13:56 / 31.08.2018
6 287

Oʻzga sayyoraliklarning yerdagi ishonchli vakili...

Oʻzga sayyoraliklarning yerdagi ishonchli vakili...
Shveysariyalik Verner Jeysli ismli erkak oʻn yil burun vatanni tashlab Argentinaga koʻchib oʻtgan. U yerda katta maydonni egallab olgan-u, toshlardan qandaydir gʻalati kattakon figuralarni bunyod eta boshlagan. Kunlarning birida esa sirlarini oshkor etgan. U aytganki, Shveysariyada yashagan vaqtida bir kuni u bilan telepatiya yordamida oʻzga sayyoraliklar bogʻlangan. Aynan oʻshalar Vernerga zudlik bilan Janubiy Amerikaga joʻnashni, u yerda oʻta muhim missiyani bajarishni buyurgan ekan. Missiya ado etilishi lozim boʻlgan joy Salta sahrosi edi. U 2008 yili bu yerga kelib oʻzining sirli harakatlarini boshlagan. Tan olib aytishicha, bu boshqalarga tushunarsiz naqshlar, maydon aslida oʻzga sayyoraliklar kemalari kelib qoʻnishi uchun moʻljallangan aerodrom boʻlib chiqdi. Sahroga yaqinroq hududlarda yashovchilarning aytishicha, sahro tepasida, baland-balandda shubhali uchish obyektlari koʻzga tashlanadi, ajabtovur tovushlar, xuddi eshikni qarsillatib yopgandagi kabi shovqinlar quloqqa chalinib qolarkan.

Aerodromga oʻzga sayyoraliklar kemalari biror marta kelib qoʻnganmi, umuman, haqiqatmi, yo illyuziyami, bu haqda Verner hech kimga lom-mim demagan. Faqat oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashgan tunni xotirlagan xolos.

— 2008 yil 24 noyabr kuni, — deya eslagandi Verner. — Yarim kechasi derazadan tashqariga qaragancha oʻy surardim. Kutilmaganda bizga yaqin anhor tepasida, 200 metrdan ziyodroq balandlikda ikkita oʻzidan kuchli nur taratayotgan gʻalati obyekt paydo boʻldi. Ularning biri sal pastladi-yu, nurlardan birini men tarafga toʻgʻriladi. Shu zahoti miyamga nimadir urilgandek qalqib ketdim. Va bir vaqtning oʻzida odam tovushidan butkul farq qiluvchi tovushda menga buyura boshlashdi. Argentinadagi Salta sahrosida oʻzga sayyoraliklar kemalari qoʻnishi uchun aerodrom bunyod etishimni tayinlashdi…

Mana, Verner bunyod etgan xuddi shu naqshlar ayni kunlarda sayyohlarning eng sevimli maskaniga aylangan.

Oʻzi esa… Vernerning oʻzi 2011 yili izsiz gʻoyib boʻldi. Oʻshandan beri hech kim uni koʻrmagan. Birovlar boshqa mamlakatga koʻchib oʻtgan boʻlishi mumkinligini taxminlasa, boshqasi Vernerni oʻzga sayyoraliklar olib ketgan boʻlishi mumkinligini aytadi. Ha, ikkinchi taxmin haqiqatga yaqinroq. Negaki, Verner oʻzga sayyoraliklar kemalari qoʻnadigan aerodrom yonidagi uychada hujjatlari-yu, kiyim-kechaklari, hatto pullarigacha qoldirib ketgan. Shundan kelib chiqib olimlar Vernerning oʻzga sayyoraga uchib ketganiga ishona boshlashgan.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oʻzga sayyoraliklarning yerdagi ishonchli vakili...