07:02 / 18.09.2018
4 075

Chala amerikalik: Shvarsenegger AQSH konstitutsiyasiga qanday qilib yengilgani haqida

Chala amerikalik: Shvarsenegger AQSH konstitutsiyasiga qanday qilib yengilgani haqida
Ropa-rosa 35 yil muqaddam, 1983 yilning 16 sentyabrida Arnold Shvarsenegger AQSH fuqarosiga aylandi. Garchi “yangi vatani”da aktyor, jamoat arbobi va siyosatchi bir necha filmlarda suratga tushib, hattoki shtat gubernatori boʻlgan esa-da, uning oliy orzusi AQSH prezidenti boʻlish edi. Lekin orzu sari yoʻlga AQSH konstitutsiyasi toabad toʻsiq boʻladi, deb yozadi Kun.uz.

AQSH fuqarosiga aylangan chogʻlarda Shvarsenegger amerikaliklarga juda yaxshi tanilib ulgurgan edi. Uning “Temirni shishir” kitobi bodibilding ixlosmandlari uchun muqaddas hisoblanar, 1982 yilda chiqqan “Konan-varvar” filmi esa katta shuhrat qozongandi.

Aktyor AQSH fuqarosiga aylangan kunni hech qachon unutmaydi. 2015 yilda aktyor oʻz Tvitterida: “Bu hayotimdagi juda buyuk kun. Bu sodir boʻlganidan va qarzimni qaytarganimdan juda xursandman”, deb yozgan.

Amerika fuqaroligi Shvarseneggerga juda koʻp eshiklarni ochgan. Biroq aktyorning orzulari harchand viqorli boʻlmasin, mamlakatdagi oliy siyosiy lavozimga u hech qachon oʻtira olmaydi. AQSH konstitutsiyasiga koʻra, faqatgina AQSH hududida tugʻilgan insongina mamlakat prezidenti boʻlishi mumkin.

2003 yilda Yuta shtatidan Arnoldning muxlisi, respublikachi senator Orrin Hetch AQSH konstitutsiyasiga fuqarolikni keyinchalik qoʻlga kiritganlarga ham saylovda qatnashish imkonini beruvchi oʻzgartirish kiritish kerakligini taklif etadi.

“Arnold tuzatishi” nomini olgan taklif keng muhokama boʻldi, biroq senatda qabul qilinmadi.

Shvarseneggerning oʻzi ham kongressdagi tanishlarini ishga solib, tuzatishni qabul qilishga erishmoqchi boʻldi va hattoki 2016 yilgi saylovlarda Hillari Klintonga raqiblik qilish rejasi ham bor edi.

Biroq Klinton xonimning raqibi Donald Tramp boʻldi. Uni Shvarseneggerga koʻp qiyoslashardi. Ularning oʻzaro munosabatlari ham yaxshi edi. Shvarsenegger ikkinchi bor Kaliforniya gubernatorligi saylovlarida qatnashayotganida Tramp 10 ming dollar xayriya ham qilgan.

Biroq Arniga Trampning meksikaliklar haqidagi chiqishlari yoqmadi va uni tanqid ostiga oldi. Hali bu oʻzaro munosabatlarda hammasi tugadi degani emasdi. Tramp saylovga chalgʻigach, uning TV-shousini aynan Shvarsenegger olib bora boshladi.

2016 yil oktyabrida Shvarsenegger ilk bor partiyadan ilgari surilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlamasligini eʼlon qildi va partiyadoshlarini ham “partiyani emas, mamlakatni tanlash”ga chaqirdi.

Tramp bu gaplarni unutmagan ekanmi, prezident boʻlib olgach, TV-shouda uning oʻrnini Shvarsenegger egallagach, koʻrsatuvning reytingi keskin tushib ketganini yozib chiqdi.

Arnold ham xoʻp demadi-da, Trampga oʻrin almashishni taklif etdi. Shvarseneggerning vakili esa Tramp koʻrsatuvning emas, oʻz reytingi haqida koʻproq qaygʻurgani durust, dedi.

Garchi, prezident boʻlish unga armon boʻlib qoladigan koʻrinsa-da, ikki muddat Kaliforniya gubernatorligi uning uchun ulkan siyosiy tajriba boʻldi.

Shvarseneggerning boshqaruvi shtat aholisida aralash taassurotlar qoldirdi. Ammo aksariyat odamlar Arni oldingi gubernator Devisdan yaxshiroq oʻzini namoyon qildi, deb hisoblaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Chala amerikalik: Shvarsenegger AQSH konstitutsiyasiga qanday qilib yengilgani haqida