11:33 / 25.08.2018
10 424

Chingizxon kim boʻlgan? Yoxud uni ulugʻlashdan kimlar manfaatdor?

Chingizxon kim boʻlgan? Yoxud uni ulugʻlashdan kimlar manfaatdor?
Tarixning axlat qutisi boʻlmaydi, deyishadi. Biroq, har bir tuzum tarixni oʻziga moslashtirib yozadi. Bu tarixiy haqiqat. Shu paytga qadar bizning ham tariximiz, tarixiy shaxslarimizga turlicha yondashuvlar, turli “burchaklar” ostidan qarab kelindi. Bugun ham tariximizni ayrim mavhum sahifalariga “tuzatishlar” kiritilmoqda. Bu albatta yaxshi. Ammo...

Qon changallab tugʻilgan goʻdak

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Chingizxonning kelib chiqishi bilan bogʻliq ayrim bahslarga guvoh boʻlib qoldim va beixtiyor bu mubohasalarga qoʻshilib oʻz fikrimni aytgan boʻldim. Toʻgʻri, men tarixchi emasman. Lekin xalqimiz tarixiga chandon qiziqaman, tarixiy asarlarni koʻp mutolaa qilaman, har qalay shu yurt tarixi xususida fikr bildirishga bahslashishga haqqim bor deb hisoblayman.

Bahsga kirishganlarning aksariyati “Chingizxon boʻlmaganda oʻzbek xalqi ham boʻlmasdi”, “Chingizxon – bizning ajdodimiz” singari fikrlarni ilgari surishmoqda. Avvalo har bir fikr hurmatga loyiq. Kimnidir fikri yo qarashlari uchun tahqir yo taʼqib etadigan zamonda yashamayapmiz. Ammo, fikrlar yetarli asosga ega boʻlmasa, unga qarshi chiqish, mavjud dalillarni roʻkach qilish mumkin-ku?

Keling. Chingizxon kimligini, uning dunyo xalqlari boshiga qanchalik kulfatlar solgani kundek ravshan boʻlsa-da, tarixga ozgina koʻz tashlab oʻtaylik. Qator manbalarga tayanadigan boʻlsak, Chingizxon txminan 1155-1167 yillar oraligʻida, bugungi Rossiya va Moʻgʻuliston chegarasidagi Delyun-Boldok vodiysida, Onon daryosi boʻyidagi bir ovulda tugʻilgan. Uning asli ismi Temuchin boʻlib, otasi Yesugay moʻgʻullarning borjigin, onasi Oelun esa olxonut urugʻiga mansub edi. Onasining qornidan qon changallab tushgani uchun oʻsha paytda uning dongʻi ketgan jahongir boʻlishi bashorat qilingan ekan.

Sharqdan kelgan “balo”

Dastlab moʻgʻullar qurultoyida xon deb eʼlon qilingan Chingizxon avvali oʻsha hududdagi moʻgʻul qabilalarini birlashtirishga kirishadi. Keyinchalik uning tasarrufidagi hududlar kengayib, koʻplab turkiy qabilalarni ham oʻziga boʻysundiradi.

1213 yilda Xitoyning Szin imperiyasini oʻziga boʻysundirib, juda katta hududni qoʻlga kiritgan Chingizxon eʼtiborini gʻarbga qaratadi. Bu paytda Xorazmshohlar davlati sharqdagi qudratli davlatlardan biriga aylangandi. Dastlab Chingizxon va Xorazmshoh oʻrtasidagi munosabatlar doʻstona koʻrinsa-da, 1219 yil bahorida chegara shahar Oʻtror hokimi tomonidan Chingizxonga qarashli savdo karvoni talanib, unda odamlarning oʻldirilishi diplomatik munosabatlarni izdan chiqardi. Xorazmshoh Chingizxonning talabiga binoan aybdorni yuborish oʻrniga uning elchisini behurmat qilib joʻnatdi. Bu esa, Chingizxon uchun Xorazmshohga qarshi urush ochishda jiddiy sabab boʻldi.

Bu bosqin xalqimiz boshiga qanday kunlarni solgani tarixiy va ilmiy manbalarda, adabiy asarlarda, filmlarda juda koʻp bor koʻrsatilgan.

Mamlakat tarixida biror bosqinchi ona zaminimizni Chingizxonchalik qonga botirmadi. Otamalik Juvayniy, Fazlulloh Rashididdin, Nasaviy, Mirxond, Mirzo Ulugʻbek, Abulgʻoziy Bahodurxon singari mualliflar bu bosqinning dahshatlarini oʻz asarlarida aks ettirganlar.

