12:06 / 27.09.2018
4 397

“Tibetga sirli sayohat”...

“Tibetga sirli sayohat”...
XIX asrda Rossiya Oʻrta Osiyo hududida faol siyosat olib bordi. Bundan, shubhasiz, Angliya hukumati norozi edi. Koʻribsizki, ikki orada oʻta sirli diplomatik jang boshlandi. Sababi, Oʻrta Osiyo Angliyani ham Rossiyadan kam qiziqtirmasdi. Ikki davlat josuslari oradan hech qancha vaqt oʻtmay ushbu jangda faol ishtirok eta boshladi.

Imperator janoblari qabulida

Rossiya hukumatini koʻproq mamlakatni Oʻrta Osiyo bilan bogʻlovchi Sinszyan viloyati qiziqtirardi. Aynan shu viloyat Tibet bilan chegaradosh va diplomatik jangda harbiy harakatlar markaziga aylanishi mumkin edi. Rus bosh shtabi shu hududdagi Angliya harbiylari kirib kelishi muqarrar boʻlgan barcha yashirin yoʻllarni bilishga oshifta edi. Aleksandr II shuni hisobga olgan holda zudlik bilan Osiyoda togʻ orqali oʻtadigan temir yoʻl qurilishi boshlashga farmon berdi. Bu temir yoʻl mamlakat askarlarini kerakli manzilga yetkazish uchun xizmat qilishi rejalashtirildi.

Oradan bir necha yil oʻtib, Rossiya hukumati Oʻrta Osiyoga yuborish uchun mashhur sayyoh va ofitser, oʻsha paytda general unvonini olib, hukumatda yuqori lavozimlardan birini egallagan Nikolay Prjevalskiy, Bosh shtab ofitseri P. K. Kozlov, taniqli sayyoh V. I. Roborovskiy yetakchiligida bir nechta ekspeditsiya guruhini tuzdi. Bu guruhning vazifasi tayin. Tibetning eng maxfiy hududiga buddist qalmiqlar yordamida kirib borishdan iborat edi. Josuslar guruhiga tajribali mutaxassis, Tibet tilini yaxshi oʻzlashtirgan Ulanov boshlovchi etib tayinlandi.

Bungacha Ulanov Sankt Peterburgda Tibetda josuslar amalga oshirishi lozim boʻlgan maxfiy ishda qanday intizom, tajriba zarur boʻlsa, barchasini oʻrgatuvchi maxsus kursda oʻqitildi. Aslida kurs ikki yil davom etishi lozim edi. Biroq Angliya hukumati yuritayotgan siyosat keskinlashgach, oʻqish toʻxtatilib, Ulanov xizmat vazifasini ado etish uchun Tibetga ketishga tayyorgarlik koʻra boshladi.

Haqiqatan, oʻshanda Angliya rus-yapon urushi boshlanganidan unumli foydalanishni moʻljallab, oʻz harbiy qismlarini Tibetga olib kirishga ulgurgandi. Harbiylar juda tez fursatda Lxasani egalladi. Dalay-lama inglizlar taʼqibidan qochib Mongoliyaga oʻtib ketdi.

Rossiyaning asosiy vazifasi ingliz qoʻshinlarini Tibetdan siqib chiqarish, Tibetni Xitoy hukumati ixtiyoriga topshirishdan iborat edi. Afsuski, bu ishni amalga oshirish ham qiyinlashgani koʻzga tashlanib qoldi. Negaki, inglizlar Tibet rahbarlari bilan kelishuv shartnomasini imzolashga erishdi. Shartnomaga koʻra, Tibet toʻliq inglizlar ixtiyoriga berib qoʻyilgandi.

1904 yili Rossiya mudofaa vaziri general-adyutant Kuropatkin Nikolay II nomiga maktub yoʻllab, josuslar guruhi rahbari Ulanovni bir yil muddatga egallab turgan vazifasidan boʻshatishni soʻradi. Bu, albatta, dushmanni chalgʻitish yoʻllaridan biri edi. Sababi, Ulanovning qanday qudrat va salohiyatga ega ekanini inglizlar yaxshi bilishi, maxfiy josuslar guruhidan xabardor ekaniga shubha qilmasdi.

