10:50 / 29.09.2018
6 866

Buyuk Britaniyalik ayollar nima uchun Islomni tanlashmoqda?

Buyuk Britaniyalik ayollar nima uchun Islomni tanlashmoqda?
Buyuk Britaniyada Islomga kirayotgan ayollar soni kun sayin oshib boryapti. Ularning nima uchun musulmon boʻlayotganlari borasida Key Jardin bir tadqiqot oʻtkazdi. Taʼqib, ruhiy tushkunlik va bedorlikdan aziyat chekkan Kimberli Mak Krindl tengdoshlarining mazax qilib, kulishlari sabab oʻzini jamiyatga begonadek his etardi. Shu bois 19 yoshli talaba qiz yangi, osuda hayot tarzini qidira boshladi.

Mak Krindlning oilasi dahriy edi. Penkuikadagi oliy maktabda taʼlim olguniga qadar hatto uning diniy maʼlumoti ham boʻlmagan. Oliy maktabda oʻqib yurgan kezlari u har yakshanba mahalliy cherkovga qatnashga odatlandi. Lekin qidirayotgan huzur-halovatini topolmadi. Edinburgdagi kollejga oʻqishga kirgach esa, bir necha musulmon dugonalar orttirdi va ular orqali ilk bor Islom bilan tanishdi. Keyingi hayoti haqida oʻzi bunday hikoya qiladi:

“Men halovat qidirdim. Oʻtmishim juda ogʻir kechgan. Maktabda koʻp qiynalganman, odamlar meni besoʻnaqay va badbashara deyishardi. Shu sababli baxtga erishish yoʻlini qidira boshladim. Haftada bir marta cherkovga borishga harakat qilardim. Lekin bu harakatim faqat qiziqish edi, xolos. Men negadir oʻzimni nasroniy deb hisoblamasdim. Cherkovga goʻyo begonadek edim.

Masjidda esa qalb bir osudalikni his qiladi. Kunlik besh mahal ibodat bilan oʻy-fikrni bir yerga jamlab, aniq maqsadni belgilab olasiz. Bunda Qurʼoni Karim yoʻlboshchilik qiladi. Uni oʻqirkansiz, ruhda bir yengillik sezasiz”.

Mak Krindl Islomni qabul qilganiga uch yil boʻldi. Turmush qurgach, ismini “Tasnim Solih” deb oʻzgartirdi. U Buyuk Briganiyadagi kundan-kun koʻpayib borayotgan muslima ayollardan biri.

Aniq maʼlumotlar boʻlmasa-da, Islomni qabul qilayottanlar soni oshyapti, ularning asosiy qismini ayollar tashkil etadi, deya taʼkidlaydi Glazgo universitetining ijtimoiy antropologiya boʻyicha bosh maʼruzachisi, Buyuk Britaniyada Islom munosabatlari eksperti Nikol Burk.

«Insonlar hamma vaqt Islomni qabul qilib kelgan, – deydi u. – Mendagi maʼlumotlarga koʻra, birgina Glazgoda hozir Islomni qabul qilganlar ikki yuz kishini tashkil etadi, lekin bu koʻrsatkich ham taxminiy. Aniq raqamlar maʼlum emas.

Glazgodagi Kazra masjidi imomi Muhammad Farogul Qadrining aytishicha, inson Allohga yaqin boʻlishi uchun qalb va ongida xotirjamlikni, Haq taoloning rububiyatini his qilishi juda muhimdir.

Gʻarbda keng yoyilgan Islomning ayollarga yomon munosabatda boʻlishi haqidagi yolgʻon tushuncha tufayli hurfikrli Gʻarb ayollarining aksariyati Islom dinining asl mohiyatini anglab yetish imkoniga ega boʻlolmayapti.

Glazgo va Edinburgda Islomni qabul qilayotgan ayollarning nega hayotlarini bunday oʻzgartirayotganlari oʻrganib chiqildi.