Koʻz koʻrib quloq eshitmagan vahshiyliklar

Mana maʼlumotlarga eʼtibor bering: Samarqandda har uch kishidan ikkitasini oʻldirib, shaharni suvga bostirishdi. Masjidlarimizni otxonaga aylantirishdi. Buxoroda ayollarni oʻz mahramlarining koʻz oʻngida xoʻrlab, keyin oʻldirishgan. Urganch aholisini 50 mingdan ortiq moʻgʻul askarlaridan har biriga oʻldirish uchun 24 kishidan taqsimlab berishgan.

Marvda 1 mln 400 ming kishini qatl etishgan va oʻliklar 14 kun davomida yigʻib olingan.

Termizda bir ayol “meni oʻldirmanglar, bir qimmatbaho gavharni yutib yuboruvdim, shuni chiqarib beraman” degani uchun moʻgʻul askarlari hamma xotinlarning qornini yorib gavhar qidirishgan ekan.

Moʻgʻul bosqinchilari tarixda misli koʻrilmagan vahshiyliklarni, xunrezliklarni amalga oshirdilar. Ular nainki raqib askarlari yoki qurol koʻtarishga qodir boʻlgan erkaklar, balki bosib olingan hududlardagi keksalar, ayollar, bolalar, bemorlarni ham ham ayamay qatl etishdi. Qatl va qiynoqlarning koʻz koʻrib quloq eshitmagan usullarini “ixtiro” qilishdi.

Yer aholisining 11 foizi qirilib ketgan

Oʻzgan, Xoʻjand, Kesh, Fargʻona singari qanchadan-qancha shaharlar yer bilan yakson qilingan. Najmiddin Kubro, Fariduddin Attordek allomalarni qiymalashdi, Ajdodlarimiz yaratgan qancha-qancha yozma yodgorliklar, meʼmoriy obidalar yer bilan yakson qilindi.

Chingizxon va uning avlodlari nainki Movarounnahr va Xuroson, balki Osiyo va Yevropadagi oʻnlab davlatlar hududini, boshqacha aytganda quruqlikning beshdan bir qismini ishgʻol etdi. Uning imperiyasi Tinch okeanidan to Markaziy Yevropaga qadar boʻlgan ulkan hududni qamrab oldi. Moʻgʻul qoʻshinlari qilichdan oʻtkazgan insonlarning umumiy soni 40 million kishidan oshadi. Bu esa, oʻsha paytdagi Yer shari aholisining 11 foizidan koʻproqni tashkil etardi.

Chingizxon bosqini sayyoramizdagi mamlakatlar, xalqlar va elatlar tarixini, millionlab insonlar taqdirini, hatto sayyoramiz iqlimini ham oʻzgartirib yubordi (maʼlumotlarga koʻra, Yer yuzida karbonat-angidrid gazi ajralishining kamayishi oqibatida harorat pasayib ketgan). Minglab shaharlar vayronaga aylanib,oʻn yillar davomida kimsasiz huvillab yotdi. Ularning qayta tiklanishi uchun yuz yillar kerak boʻldi. Ayrimlari esa umuman tarix sahifalaridan oʻchib ketdi.

Chingizxon 1227 yili Tangʻut davlatiga qarshi kurash asnosida vafot etadi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Chingizxonni undan qasos olish fursatini kutayotgan kichik xotini oʻldiradi. Vasiyatiga koʻra, Chingizxonni hech kim bilmaydigan joyga, daryoning oʻzaniga koʻmishadi. Uning qabriga Chingizxonning jasadi bilan birga koʻplab xizmatkorlar, kanizaklar, juda katta xazinalar ham dafn etilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, Chingizxon umrini bosqinchilikka, zulmga bagʻishladi. Imkon qadar oʻz sarhadlarimni kegaytirishga urindi. Togʻ-togʻ oltinu kumushlar, hisobsiz oʻljalar toʻpladi. Uning oʻlimidan soʻng, avlodlari qonli yurishlarini davom ettirishdi.

