bu ishni bir necha marta takrorladim va Subhanalloh, men johil uchun hech nima yuz bermadi. Ehh, dedim va Qur’onni yana qo‘limga oldim. Ochdim va ko‘zim bilan to‘qnashgan oyatni o‘qidim. "Toha" surasining 133 oyati ekan. «Ular: «Bizga Robbidan oyat-mo‘’jiza keltirsa edi», deydilar. Axir, ularga avvalgi sahifalardagi narsalarning bayonoti kelmadimi? (Kofir va mushriklar, Muhammad Robbidan bir lol qoldiruvchi mo‘’jiza keltirsa edi, deydilar. Axir, Qur’onda avvalgi ummatlarga kelgan narsalarning bayoni keldi-ku. Shu ularga kifoya qilmaydimi?)»

Qalbimni qo‘rquv chulg‘adi va dedim:

– Subhanalloh!

Aslida bu borliqning o‘zi bir dalil edi, bizning yaratilgan mahluqlar ekanimiz ham fakt edi. Men esa hattoki o‘z ichki ovozimga ham qarshilik qilayotgan ekanman.

Masjidga yo‘l oldim. Minglab odamlar jam bo‘lganini ko‘rib hayratga tushdim. Bilsam, Ramazonning ilk tuniga to‘g‘ri kelibman!

Men ularga dedim:

– Musulmon bo‘lishni istayman!

Ular arab tilida Shahodat kalimasini o‘rgata boshladilar va ortlaridan qaytarishimni so‘radilar. Men esa:

– Shuni ingliz tilida aytsam maylimi?

– Arab tilida aytishing kerak, deyishdi.

Men bordiyu Kalimani arab tilida noto‘g‘ri aytib yuborgudek bo‘lsam, bu jahldor musulmonlar meni do‘pposlab ketishlarini tasavvur qilib qo‘rquvda edim. Ular ko‘zimga tikilib turishardi.

Subhanolloh, tilim oson aylanib, Kalimani arab tilida ayta oldim! Shu damda mutlaqo kutmaganim yuz berdi, barcha musulmonlar meni baravar bag‘irlariga bosa boshladilar. Yuzlarida quvonch va nurni ko‘rdim. Bu hayotimning eng go‘zal kuni edi! Allohga hamdlar bo‘lsin!

Kunlarning birida otam mendan Qur’on haqida so‘rab qoldi... Men juda baxtliman!
Kamola ABULQOSIM tarjimasi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Avstraliyalik Abu Bakr (Rubin): «Musulmonlardan qo‘rqar edim»