16:12 / 29.09.2018
3 949

Abramovich Londondan zerikkan koʻrinadi, milliarder haqidagi tafsilotlar eʼlon qilindi

Abramovich Londondan zerikkan koʻrinadi, milliarder haqidagi tafsilotlar eʼlon qilindi
Milliarder Roman Abramovich shu yilning bahoridan beri Londonga kelmadi va hatto oʻzining Britaniyadagi eng qimmat aktivi – “Chelsi” klubini sotishni rejalashtirgan. Abramovich uni 3,9 mlrd dollarga sotmoqchi. 2,3 mlrd dollarlik taklifni esa u rad etdi, deb yozadi Bloombergʻga asoslanib “Kun” nashri.

Tafsilotlar

Abramovich 2018 yil bahoridan buyon Londonda koʻrinmayapti – oʻshanda The Bell birinchi boʻlib biznesmen investitsion vizasini uzaytirish borasida muammoga duch kelganini yozgandi. May oxirida Abramovich Angliya Kubogi finalini oʻtkazib yuborishiga toʻgʻri keldi – oʻshanda uning klubi “Manchester Yunayted” ustidan 1:0 hisobida gʻalaba qozongandi.

The Bell butun dunyodagi samolyotlar transponderlaridan maʼlumot yigʻuvchi ADS-B Exchange maʼlumotlar bazasidan Abramovichning Boeing 767 samolyoti Londonda oxirgi marta 1 aprelda boʻlganligini aniqladi.

Keyinroq Britaniya OAV Abramovich viza olish uchun bergan arizasini qaytarib olgani, buning oʻrniga unga Buyuk Britaniyada vizasiz olti oy boʻlish imkonini beruvchi Isroil pasportini olgani haqida xabar qildi.

Britaniya vizasi bilan bogʻliq muammolar va Amerika sanksiyalari nishoniga tushib qolish xavfi milliarderni “Chelsi”ni sotish haqida jiddiy oʻylashga majbur qildi, deb yozadi Bloomberg. Abramovich klubni toʻliq yoki qisman sotish uchun Nyu-Yorkning Raine Group bankini maslahatchi sifatida yolladi. Nashr manbalarining bildirishicha, u klubni 2,3 mlrd dollarga sotish haqidagi taklifni rad etgan.

Abramovichga “Chelsi”dan ayrilish qiyin boʻladi, deb yozadi Bloomberg uni yaqindan bilgan manbalarga tayanib. U jamoaga qattiq bogʻlanib qolgan. “Uning uyida va yaxtasida deyarli har bir burchakda futbol oʻyini namoyish etilayotgan teleekranlarga koʻzingiz tushadi”, — degan uning yaqin tanishlaridan biri.

Biznesmen 2003 yilda Britaniya klubiga 220 mln dollardan ortiq sarmoya kiritgan va oʻshandan buyon klub uchun 1,4 mlrd dollardan ortiq pul sarfladi. Klubning zararga ishlashi Abramovichni tashvishlantirmagan. “Chelsi” faqat bir marta – 2014 yilda daromad topgan.

Biznesmen klubga nafaqat koʻp pul sarflagan, balki uni faol boshqargan ham. U transferlar boʻyicha qaror qabul qilgan va boʻlajak murabbiylar bilan shaxsan oʻzi suhbatlashgan. Iyulda Abramovich Antonio Konte oʻrniga Mauritsio Sarrini murabbiylikka qoʻydi. U “Chelsi”ning 15 yil ichidagi 11-murabbiyi boʻldi.

Endi koʻp millionli xarajatlarga chek qoʻyiladi — “Chelsi” yaqinda “noqulay investitsion muhit” sababli oʻz stadioni qurilishini toʻxtatganini eʼlon qildi.

Abramovichning Buyuk Britaniyadagi aktivlari

Abramovich —Londongrad (Londongrad) (rossiyalik boylarning mehr qoʻyganligi tufayli Britaniya poytaxtini hazillashib shunday deb atashadi) shahrining haqiqiy ramzi hisoblanadi, deb yozadi Bloomberg. Milliarderga futbol klubidan tashqari, Buyuk Britaniyaning eng qimmat koʻchasi — Kensington Palace Gardensʻdagi 15 xonali koshona ham tegishli (uy 2011 yilda 118 mln dollarga sotib olingan). Abramovichning yetti farzandidan beshtasi Buyuk Britaniyada oʻqigan.

Biznesmenga 30% aksiyasi tegishli boʻlgan Rossiyaning Evraz metallurgiya kompaniyasi shtab-kvartirasi ham Buyuk Britaniya yurisdiksiyasi ostida. AQSH tomonidan qoʻyilishi mumkin boʻlgan sanksiyalar ehtimoli tufayli Abramovich kompaniyaning boshqa egalari bilan birga oʻz ulushlarini boʻlib olishdi va alohida tuzilmalarga qoʻyishdi.

The Timesʻning yozishicha, viza bilan bogʻliq muammodan oldin rossiyalik milliarder Londonda qariyb 40 mln dollarga pentxaus sotib olgan. Pentxaus Stamford Bridge — uning jamoasi uy stadioni yonida joylashgan.

Bloomberg milliarder shuningdek Britaniyada Truphore, Velocys, AFC Energy va Highland Gold kompaniyalarida ham aktivlarga ega ekanligini yozadi.

Sabablar

Rossiya va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi munosabatlar 4 mart kuni Solsberida GRU sobiq ofitseri Sergey Skripal va uning qizi Yuliya zaharlanganidan soʻng buzildi. Britaniya hukumati bu voqeada Moskvani ayblamoqda. Rossiya esa ayblovni rad etmoqda.

Skripallar zaharlanganidan keyin Buyuk Britaniyada yashovchi rossiyalik biznesmenlarda tashvishlanish uchun bir nechta sabablar paydo boʻldi. Avvaliga Britaniya hukumati investitsion vizalarni berish va uzaytirish jarayoni qayta koʻrib chiqilishini eʼlon qildi.

Bundan tashqari, mazkur mojaroga qadar Britaniya hukumati Unexplained Wealth Orders (UWO) deb ataluvchi qonunni qabul qilgan boʻlib, unga muvofiq, mamlakat hududida oʻz aktivlari toza yoʻl bilan topilganini isbotlay olmagan xorijlik shaxslarning mulklari hibsga olinadi.

May oyida shuningdek, Britaniya parlamenti Amerikaning Magnitskiy qonuniga oʻxshash qonunga tuzatishlar kiritdi. Unga koʻra, inson huquqlarini buzishda ayblangan shaxslarning aktivlari hibsga olinadi.

“Britaniya hukumatida xuddi granata portlaganga oʻxshaydi va bundan keyin nima boʻlishini hech kim bilmaydi. Hamma Britaniyadagi aktivlarini kamaytirmoqda”, — dedi YUKOSning anchadan beri Buyuk Britaniyada yashaydigan sobiq yuristi Dmitriy Gololobov Bloomberg bilan suhbatda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Abramovich Londondan zerikkan koʻrinadi, milliarder haqidagi tafsilotlar eʼlon qilindi