20:43 / 30.07.2018
6 960

AQShda o‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi kasblarda ishlashmoqda?

AQShda o‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi kasblarda ishlashmoqda?
Foto: “Amerika ovozi”
“Amerika ovozi” nashrining xabar berishicha, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan qiz (Sadoqat Maqsudova) AQSh politsiyasiga ishga qabul qilindi va mazkur mamlakat politsiya xizmatida ish boshlagan birinchi o‘zbekistonlikka aylandi.

Shu tariqa o‘zbeklar Amerikada qiladigan ishlari ro‘yxatiga yana bir kasb qo‘shildi.

“O‘zbekistonliklar Amerikada asosan nima ish qilishadi?”

Amerikadagi o‘zbeklar haqida gap ketganda ko‘pchilik huquqshunos, blogger Nodir Zakirovni, “Amerika Ovozi”ning eng faol jurnalistlaridan biri — Navbahor Imomovani, yaqinda “Forbes” jurnalida 30 yoshdan kichik bo‘lgan osiyolik eng badavlat tadbirkorlarning o‘ttiztalik ro‘yxatida qayd etilgan Dilmurod Asqarovni, millioner Bobur Akilxonovni biladi.

Yaqinda Nargiza Ilhomovna ism-sharifli qiz Facebook’da ish boshlagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ko‘pchilik tanimasa-da, Amerikaning katta kompaniyalarida ishlaydigan, universitetlarda dars berayotgan, ilmiy ishlar qilayotgan o‘zbekistonliklar bor. Lekin baribir ular Amerikadagi o‘zbeklarning 3-5 foizini tashkil qilsa kerak. Balki ko‘proqdir.

Juda ham turli sohalarda o‘zbekistonliklarni uchratish mumkin bo‘lsa-da, baribir, AQShdagi vatandoshlar orasida eng mashhur sohalarni aniqlashga urinib ko‘rsa bo‘ladi.

Men o‘zim bilgan, taniganlarimdan va Facebook’dagi Uzbeks in USA guruhini kuzatishim natijasida Amerikadagi o‘zbeklar orasida eng ommabop kasb — truck driver, ya’ni yuk mashinasi haydovchilari bo‘lsa kerak, deb taxmin qilaman. Nega shunaqa?

Logistika-transportatsiya sohasi Amerika Qo‘shma Shtatlardagi eng katta bizneslardan biri. Yuk mashinasi haydovchilari kezi kelsa nufuzli universitetlarni tamomlagan, katta korxonalarda, yaxshi lavozimda ishlaydiganlardan ham ko‘proq daromad qilishadi, bu — bir.

Yuk mashinasi haydash uchun kerak bo‘ladigan CDL guvohnomasini olish uchun nari borsa ikki oy vaqt va ikki ming dollar pul ketadi, bu — ikki.

Truckchilarning ko‘pchiligi o‘zbekistonliklar yuritadigan kompaniyalarda ishlashadi. Ingliz tilini zo‘r bilish ham shart emas, shuning uchun, bu — uch.

Lekin ish mashaqqatli. Vaqti kelsa oylab oiladan uzoqda yurishga, tunlari bilan bahaybat ulovni boshqarishga, katta xavf-xatarlarni bo‘yinga olishga, bir kunda minglab kilometr yo‘l bosishga to‘g‘ri keladi. O‘zimas.

O‘zbekistonliklar orasida yana bir mashhur ish — Uber/Lift taksi haydovchiligi. Katta, gavjum shaharlarda bir kunda $300-400 ishlash mumkin deyishadi. Orlandoda bir kunda o‘rtacha 10 soatcha haydasang $120 atrofida topasan, deydi men gaplashgan Uberchilar. Mashina va uning hujjatlari, haydovchilik guvohnomasi va smartfon bo‘lishining o‘zi yetarli. Faqat Uber talabiga ko‘ra AQShda bir yillik haydovchilik tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Liftda talablar ancha oson deyishadi.

Shuningdek, juda ham ko‘p shtatlarda o‘zbekistonliklar ochgan kafe-restoranlar, novvoyxonalar, pitsseriyalar faoliyat olib boradi. Ishchilarining ko‘pchiligi o‘zbekistonliklar. Umuman, tadbirkorlarimiz ko‘p. Tadbirlari bilan odamlar koriga yarab yurishibdi. Turli savdo markazlari, do‘konlar, zavod va fabrikalar, mehmonxonalarda ishlash ham o‘zbekistonliklar orasida keng tarqalgan.
Abror Qodirov. Florida, AQSh.

Manba: "Xalq so‘zi"

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQShda o‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi kasblarda ishlashmoqda?