Yigirma yetti yoshlik Baxiyya Malik (sobiq Lyusi Norris) uchun bu narsani tushuntirib berish qiyin. Edinburgda yashovchi opa-singil Baxiyya, Viktoriya va ularning akasi Gʻarbiy Midenning kichkina qishloq cherkovida har yakshanba nasroniylik taʼlimini olishardi. Yoshlari ulgʻaygach cherkovga bormay qoʻyishdi. Yetti yil oldin akalari imon keltirib, musulmon boʻlganidan soʻng, egizak qizlar ham Islomni qabul qilishdi.

“Balki yoshlik davrimiz bunchalik baxtli oʻtmagandir. Oʻsha paytda bizga nimadir yetishmayotganini his qilardik. Lekin ozgina tortinchoqligimizni hisobga olmasak, oddiy insonlar qatori hayot kechirganmiz”, deydi Baxiyya. U Edinburgda “Ommaviy axborot vositalari va televideniye” mutaxassisligi boʻyicha oʻqigan kezlari ham shunday qoniqmaslik hissini tuygan.

Olti oy Islom dinini oʻrganganidan soʻng Baxiyya qidirgan narsasini topgandek boʻldi va Londondagi masjidga borib, musulmon boʻlganini eʼlon qildi.

“Menimcha, qalbning oʻzi Islomga intiladi, – deydi u. – Buni soʻz bilan ifodalash qiyin. Qalb sizga boʻysunmagan holda, ichki intilish Alloh tomonidan ekanini aytayotgandek boʻladi”.

Musulmon boʻlayotgan ayollarning Islomga nisbatan mavjud notoʻgʻri talqinlardan xabarlari bor. Ular bu fikrlarning yolgʻon ekanini alla-qachon tushunib yetishgan.

“Siz oʻzingizni har doim nazorat qilib yurasiz, – deydi Tasnim. – Musulmon erkaklar sizni muslima ayol sifatida hurmatlab, yordam berishga harakat qilishadi. Hurmat va himoyaga sazovor boʻlasiz”.

Baxiyyaning aytishicha: “Oʻzingizni qanchalik libos bilan berkitsangiz, sizga shunchalik ehtiros bilan qarashmaydi va siz bilan bir inson sifatida hisoblashishga majbur boʻlishadi. Bu hol esa sizga erkinlik beradi”.

Odatda musulmon ayollar uydan tashqarida pardozdan foydalanishmaydi. Tashqi koʻrinish hech qanday ahamiyat kasb etmasligini ular bilishadi. Shuningdek, britaniyalik ayollar Islomni qabul qilgunlariga qadar boʻlgan holatlarda yurishni endi xohlashmayapti.

Glazgoda yashovchi Xafsa Xashmi bundan 24 yil oldin Islomni qabul qilgan. “Bizning maqsadimiz dunyo hayoti va oxirat hayotidir. Ayrim insonlar uchun bu gʻalati tuyulishi mumkin. Oʻlar oʻlim haqida oʻylamaydilar. Holbuki, Islom dinida oxiratga ishonch imonning asosiy shartlaridan biri. Solih amallar qilayotganingizni bilsangiz, hayotimiz ham yaxshi oʻtadi”, deydi u.

Islomni qabul qilayotganlar uchun katta masʼuliyat yuklanadi. Ular kunlik besh mahal ibodatni qilishlari, yeyayotgan taomlariga eʼtibor berishlari lozim. Baʼzilari ish joylarida boshliqlari bilan kelishgan holda alohida ajratilgan xonalarda bemalol ibodat qilishadi.

Musulmonlikni tanlagan ayollar, shuningdek, tashqi koʻrinishlarini oʻzgartirishlari lozimdir. Shariatda belgilanganidek, ayollar kamtarona kiyinishlari kerak. Tasnim ilk bor hijobga kirganida odamlarning unga boshqacha koʻz bilan qarashlaridan noqulay vaziyatga tushardi. Keyinchalik, hatto hijobini yechishga ham majbur qilishdi.

