17:27 / 19.09.2018
5 671

10 million uygʻur uchun konslager: Sinszyan (1-qism)

10 million uygʻur uchun konslager: Sinszyan (1-qism)
9 sentyabr kuni Human Rights Watch Xitoyning Sinszyan tumanida musulmon aholining taʼqibga olinishi haqidagi hisobotini eʼlon qildi. Tashkilot maʼlumotiga koʻra, soʻnggi yillarda bu yerda uygʻurlar ommaviy va aksar hollarda asossiz ravishda qoʻlga olinib, turma va qayta tarbiyalash lagerlariga yuborilmoqda. Tumanda millionlab inson uchun videokuzatuv tashkil etilgan, ularning ijtimoiy holati va taqdiri “ijtimoiy kredit” deb ataluvchi tizimda hisoblab boriladigan ballarga bogʻliq. Human Rights Watch tashkilotining qayd etishicha, Xitoyda bunday koʻlamdagi qatagʻonlar Madaniy inqilob davridan beri sodir boʻlmagan edi.

“Meduza” nashri rusiyzabon sayyoh va jurnalistning materialini eʼlon qildi: u joriy yozda Sinszyanga borib, yangi texnologiyalar ommaviy taʼqib, irqiy kamsitish va tahqirlashlarga qanday yordam berayotganiga shaxsan guvoh boʻldi. Muallif va uning hamsuhbatlarining xavfsizligi nuqtai nazaridan ularning ismlari keltirilmagan, ayrim ismlar va detallar esa oʻzgartirilgan.

BIRINCHI BOB

Chegara

Qirgʻizistonni Xitoydan ajratib turuvchi Irkashtom dovoniga ilk bor bundan oʻn besh yil avval kelganman. Men avtostop bilan sayohat qilayotgan va butun boshli oʻtkazish punkti – zanglab ketgan simtikanli bostirmadagi yagona sayyoh edim. Punkt oʻrtasiga qoʻyilgan peshtaxta ortida esa qirgʻiz askari uyqusirab oʻtirardi. Balandlik tufayli nafas olish qiyin edi, gapirish undan mushkul: chegara boʻylab esayotgan shamol soʻzlarni yutib yuborardi. Togʻlardan Sinszyanga eltadigan ikki izli yoʻl oʻtgan bu joy mehmonsuymas edi. Peshtaxtaning shundoqqina orqasida – oʻzga mamlakat.

Shlagbaumning har ikki tomonida yuk mashinalari tizilib turardi. Xitoydan Oʻrta Osiyoga, undan nari Rossiyaga keng isteʼmol mollari, Qirgʻiziston va Tojikistondan Xitoyga esa metall va toʻxtab qolgan sovet zavodlaridan arralab olingan dastgohlar tashilgan. Kimning tezroq rivojlanayotgani tushunarli edi, biroq simtoʻsiqning kamroq zanglaganligi va askarlarining yangi budkada oʻtirgani hisobga olinmasa, Xitoy tomonida ham taraqqiyotning izlari unchalik paqalmasdi.

1935 yilda Angliyaning “Tayms” nashri muxbiri Piter Fleming bu oʻlkalarga sayohati haqidagi “Tartariyadan yangiliklar” deb nomlangan ajoyib kitobini chop ettirgan. Xitoy hududining oltidan birini egallagan – Kaspiydan Hindistongacha boʻlgan katta, yetib borish qiyin va sirli hudud XIX asrgacha aynan Tartariya deb atalgan. Bu yerga kela olganlar kam sonli edi, bu yerdagi yangiliklar dunyoga tarqalishi uchun oylab vaqt ketgan.

Sinszyan xitoychada “yangi chegara” yoki “yangi dominion” degan maʼnoni bildiradi. Xitoy tomonidan ilk bor XVIII asrda bosib olingan hududda qadimdan uygʻurlar – tili va liboslari xitoylardan koʻra Markaziy Osiyo xalqlariga ancha yaqin hisoblanuvchi turkiy xalq yashab kelgan. Sahro atrofidan oʻtgan Ipak yoʻli bu yerdagi shaharlarni bir-biriga bogʻlagan. Mazkur shaharlarda uygʻurlar, qirgʻizlar, qozoqlar, tibetliklar va ruslar tinch-totuv yashagan, buyuk savdo yoʻlagining yaqinligi sharofati tufayli Gʻarb, Hindiston, Xitoy va Eron bilan madaniy aloqalar taʼminlangan. Umumiy nomi Sharqiy Turkiston boʻlgan bu hudud oʻzini boʻysundirishga uringan Pekin bilan, baʼzida esa qoʻshnilari bilan bir necha asr davomida kurash olib bordi.

Vaqti-vaqti bilan bu yerda gʻalayonlar va ichki urushlar roʻy bergan yoxud katta davlatlarning manfaatlari toʻqnashgan. Gazetalar ana shundagina Sharqiy Turkiston haqida xabarlar tarqatgan. 1949 yilda Xitoy butkul bosib olganidan keyin esa Sharqiy Turkiston unutildi.

Qirgʻiz chegarasiga eng yaqin hisoblanuvchi Qoshgʻar 2003 yilda ana shunday – unutilgan shahar boʻlib koʻrindi. Onda-sonda keladigan sayyohlarni ikki mehmonxonaga – 1949 yilda yopilgan rus va ingliz elchixonalariga joylashtirishar ekan. Shahar bir xilda qurilgan yangi turar joylar va hashamatli rasmiy binolar bilan oʻralgan. Markaziy maydonda 1968 yilda – uygʻurlarning isyoni avj olgan pallada oʻrnatilgan va bir paytlar Xitoyda eng katta hisoblangan Mao haykali qad rostlagan. Uning ortida esa ekskavatorlar ulkan tuproq gʻovni buzayotgan edi.

