23:38 / 05.09.2018
6 731

Aqtoʻbe fojiasining asl sababi rasman eʼlon qilindi

Aqtoʻbe fojiasining asl sababi rasman eʼlon qilindi
Qozogʻistonda boʻlib oʻtayotgan sud majlisida Oʻzbekistonning 52 fuqarosi oʻlimiga sabab boʻlgan Aqtoʻbe fojiasining asl sababi rasman eʼlon qilindi. Bu haqda Nur.kz saytiga asoslanib Turon24 xabar qiladi.

Sudda prokuror Usmon Oʻrinbasaruli yongan avtobusga egalik qiluvchi “Aziya tranzit servis” kompaniyasi rahbari va xodimlari boʻlgan sudlanuvchilarga xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarash, nosoz avtotransportni ekspluatatsiya qilish oqibatida ikki va undan ortiq kishining oʻlimiga sabab boʻlish, hujjatlarni qalbakilashtirish kabi ayblovlarni ilgari surdi.

Shuningdek, har ikki yilda texnik koʻrikdan oʻtishi shart boʻlgan avtobus oxirgi marta 2015 yilda bunday koʻrikdan oʻtkazilgan. Haydovchilardan biri haydovchilik guvohnomasi olib qoʻyilgan boʻlsa-da, avtobusni boshqargan. Avtomexanik Bahodir Perdebayev esa nosoz avtobusning xizmat koʻrsatishiga ruxsat bergan. Avtobus ana shunday qator kamchiliklar bilan Sariogʻochdan Qozon shahriga yoʻl olgan.

Uch haydovchi solyarka muzlab qolguniga qadar navbat bilan avtobusni boshqarib borgan.

2018 yilning 18 yanvarida fojia yuz bergan kuni haydovchi Nurjon Qirgʻizboyev yoʻlovchilar isinishi uchun kavsharlash lampasini salonga olib kirgan va yana bir haydovchi Barot Tanatov bilan birga tashqariga chiqib ketgan.

«Qirgʻizboyev yongʻinga qarshi qoidalarni buzgan holda yonib turgan kavsharlash lampasini benzin toʻla kanistr yoniga qoʻygan. Kanistr yonida ikki yoʻlovchi va haydovchi Maqsad Pernebekov boʻlgan. Haydovchilar Qirgʻizboyev va Tanatov pastga tushib shu atrofda toʻxtab turgan mashinadan avtobusni tortib ketishni soʻramoqchi boʻlishgan.

Avtobusga qaytganlarida yoʻlovchilardan birining shimi yonayotganini koʻrishgan. Yoʻlovchi tashqariga otilib chiqib qorda kiyimini oʻchirmoqchi boʻlgan. Bu paytda avtobus portlovchi gazlar bilan toʻlib qolgandi. Portlashdan bir necha soniya oldin yoʻlovchilardan biri va haydovchi Maqsad Pernebekov salondan chiqishga muvaffaq boʻlgan, lekin ularning oyoq-qoʻllari kuygan.

Portlash sodir boʻlgan va ikkinchi qavatdagi 52 yoʻlovchining barchasi tiriklay yonib ketgan», — degan prokuror sud majlisida.

Ekspertiza xulosalariga koʻra, ular is gazidan zaharlanish va kuyish natijasida halok boʻlgan.

Mazkur fojia boʻyicha sud majlisi 3 sentyabrda boshlangan, unda marhumlarning yaqinlari ularning halok boʻlganiga ishonmasliklarini aytgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Aqtoʻbe fojiasining asl sababi rasman eʼlon qilindi