07:01 / 08.09.2018
3 854

Erdoʻgʻanning “oʻldirilishi” haqidagi film rejissyori ozodlikdan mahrum etildi

Эрдўғаннинг “ўлдирилиши” ҳақидаги фильм режиссёри озодликдан маҳрум этилди
7 sentyabrda turkiyalik kinorejissyor Ali Avchi “Uygʻonish” badiiy filmida terrorchilikni targʻib qilgani uchun jazolandi. Bu haqda Reuters axborot agentligiga tayanib Kun nashri xabar berdi.

Ushbu filmda 2016 yil iyulda Turkiyada sodir etilgan davlat toʻntaruviga urinish agar amalga oshganda nima boʻlishi haqida soʻzlangan boʻlib, unda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan va uning oilasi oʻldiriladi.

Avchi filmning treyleri chiqqandan keyin hibsga olingan. Film syujetiga koʻra, zobit Erdoʻgʻan ibodat qilayotganda uning gardaniga oʻq uzadi. Ssenariy boʻyicha, Erdoʻgʻanning butun oilasi, jumladan uning kuyovi – Turkiya moliya vaziri Barat Albayroq halok boʻladi.

Istanbul sudi Avchini Fathulla Gulen tashkiloti bilan hamkorlikda ayblab, 6 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etgan. Turkiyada toʻntaruvga urinishni tashkillashtirish ortida aynan Gulen va uning tarafdorlari turgan, deb hisoblanadi.

Sudning fikricha, Avchi film orqali jamiyatda “terrorchilik tashkiloti” gʻoyasini targʻib qilishga harakat qilgan. Sudlanuvchi Erdoʻgʻanning oʻzi ham isyonchilarning nishoni boʻlgani haqida aytganini taʼkidlab, oʻziga qoʻyilgan ayblovni rad etgan. U oʻzini oqlash maqsadida agar terrorchilikni targʻib qilishni istaganda Erdoʻgʻanni oʻldirilgan emas, balki mamlakatdan qochgan koʻrinishda akslantirgan boʻlishini aytgan.

“Bu film agar toʻntaruv amalga oshganda nima boʻlishi haqida. Meni Erdoʻgʻanga toʻpponcha oʻqtalgan sahna uchun jazolashmoqda. Biroq istalgan odamdan soʻrang, toʻntaruvdan maqsad Erdoʻgʻan boʻlgan, buni prezidentning oʻzi ham aytadi. Agar men terrorchilikni targʻib qilganimda Erdoʻgʻanni ibodat qilayotgan holda emas, balki qochish rejasini tuzayotgan holda koʻrsatardim. Agar men yashirin murojaat qilishni istaganimni isbotlay olishsa, men umrbod qamoqqa borishga tayyorman”, deb aytgan Avchi.

Turkiyada 2016 yil 16 iyulga oʻtar kechasi harbiy toʻntaruvga urinish amalga oshirilgandi. Asosiy toʻqnashuvlar Anqara va Istanbulda kechgan. Voqea oqibatida 240 dan koʻproq odam halok boʻlgan, 2 mingdan koʻprogʻi jarohat olgan. Isyonni bostirishga muvaffaq boʻlingan.

Isyondan keyin Turkiyada 50 mindan koʻproq odam hibsga olingan, 160 mingdan koʻproq davlat xizmatchisi oʻz ishidan boʻshatib yuborilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdoʻgʻanning “oʻldirilishi” haqidagi film rejissyori ozodlikdan mahrum etildi