Maktubda yana vazir ushbu harakatning sirlari haqida alohida toʻxtaldi. Nikolay II vazirni toʻgʻri tushungan holda iltimosini rad etmadi. Shu bilan birga josuslar guruhining kelgusidagi faoliyatini mukammallashtirish maqsadida xazinadan oʻn toʻrt ming rubl (Bu oʻsha davr uchun juda katta mablagʻ hisoblangan) ajratdi. Qolaversa, maktubdagi iltimoslarni qondirish uchun shaxsan Ulanov, gelyun Dambo Ulyanov hamda yana bir nechta koʻzga koʻringan josuslarni Qishki saroyda qabul qildi.

Qabul oʻta maxfiy vaziyatda oʻtdi. Qabulga tashrif buyurganlarga harbiy kiyimda emas, oddiy fuqaro kiyimida kelishga ruxsat berildi. Imperatorning ushbu uchrashuvi matbuotda eʼlon qilinmasligi masalasida barcha chora tadbirlar ham koʻrib qoʻyildi.

— Azizlar, — degandi oʻshanda imperator Nikolay II. — Tibet masalasida Angliya bilan sovuq urush boshlanish xavfi bor. Esda tuting, sizning josuslik guruhingiz Rossiya manfaatlarinigina himoya etishi zarur!

Yoʻldagi halokat

1904 yil yanvarida josuslar guruhi Sankt Peterburgni tark etib, bahorga yaqin Oʻrta Osiyoga kirib bordi. Josuslar sir saqlanishi uchun oʻzlarini goʻyo Sinszyan fuqarolari qilib koʻrsatishga urinardi. Ammo oldinda juda jiddiy muammo koʻndalang edi. Kerakli hujjatlarni qoʻlga kiritishning oʻzi boʻlmasdi. Chunki ingliz josuslari ham mudramayapti. Ular hamon hushyor turibdi. Shunga qaramay, josuslar Kuldj shahridagi rus vakolatxonasi xodimlari koʻmagida oʻsha hujjatlarni qoʻlga kiritdi. Oʻsha yerda tajribali karvonboshilar hisoblanmish toʻrt nafar mahalliy fuqaro josuslar safiga kelib qoʻshildi.

Josuslar monax kiyimida Xitoy hududiga tobora ichkarilab bordi. Hammasi koʻngildagidek kechayotgandi. Ammo kutilmaganda fojia yuz berdi. Josuslik guruhi rahbari Ulanov va yordamchisi Sharapovlar gʻalati kasallikka duchor boʻldi. Bu qanday kasallik ekanini na josuslar, na mahalliy tabiblar aniqlay olishdi. Oradan bir necha kun oʻtib Ulanov olamdan oʻtdi. Keyinchalik maʼlum boʻldiki, ikki yetakchi ham ingliz josuslari tomonidan zaharlangan ekan. Biroq Sharapov xastalikni yenga oldi. Asta-sekinlik bilan boʻlsa-da, oyoqqa turdi. Faqat bir narsa achinarli edi. Guruh yetakchisiz qoldi. Bu narsa maxfiy amaliyotni yoʻqqa chiqarishi mumkin edi. Gelyun Ulyanov mulohaza qilib koʻrib, Kuldjga yoʻl oldi va u yerdagilarni boʻlib oʻtgan ishlardan ogoh etdi.

— Siz guruh yetakchiligini zimmangizga olasiz, — deyishdi Kuldjdagilar. — Biz Sankt Peterburg bilan bogʻlandik. Bosh shtabdagilar nomzodingizni qoʻllab-quvvatladi.

Shunday qilib, gelyun Dambo Ulyanov josuslar guruhi yetakchisiga aylandi. U karvonni Chemen togʻlariga olib chiqdi. Josuslar oʻsha yerda qalmiqlar orasida qishlab qoldi. 1905 yil martida esa guruh dovon orqali Tibetga joʻnadi.

