23:50 / 29.09.2018
5 348

Galileo Galileyning yoʻqolgan maktublari topildi

Galileo Galileyning yoʻqolgan maktublari topildi
Buyuk italyan olimi Galileyning geliotsentrizm nazariyasini yoqlashi, Kopernikning fikrlarini maʼqullashi aks etgan ilk maktublari London kutubxonasi arxividan tasodifan topib olindi.

Galiley zamonida birovning boshqa odamga yoʻllagan xatlarini ochib oʻqish, nusxa koʻchirish va tarqatish ayb sanalmagan. Ayniqsa, olimlarning bir-biriga yoʻllagan maktublari katta qiziqish bilan koʻpaytirilib, boshqa olimlar oʻrtasida tarqatilardi. Ilmiy maqolalar eʼlon qilinadigan davriy jurnal va gazetalar boʻlmagan hamda olimlar turli konferensiyalarga yigʻilmagan oʻsha zamonlarda xatlarni koʻpaytirib tarqatish zamonning eng dolzarb ilmiy masalalaridan boxabar boʻlib borishning salkam yagona usuli boʻlgan.

1613 yilning qishida Galiley koʻp yillik doʻsti, matematik olim Kastelliga yetti sahifali maktub yoʻllaydi. Unda Galiley birinchi marta Kopernikning geliotsentrik nazariyasi haq ekani haqidagi mulohazalarini bildirgandi. Aynan oʻshanda Galiley “Yer Quyosh atrofida aylanadi” deb aniq-tiniq yozgan hamda urgʻuni cherkovning bu boradagi taʼlimoti yanglish ekaniga qaratgan.

Maʼlumot uchun: geliotsentrizm — Quyosh tizimi markazida Yer emas, Quyosh joylashgani haqidagi nazariya. Aristotel zamonidan buyon fanda buning tersi boʻlmish geotsentrizm hukmron edi. Geliotsentrik qarashlar antik davrda Pifagor maktabi namoyandalari tomonidan ilgari surilganiga qaramay, nazariyaning Yevropa fanida hukmron mavqega ega boʻlishi polshalik astronom Nikolay Kopernik bilan bogʻliq.

Ushbu maktub Kastelliga yetib borishidan avval, odatga koʻra, koʻpaytirilgan va tarqatilgan. Xatning nusxalaridan biri Nikollo Lorini ismli rohibning qoʻliga kelib tushgan. Lorini Galileyni ham cherkov taʼlimotiga qarshi isyon chiqarmoqda, deb ayblagan va u oʻzidagi xat nusxasini Rimga, Papa huzuriga yuborgan. Yaʼni, bechora Galileyni inkvizitsiya sudi oldida javob berishga hamda umrining soʻngi yillarini zindon va uy qamogʻida oʻtkazishiga majbur qilgan oʻsha ayblov aynan shu xat tufayli yuzaga kelgan edi.

Ha, oʻrta asrlar katolik cherkovi xurofotga berilgan va bidʼatparast boʻlgan. Natijada “Yer Quyoshning atrofida aylanadi” degan gʻoya tarafdori boʻlgani uchun Vatikan Galileyni uch yil qiynoqqa solib sud qildi. Sud yakunida Papa Urban VIII yozib bergan tazarruni uch yilgacha haftasiga yetti martadan oʻqish sharti bilan gulxanda yoqish jazosini qamoq jazosiga almashtirgan. Inkvizitsiya qiynoqlariga chiday olmagan Galiley oʻzini oqlash uchun Kastelliga yozgan maktubini rohib Lorini atay oʻzgartirgan va tuhmat uyushtirgan, degandi ham. Afsuski, Galileyning oʻsha maktubi nusxasini Vatikan hanuzgacha maxfiy arxivda saqlaydi.

Maktubning Londonda topilgan asl nusxasi cherkov va ilm-fan oʻrtasidagi koʻp asrlik tortishuvlardan biriga chek qoʻydi. Maʼlum boʻlishicha, Galiley aslida oʻsha maktubda haqiqatan ham Kopernik gʻoyalari haq ekanini ochiqchasiga eʼtirof etmagan. Balki bu gʻoyalar toʻgʻri ekaniga ishonishga moyilligi borligini silliqqina bildirib oʻtgan. Boz ustiga, xatdagi koʻplab tuzatishlar olimning cherkovga nisbatan bildirgan keskin fikrlarini boshqatdan, yumshoqroq tarzda ifodalashga uringanini koʻrsatmoqda. Yaʼni, olim cherkov va, ayniqsa, uning xurofotga berilgan monaxlari bilan oʻchakishmoqchi boʻlmagan. Shunga qaramay, u umrining soʻnggi yillarini uy qamogʻida oʻtkazishga majbur boʻldi. Vatikan esa olimning boʻyniga qoʻyilgan ayblovlarni faqat 1992 yilga kelibgina olib tashladi. Oʻshanda Papa Ioann Pavel II Vatikanning 1633 yilgi inkvizitsiya sudi xato qaror chiqarganini rasman tan olgan va Galiley reabilitatsiya qilinganini eʼlon qilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Galileo Galileyning yoʻqolgan maktublari topildi