Buyuklik va shafqatsizlik timsoli

Bugungi kunga kelib, Chingizxon shaxsiga qarashlar turlicha tus olgan. Masalan uning vatani Moʻgʻulistonda Chingizxon butun xalqning chin maʼnodagi faxru iftixoriga aylangan. Ulan-Bator xalqaro aeroporti, yirik mehmonxonalar, restoranlar, koʻchalar, maydonlar, davlat mukofotlari Chingizxon nomi bilan ataladi. Moʻgʻuliston pul birligida “ulugʻ xon” tasvirini uchratasiz.

Mamlakatning Bogdo-uul togʻida Chingizxonning bahaybat surati chizilgan. Poytaxt Ulan-bator shahrida, parlament maydonida Chingizxonning taxtda oʻtirgan haykali oʻrnatilgan. U tugʻilgan Delyun-Boldok vodiysida ham ulkan yodgorlik oʻrnatilgan. Poytaxtdan 54 kilometr masofada Tuul daryosi boʻyida Chingizxonning ot ustidagi 40 metrlik haykali oʻrin olgan.

Albatta, moʻgʻullarning bunga haqqi bor. Chunki, bu xalq aynan Chingizxon tufayli dunyoga tanildi. Chingizxon oʻnlab moʻgʻul qabilalarini birlashtirib, markazlashgan davlat barpo etdi. Har qalay oʻz xalqi uchun katta ishlarni amalga oshirgandir. Ammo, bularning bari boshqa xalqlarni qon qaqshatish, obod yurtlarni vayron etish evaziga yuz berdi.

Har kimniki oʻziga!

Yaqin-yaqinlarda ayrim qozoq va qirgʻiz olimlari Chingizxonni ulugʻlashga, uni oʻz ajdodlari sifatida koʻrsatishga intilgani jiddiy tanqidga uchragandi. Ikki qardosh xalqning atoqli adiblari Chingiz Aytmatov va Muxtor Shoxonov “Choʻqqida qolgan ovchining ohu zori” kitobida bunday qarashlarni keskin qoralagan, ushbu moʻgʻul xonini bosqinchi va zolim hukmdor sifatida baholashgan.

Bugun ayrim oʻzbek ziyolilari ham shu ishga bosh qoʻshayotgani, Chingizxonning oʻzbek xalqining shakllanishiga katta hissa qoʻshgani, eng achinarlisi, Chingizxon bizning ajdodimiz ekanini isbotlashga urinishlar koʻzga tashlanmoqda.

Toʻgʻri, moʻgʻullar bosqini Markaziy Osiyoning koʻplab xalqlari, jumladan oʻzbeklarning ham etnogeneziga sezilarli taʼsir oʻtkazgan. Shundan kelib chiqib, butun bir xalqni Chingizxonning avlodidan boʻlgan Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxon (1312-1342)ga borib taqamoqchi boʻlganlar ham koʻp. Ammo, tarixiy manbalar oʻzbek nomi ushbu hukmdordan avval ham mavjud boʻlgani, xususan qipchoqlardan boʻlgan Otabeklar davlati asoschisi Shamsiddin Eldengiz (1137-1174) oʻz nabirasiga Oʻzbek deb ism qoʻygani tarixdan maʼlum. Qolaversa, moʻgʻullar bizning vatanimizdan minglab chaqirim olisdan yashagani, ular kirib kelguncha yurtimiz hududida ming yillardan beri turkiy xalqlar yashab kelgani ham isbot talab qilmaydigan haqiqat. Moʻgʻullarning olis ajdodlari turkiylarga yaqin ekani aytilsa-da, moʻgʻul tili sanoqli soʻzlarni hisobga olmaganda, biz bilgan turkiy tillarning birortasiga oʻxshamaydi.

Shunday ekan, bugungi kunda, xalqimiz oʻz tarixi, oʻzligi, buyuk allomalari, sarkardalarini tanib ulgurgan bir paytda yetti yot begona, buning ustiga insoniyat tarixidagi eng zolim, shafqatsiz hukmdorlardan birini “oʻzbeklashtirish” toʻgʻrimikin? Umuman dunyo ahli bugun zulmdan, terrordan, adolatsizlikdlan xunrezlik bezib, bong urayotgan bir paytda, biz Chingizxondek bedodlik timsolini ulugʻlashimiz qanchalik mantiqqa yaqin?

Albatta, bu mavzuda tarixchilarimiz oʻz mulohazalarni bildiradilar degan umiddamiz.
Rustam JABBOROV

Manba: darakchi.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Chingizxon kim boʻlgan? Yoxud uni ulugʻlashdan kimlar manfaatdor?