Lxasa

May oxirida josuslar guruhi Tibet poytaxti Lxasaga yetib keldi. Oʻsha yerda ham Ulyanov oʻzidagi noyob qobiliyat, yaʼni, oʻzini artistlarcha tutishi natijasida mahalliy aholining hurmat, eʼtiborini qozona oldi. Bunga, ayniqsa, uning mahalliy ilohlarga sigʻina boshlashi ham jiddiy sabab boʻldi.

Lekin Ulyanov yaxshi bilardi. Lxasada ingliz agentlari yetarlicha topiladi. Shuning uchun Ulyanov ularni chalgʻitishning ajoyib yoʻlini topdi. U qachonlardir tibet tilida buddizmning muammoli masalalari tahlilini qogʻozga tushirgandi. Shuni sumkasidan olib buddizm vakillari eʼtiboriga havola etdi. Koʻribsizki, tez kunda Ulyanovni monaxlar buddizm olimlari darajasida koʻra boshlashdi. Angliya josuslari esa guruhni haqiqatan buddizm vakillari deb xayol qildi va eʼtibordan chetda qoldirdi.

Ulyanov juda ehtiyotkorlik bilan Tibetdagi Rossiya manfaatlariga xizmat qiluvchi noyob maʼlumotlarni yigʻa boshladi. Hatto, kunlarning birida dalay-lama yoʻqligi sababli Tibetni boshqarayotgan Goldan Giva-Rambuch qabuliga kirish sharafiga muyassar boʻldi. Aynan u Rossiya diplomatiyasi taʼsirida inglizlar oʻz qoʻshinlarini Tibetdan olib chiqib ketganligini maʼlum qildi.

Hammasi risoladagidek edi. Yana kutilmagan hodisa yuz berdi. Yarim kechasi yordamchisi Sharapov josuslar guruhi joylashgan binoning uchinchi qavatidan pastga qulab tushdi. U toshga yiqilgan ekan.

Oyoqqa turib ketishiga ishonch deyarli qolmagandi. Ulyanov navbat oʻziga kelganini, ingliz josuslari ularning hech birini tirik qoldirmasligini anglab yetdi. Xayriyatki, mahalliy tabiblardan biri koʻnglini koʻtardi. Sharapovni ikki oy deganda oyoqqa turgʻazishga vaʼda berdi. Shunday boʻldi ham. Qanday malham yordamida davolaganini sir tutsa-da, Sharapovni oyoqqa turgʻazdi. Ulyanov esa bu muolaja sirlarini aniqlashga harakat qilib koʻrdi. Baribir foydasi boʻlmadi. Sir sirligicha qolaverdi.

Qaytish

1905 yil avgustida maxfiy josuslar guruhi Lxasani tark etdi. Va 1906 yil 17 mart kuni josuslar guruhi Rossiya poytaxtiga yetib keldi. Ulyanov zudlik bilan Tibetda qalmiq tilida qogʻozga tushirgan kundaliklar asosida Mudofaa vazirligi va tashqi ishlar vazirligi uchun doklad tayyorladi. Bu doklad oqibatda Rossiya hukumat rahbarlarining maqtovlariga sazovor boʻldi.

Tez orada dalay-lama bilan uning Lxasaga qaytishi xususida muzokaralar boshlandi. Dalay-lama esa qachonki rus harbiylari uni shaxsan qoʻriqlab borsa, Mongoliyadan Tibetga qaytishi mumkinligini bildirdi. Shart qabul qilindi.

Rossiya Xitoy va Angliya bilan muvaffaqiyatli ravishda shartnomalar imzoladi. Bunga koʻra, Tibet inglizlar tomonidan Xitoyning bir qismi sifatida eʼtirof etildi. Biroq josuslar guruhining Tibetda amalga oshirgan maxfiy ishlari hanuz sirligicha qolib ketdi. Hatto, imperator Nikolay II ning Qishki saroyda Tibetga yoʻl olish arafasida turgan josuslarga qanday aniq topshiriqlar bergani ham hech kimga maʼlum emas.
Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi

Manba: Hordiq.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Tibetga sirli sayohat”...