09:02 / 27.08.2018
7 664

Andalus – taraqqiyotning asosi

Andalus – taraqqiyotning asosi
Sharqda ilk uygʻonish davri. Bu davrda ilm-fan, maorif, ishlab chiqarish, savdo-sotiq, meʼmorchilik va boshqa sohalar misli koʻrilmagan darajada yuksaldi. Taraqqiyotga katta hissa qoʻshgan oʻlkalardan biri Andalus edi. Bu haqda mutafakkir Saloh Kamolning “Musavvar tarixi Islom” asarida batafsil maʼlumot berilgan.

Hozirgi Ispaniya va Portugaliya hududi, yaʼni, Pireney yarim oroli qadimda “Andalus” deb atalgan. Arab saltanatining bir qismi boʻlgan bu hududda VIII-X asrlarda kuchli va adolatli boshqaruvga asoslangan davlat paydo boʻldi. Andalusdagi taraqqiyot oʻz vaqtida Ovrupaga har tomonlama taʼsir qildi. Islom madaniyati va ilm-fani yutuqlari Gʻarb mamlakatlariga asosan shu hudud orqali yoyildi.

Andalus 711 yili fath etilib, bu yerda musulmonlar davlati qaror topgan edi. Bu haqda “Musavvar tarixi Islom” asarida quyidagi maʼlumotlar bor: “Andalus qitʼasi umaviylar davrida, Abdumalik zamonida fath etilgan edi. Va shul kundan buyon umaviya davlatining bir viloyati abbosiylardan Abdulloh Saffohga magʻlub boʻlgach, hukumat umaviylar qoʻlidan chiqib, abbosiylar qoʻliga oʻtdi... Abbosiylarning umaviylarga qilgan zulmlaridan achchiqlanib, Andalus musulmonlari abbosiylar davlatini tan olmay qoʻydi. Oʻzlariga mustaqil bir hukumat tuzishga qaror berdilar”. Bu mustaqil davlat 750 yili qaror topib, “Qurtuba saltanati” nomi bilan mashhur boʻldi. Unda oʻn toʻrt hukmdor hukmronlik qildi.

Andalus hukmdorlari ham ilm-fanga homiylik qilgan, oʻzlari diniy va dunyoviy ilmlardan xabardor edi. Ularning saroylari ilm ahli bilan doimo gavjum, muntazam ilmiy majlislar, munozaralar oʻtkazilar edi. Bu davralarda hukmdor va amaldorlarning farzandlari ham ishtirok etardi.

Andalusning birinchi hukmdori Abdurrahmon (756-788 yillar) dastlab ichki nizolarni bartaraf etib, Fransiya qiroli Pipin va boshqa tashqi dushmanlar hujumini qaytardi. Tinchlik qaror topgach, mamlakatni isloh qilishga kirishdi. Oldin uni oltita viloyatga boʻlib, ularni muntazam yoʻllar bilan poytaxt Qurtuba shahriga bogʻladi. Kanallar, suv yoʻllari qazdirdi. Yurt obod boʻldi. Qurtuba va boshqa shaharlarda katta-katta madrasa va masjidlar, kasalxonalar qurildi. Abdurrahmon Andalusni dushmanlardan himoya qilish uchun qalʼa va istehkomlar barpo ettirdi. Yurt mudofaasi va tijorat uchun kemalar yasatdi.

Hishom ibn Abdurrahmon ham otasi kabi mamlakatni isloh qilish va rivojlantirish yoʻlidan bordi. Ilm va maorif rivoji uchun koʻp ishlar qildi. Bu hududda boshqa millat va xalqlar ham bemalol yashar edi.

Andalusning toʻrtinchi hukmdori Abdurrahmon ikkinchi ibn Hishom (821-850 yillar) gʻoyat ilmli odam boʻlib, saroyi har vaqt olim va ulamolar bilan toʻla edi. Har kuni ilmiy majlislar, turli masalalar boʻyicha munozaralar boʻlar edi. Saloh Kamol yozishicha, Sharqu Gʻarbdagi Islom mamlakatlari ichida Abdurrahmondan inʼom-ehson koʻrmagan biror ilm ahli qolmagan edi. Bundan tashqari, Abdurrahmon Andalusda muntazam pochta xizmatini tashkil qildi va poytaxtga keladigan yangi yoʻllar qurdirdi. Bu Ovrupadagi dastlabki pochta tizimi ekani manbalarda taʼkidlangan.

Sakkizinchi hukmdor Abdurrahmon uchinchi ibn Muhammad (913-962 yillar) davrida Andalusning rivoji yanada yuksaldi. Qurtuba jahonning eng rivojlangan, chiroyli shaharlaridan biriga aylandi. Shahar yaqinida meʼmoriy jihatdan juda noyob “Madinat uz-Zahro” saroyi barpo etildi. Sanoat va tijorat ham taraqqiy etib, Ovrupa bozorlarida Andalus mollari katta shuhrat topdi.

Turli yurtlardan kelgan sayyohlar Andalusdagi taraqqiyotdan hayratda qolishdi. Mamlakat madrasalarida tub joy aholi farzandlaridan tashqari minglab ovrupalik talaba turli fanlardan tahsil olgan edi. Natijada ilm-fan yutuqlari keng yoyildi. Shu orqali Muso Xorazmiy, Beruniy, Forobiy, Ibn Sino, Fargʻoniy kabi Sharq olimlarining ilmiy kashfiyotlari, asarlari Ovrupaga kirib keldi va to XVII-XVIII asrlarga qadar Gʻarb universitetlarida darslik sifatida oʻqitildi.

Abdurrahmon ibn Muhammad davrida Qurtubada Ovrupada birinchi sanalgan tibbiyot maktabi ochildi.

Toʻqqizinchi hukmdor Hakim Ikkinchi davrida (962-976 yillar) ilmga ragʻbat yanada oshdi.

Biroq coʻnggi hukmdorlarning uzoqni koʻzlamay olib borgan siyosati natijasida oʻzaro nizolar kuchaydi. Shuningdek, shimoldan Ovrupa davlatlarining uzluksiz uyushtirgan hujumlari oqibatida Qurtuba saltanati oʻn birinchi asr boshlarida parchalanib, mamlakat Gʻarb sarkardalarining talonchilik maydoniga aylanib qoldi. Bu esa ijtimoiy hayot va ilm-fanning izdan chiqishiga sabab boʻldi. Asta-sekin musulmonlar bu yerlardan haydab chiqarildi va Andalus oʻrnida Oragoniya, Kastiliya va Portugaliya qirolliklari tashkil topdi.

Xullas, qariyb uch asr davom etgan Andalus uygʻonish davrida musulmon ilm-fani va madaniyati Ovrupaga kirib bordi, qitʼa tamadduniga katta turtki berdi.

Manba: OʻMI rasmiy sayti

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Andalus – taraqqiyotning asosi