15:03 / 15.09.2018
5 212

Taomdan topilgan kalamush Xitoydagi restoranlar tarmogʻiga 190 mln dollarga “tushdi” (foto)

Taomdan topilgan kalamush Xitoydagi restoranlar tarmogʻiga 190 mln dollarga “tushdi” (foto)
Xitoydagi Xiabu Xiabu restoranlar tarmogʻi aksiyalari narxi taomdan topilgan kalamush bolasi sababli 12 foizga tushib ketdi. Buning oqibatida kompaniya kamida 190 mln dollar ziyon koʻrgan.

Tarmoqning ilk restorani 1998 yilda ochilgan boʻlib, hozirda Xitoy boʻylab 300 tadan koʻproq restoranga ega. Bu restoranlar Xitoyning deyarli barcha yirik shaharlari, jumladan Veyfanda ham mavjud boʻlib, bu yerdagi restoran oshpazlari tayyorlagan shoʻrva sababli tarmoqning “shoʻriga shoʻrva toʻkildi”.

Gap shundaki, restoranga eri bilan birga kelgan homilador ayol shoʻrvasidan kalamush bolasi chiqqan. Bungacha esa ayol shoʻrvadan bir necha qoshiq tatib koʻrishga ulgurgan. Juftlik darhol restoran boshqaruvchisini chaqirtirib, ularga “topilma”ni koʻrsatishgan.

Foto: WEIBO

Restoran maʼmuriyati darhol mijozga yetkazilgan maʼnaviy zararni qoplash uchun 5 ming yuan (730 dollar) berishni taklif qilgan. Biroq er-xotin pulni olishdan bosh tortib, ayol yegan ovqati unga va homilasiga zarar yetkazmaganiga ishonch hosil qilish uchun tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerakligini, shundan keyingina tovon puli va uning miqdori haqida gaplashish mumkinligini aytgan.

Foto: WEIBO

Shunda restoranning “ziyrak” xodimlari nafaqat tibbiy koʻrik haqini toʻlab berishni, balki ayolga abort qilishni taklif qilib, bunga ketadigan 20 ming yuanlik (3 ming dollar) xarajatni oʻz zimmalariga olishlarini aytishgan.

Juftlik abort haqidagi oʻrinsiz soʻzlarni eshitgach, restoran bilan barcha muzokaralarni bas qilib, boʻlib oʻtgan voqea haqida shoʻrvadagi kalamush suratini ilova qilgan holda internetda maʼlum qilgan.

Tez orada surat Weibo ijtimoiy tarmogʻida tarqalib, restoranlar tarmogʻi aksiyalariga taʼsir qilgan. Aksiyalar 11 sentyabrda 2017 yil otkyabridan beri eng minimum qiymatga tushib ketgan. Tarmoq rahbariyati mashʼum restoranni vaqtinchalik yopishga, turli sanitariya xizmatlari tekshiruvlaridan oʻtishiga va OAVda oʻzini koʻplab marotaba oqlashiga toʻgʻri kelgan. Biroq aytish joizki, 12 sentyabrdan tarmoq aksiyalari narxi yana koʻtarila boshlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Taomdan topilgan kalamush Xitoydagi restoranlar tarmogʻiga 190 mln dollarga “tushdi” (foto)