15:18 / 29.09.2018
4 509

10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (2-qism)

10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (2-qism)
Sukut

Oʻtgan yillar davomida Qoshgʻardan maʼlumotlar juda kam keldi – Urumchidagi hodisalardan keyin butun Sinszyanda internetni bir yilga oʻchirib qoʻyishdi, Oqsuvdagi teraklar haqidagi xabarlarning tarqalishi esa esa hatto Xitoyning oʻzida ham toʻsildi. Shimoldan Tibetga borishni yoki sahrodan velosipedda oʻtishni istagan kam sonli sarguzashtparastlarni hisobga olmaganda, Sinszyanga hali ham sayyohlar deyarli kelmayotgan edi. Nimalar sodir boʻlayotganini bilish uchun men u yerdagilar bilan yozishib turar edim.

2003 yilda sportchilardan biri Ininda bir qirgʻiz bilan uchrashib qolganini aytdi. Oʻsha qirgʻiz Qoshgʻarda ommaviy otuvga guvoh boʻlganini, harbiylar jasadlarni mashinalarga ortganini va mashinalardan yoʻl boʻyi qon oqqanini gapirib beribdi, hatto hodisa joyini ham koʻrsatibdi. Bir necha yildan keyin xuddi shunday voqeani Qoshgʻarda yashovchilardan biri ham hikoya qilib bergan.

Sinszyanni joriy asrda Rossiya televideniyesi orqali birinchi va oxirga marta 2007 yilda koʻrsatishdi: Sergey Chernik boshchiligida Yurunkash daryosi boʻylab safar qilayotgan olti kishidan toʻrt nafari halok boʻlgan edi. Bu voqea katta shov-shuvni keltirib chiqardi, aftidan, politsiya tekshiruv oʻtkazgan. Biroq Chernikning guruhiga yoʻl koʻrsatgan gid ham, boshqa uygʻur gidlar ham 2015 yilgacha xatlarimga javob yozib turishdi. Keyin esa ular bilan aloqa uzildi.

Taxminan oʻsha vaqtlarda Myunxenda joylashgan “Butunjahon uygʻurlar kongressi” Sinszyanda odamlar yoʻqolayotgani haqida vahimali xabarlarni eʼlon qila boshladi. Ularning maʼlumotiga koʻra, uygʻurlarga hatto boshqa viloyatlarda yashovchi yaqinlari bilan ham aloqa qilish taqiqlab qoʻyilgan. Xitoydagi uygʻurlar xorijdagi doʻstlarini Xitoyda ommaviy hisoblanuvchi WeChat messenjeridagi roʻyxatdan oʻchira boshladi. WhatsApp va Feysbuk oldinroq toʻsib qoʻyilgan, ularni yuklaganlar turmaga tushishi mumkin edi.

Taqiq faqatina ovozli xabar va chatga taalluqli boʻlgan paytlarda ayrim ota-onalar xorijda oʻqiydigan farzandlari bilan video orqali suhbatlashib turdi, ammo ular gapirayotgan gaplar ayni paytda ular koʻrsatib turgan qogʻozlardagi yozuvlardan farq qilar edi. Kimlardir videooʻyinlardagi chatlar orqali aloqa oʻrnatishga muvaffaq boʻldi. Shundan keyin hammayoq tinchib ketdi. 2016 yilning kuzida Sinszyanga borgan velosipedchi nemis doʻstim Xoʻtanni simtikanlar bilan oʻrab olingan shaharga oʻxshatgandi. Endi Pekinda ham rasmiy munosabat oʻzgargan edi: ular muxolifatning siyrak ekstremistlardan iborat ekanini taʼkidlamay qoʻydi. “Begona oʻtlarni bittalab yulib tugatib boʻlmaydi, – dedi partiyaning Qoshgʻardagi masʼullaridan biri. – Barini birdaniga yoʻqotish uchun bizga kimyoviy dorilar kerak”.

Bundan bir necha yil avval Tibetda odamlarning shubhali yigʻilishlari haqidagi signalni markazga yuboradigan videokameralar oʻrnatilgandi. Bu kameralar odamning kallasidek keladigan kattalikdagi shar koʻrinishida boʻlib, ikkita “koʻzi” bor edi: tibetlik doʻstlarimning aytishicha, bu kameralar mahalliy aholini qoʻrqitish uchun atayin odamsimon koʻrinishda ishlab chiqarilgan. Biroq 2016 yili Sinszyanda Kommunistik partiyaning mahalliy boʻlimi kotibligiga “Tibetni bostiruvchi” Chen Syuangao tayinlangach, choralar hatto Tibet bilan solishtirganda ham, oʻta vahimali tus oldi.

Yangi boshliq ilk nutqlaridan birida “terrorchilarning jasadlarini xalq urushining poyonsiz dengiziga koʻmib yuborish”ga vaʼda berdi. Uch oy keyin esa qama-qamalar boshlanib ketdi. 2017 yilning aprelidan eʼtiboran odamlarni hijob, soqol, anʼanaviy liboslar, omma oldida Qurʼon tilovat qilish va hatto bolalarga arabcha ism berganlik uchun qamashga kirishildi. Baʼzi joylarda qamalganlar soni aholining 40 foiziga yetdi. Norozilar “tarbiyalash lagerlari”ga – sahroda qad rostlagan, darvozasi zirxli, devorlari qalin va simtikanlar tortilgan, qoʻriqchilari son-sanoqsiz boʻlgan joyga joʻnatila boshlandi. Uygʻur manbalar bunday lagerlarda yuz minglab odamlar saqlanayotganini aytgach, men yana Sinszyanga borishga qaror qildim.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (2-qism)