Bu aslida gʻov emas, koʻhna shahar devori ekanini anglash uchun menga ikki kun kerak boʻldi. Qoshgʻardagi ana shu devor ortida yana bir shahar joylashgan edi. Bu yerdagilar nafaqat oʻz anʼanalari, balki oʻzlarining vaqtiga muvofiq yashardi: Pekin soatiga koʻra ishlaydigan xitoyliklar uxlash uchun yotganida qadimiy uygʻur markazidagi odamlar kechki ovqatni yeyishga endigina shaylanayotgan boʻlardi. Olomon markaziy masjiddan asta-sekin chiqar va maydon atrofidagi tor koʻchalar boʻylab tarqab ketardi: odamlar koʻchalar boʻylab qoʻyilgan stollarga bamaylixotir joylashar yoki koʻraning tutuni va tandirdan endigina uzilgan nonning ishtahani qitiqlovchi hidi taralgan kechki bozor tomon yoʻl olardi.

Erkaklar egniga uzun toʻn, boshiga moʻyna hoshiyali qalpoq, oyoqlariga esa tizzagacha keladigan etik kiygan. Ayollar koʻzlariga surma surgan, erkaklar esa belbogʻiga qoʻshni Yangihisor shahrida tayyorlangan mashhur pichoqlarni osib olgan. Ulkan bozorda gilamlar, qoʻylar, quritilgan kaltakesak va ilonlar sotilar, koʻchalarda sartaroshlar mijozlariga xizmat koʻrsatar, otboqarlar esa otlariga qoʻshni temirchilar tayyorlagan taqalarni qoqardi. Bu yerda xuddi Fleming – ungacha esa XIX asrning oxirlari va XX asrning boshlaridagi buyuk sayyohlar – tasvirlaganidek hayot qaynar edi.

2000-yillarning boshida Qoshgʻarga borish “Ming bir kecha”ga tushib qolishdek gap edi, biroq bir paytlar shahar chetida joylashgan xitoy dahalari eski binolarni halqada siqqandek siqib borardi. Oysiz kechalarda masjidlarni bezab turgan yuzlab hilollar ostida kezar ekanman, bularni oxirgi marta koʻrib turganimni tushunar va uygʻurlarning bu oʻzgarishlarga nisbatan toqatiga hayron boʻlar edim. Holbuki, oʻsha payt qoʻshni Tibetda oʻzgarishlar politsiyaning kuchli nazorati ostida amalga oshirilayotgandi.

Lekin qarshiliklar koʻp kuttirmadi.

2009 yilda Sinszyan poytaxti Urumchida politsiya Janubiy Xitoyda uygʻur ishchilarning oʻldirilishidan gʻalayonga kelgan olomonni tarqatishga urindi. Tartibsizliklarda 197 kishi – asosan xitoylar oʻldirildi. Hukumat mitingda qatnashgan minglab kishilarni hibsga oldi, ulardan kamida 30 nafari otuvga hukm qilindi. Bunga javoban uygʻurlar joʻn, yomon tashkillashtirilgan, biroq muntazam teraktlarni boshlab yubordi.

2010 yilda Oqsuvda bir erkak va ayol odamlarga qarata porlovchi moslamalarni otdi: halok boʻlgan yetti kishidan besh nafari politsiya xodimi edi. Bir yil keyin pichoqlar bilan qurollangan oʻn besh kishi hijobning taqiqlanishiga norozilik sifatida Xoʻtandagi politsiya boʻlimiga hujum qildi: hodisada hujumchilarning bari va ikki politsiyachi oʻldi. 2011 yining iyulida Qoshgʻarda yuz bergan portlashlar oʻn kishining oʻlimga sabab boʻldi. 2014 yilda Kunmin vokzalidagi pichoqli hujum oqibatida 33 kishi halok boʻldi. Oʻsha yili Xitoyning Qirgʻizistondagi elchixonasiga hujum uyushtirildi va xitoy sayyohlari orasida mashhur boʻlgan Bangkokdagi ibodatxona portlatib yuborildi.

Bu payt Sinszyandagi qatagʻonlar shu darajada kuchayib ketdiki, pirovardida koʻplab uygʻurlar xalqaro terrorchi guruhlar safiga qoʻshila boshladi. Suriyadagi janglardan keyin Turkiyada yashayotgan uygʻur jangarilaridan biri AR agentligiga bergan intervyusida ularni aslida Suriyadagi urush emas, vatanlarida kelgusida qoʻllash uchun harbiy tajriba qiziqtirganini aytli. Ular boshqa ISHIDchilardan yashirin ravishda sionistlarning ishlarini sinchiklab oʻrganishgan va davlat qurishning yahudiycha tajribasini oʻz davlatlarini barpo etishda qoʻllashga umid qilishgan. Nima boʻlganda ham, Suriyaga kamida ming nafar jangari joʻnatgan “Sharqiy Turkiston islomiy harakati” aksar Gʻarb davlatlarida terrorchi tashkilot hsoblanadi.

2014 yilda “terrorga qarshi xalqaro urush”ga qoʻshilgan Pekin uchun esa bu katta omad boʻldi.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 10 million uygʻur uchun konslager: Sinszyan (1-qism)