“Odamlar menga: «Uyingga yoʻqol!” deya baqirishardi. Bir kishi kollejdagi avtobus bekatida turganimda, menga tupurgan ham. Biroq hozir unday tazyiqlar yoʻq, yana hijobda yuribman. Shunday kiyinsam oʻzimni yanada ishonchliroq his qilaman», deydi u.

Baxiyya musulmon boʻlgan kunidanoq hijob kiygan edi, lekin ota-onasi bunga qarshilik koʻrsatishdi. Bir necha munozaralardan soʻng, oxiri rozi boʻlishdi.

Tasnimning qarori uning daxriy ota-onasini gʻazablantirib yubordi. “Mendagi oʻzgarishni ular dastlab oʻtkinchi havas deb oʻylashdi, biroq hijobga kirganimni koʻrib, ahdim qatʼiy ekaniga ishonishdi. Oila qurish borasida soʻz ochganimda esa, ortiq chidab turisholmadi. Ular boshqa millatga mansub, oʻzimdan yoshi katta musulmon kishi bilan turmush qurishimga rozi boʻlolmas edilar”.

Tasnim onasi bilan oldingidek yaqin, bir-birlari bilan yaxshi munosabatda boʻlsalar-da, eʼtiqod masalasida gaplashmaslikka harakat qilishadi. Otasi esa u bilan aloqani uzib qoʻydi.

Yigirma toʻrt yil oldin Islomga kirishi gʻayritabiiy hodisa tuyulgani uchun, oʻz qarorini ota-onasiga aytish Xafsaga qiyin boʻlgan. Ularga bu gap umuman teskari taʼsir koʻrsatgan. “Menimcha, onam men turmushga chiqayotgan kishi sababli musulmonlikni qabul qilgan deb oʻylagan. Lekin men toʻrt yil oldin imon keltirib, musulmon boʻlgan edim. Oila qurgunimga qadar ota-onam bundan bexabar edi. Toʻyimiz boʻlib oʻtganidan keyin onam: «Agar sen baxtli boʻlsang, men ham baxtiyorman”, dedi. Biroq chamamda u baribir norozidek edi. Otam esa oʻz yoʻlimni topganimdan xursand boʻldi. Har ikkisining oʻrtasidagi farq ham shunda».

Tasnim ikki yil oldin sudanlik Sobir bilan turmush qurgan. U ilgari oʻzini bunchalik baxtli his qilmagan. “Turmush oʻrtogʻimni kollejda uchratib qolganman. Men unga ingliz tilini oʻrgatardim, u esa menga Islom dini haqida gapirib berardi”, deydi u.

Baxiyyaning turmush oʻrtogʻi Sharafiddin (sobiq Kameron) ham musulmonlikni yaqinda qabul qilganlardan.

Tasnim, Baxiyya va Xafsa ayrim taomlarni isteʼmol qilishmaydi, shuningdek, mast qiluvchi ichimliklar ham ichishmaydi. Ayollarning aytishicha, ular musulmon boʻlgunlariga qadar oʻtgan turmush tarzlarini sira qoʻmsamaydilar.

“Men uchun Islom yetarli, – deydi Baxiyya. – Agar siz hidoyat yoʻlini tanlasangiz, boshqa hech narsaga ehtiyoj sezmaysiz”.

Musulmon boʻlgach, Tasnim uzoq yillar qidirgan baxtiga erishdi. “Islom sizning hayotga munosabatingizni, xulq-atvoringizni va fikrlash tarzingizni tubdan oʻzgartirib yuboradi, – deydi u. – Hozir men oʻzimni yanada qatʼiyatli, baxtli va mamnun his qilyapman. Men orzu qilgan narsamga erishdim…”

Manba: azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Buyuk Britaniyalik ayollar nima uchun Islomni tanlashmoqda?