17:46 / 03.10.2018
3 593

Dunyodagi eng yirik onlayn-bank egasi Oleg Tinkovdan yetti maslahat

Dunyodagi eng yirik onlayn-bank egasi Oleg Tinkovdan yetti maslahat
Frost&Sullivan xalqaro konsalting kompaniyasi tadqiqotlariga koʻra dunyoning eng yirik onlayn-banki deb topilgan Tinkoff banki asoschisi Oleg Tinkov “Inqilob: Dunyodagi eng yirik onlayn-bankni qanday qurish mumkin” deb nomlangan kitobini yozdi. Kitobda u muvaffaqiyatga erishish sirlari bilan oʻrtoqlashadi.

Zararga nisbatan toqatsizlik

Aksariyat startaplarning inqirozga uchrashining sababi, ularning besh yillik zararni oldindan rejalashtirib olishlaridir. Bunday loyihalar pulni isrof qiladi xolos. Tinkoff Bank 2008 yil noyabrda, ish boshlaganidan 18 oy oʻtgach daromadga kirgan. Biz zararga toqat qilolmaymiz. Bank boshqaruvi raisi Oliver Xyuz har bir yoʻnalish boʻyicha oʻz biznes-rejasiga ega. Agar belgilangan muddat ichida yoʻnalish foyda keltirmasa, u yopiladi. Men zararga aslo toqat qilolmayman va buni muvaffaqiyatning asosiy kaliti deb bilaman. Har qanday kompaniyaning bosh koʻrsatkichi – sof daromad hisoblanadi.

Barqaror jamoa

The Everything Store kitobida oʻqishimcha, Amazon asoschisi Jeff Bezos har bir necha yilda top-menejerlarni almashtirar ekan. Goh Google, goh Walmartʻdan kimnidir ishga olar ekan. Shu bilan birga kompaniya daromad topish boʻyicha Walmartʻni quvib oʻtgan. Men boʻlsam oilaviylikni maʼqul koʻraman. Top-menejerlarni tinmay almashtirish notoʻgʻri deb hisoblayman. Menga oʻzim anchadan buyon bilgan, tushungan odamlar bilan ishlash yoqadi. Yuqori 20talikda ishlaydiganlarning 15 nafari, yuqori 10talikdagilarning esa 8 nafari bankda 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlab kelayotganlar ekanligi bilan faxrlanaman. Menimcha, barqaror jamoa muvaffaqiyat garovi hisoblanadi.

Birinchi oʻrinda insoniylik xislati

Jamoaga odam tanlashda birinchi navbatda kasb mahoratiga emas, insoniyligiga qarayman. Texnik ishlarni ikki kunda oʻrganib olish mumkin, lekin zakovat, koʻzdagi chaqnoqlik, birinchi boʻlish istagi tugʻma boʻladi. 2006 yilda 25 yoshli Artem Yamanov (katta vitse-prezident boʻldi) va Stanislav Bliznyuk (operatsion direktor) bilan suhbat qilayotganimda ularning salohiyati yuksak ekanligini darhol fahmlaganman. Adashmagan ekanman, ular 10 yildan ortiq vaqtdan buyon ishlab kelishmoqda. Boʻlajak vitse-prezident Kirill Bobrovni ishga qanday olganimiz ham yodimda. Malla sochlari toʻzgʻigan, krossovka va yirtiq jinsida kelgandi. Darrov tushundim: internet loyihalar bilan shugʻullana oladi. Agarda kostyum-shim va galstukda, aqlli yuz bilan kelganida uni ishga olmasdim. 2017 yilda “Tinkoff Mobayl”ga Yotaʻda ishlagan ikki menejerni oldik. Ularning telekommunikatsiya borasidagi javoblariga emas, nimalarni oʻylashi, qanday orzu-maqsadlari borligiga eʼtibor qaratdim. Biz yulduzlarni sotib olishga urinmaymiz. Bizning jamoamiz tashkilot ichida kamolotga erishgan kishilardan iborat. Agar siz biror yigitning qizini tortib olsangiz, ishoning, u keyinchalik sizni ham tashlab ketadi. Yulduzlar ham xuddi shunaqa.

Xavotir

Biznesda faqat xavotirda yuradiganlargina tirik qoladi. Tinkoff Bank tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsangiz, bunga ishonch hosil qilasiz. Bizda hech qachon qatʼiy ishonch boʻlmaydi. Biz har doim shubhalanamiz, ikkilanamiz, ishonmaymiz, bir-birimiz bilan bahslashamiz, mahsulotdan qoniqmaymiz. Men rivojlanish uchun doimiy tanqid kerak deb hisoblayman. Gʻarb mentaliteti biroz boshqacha. Masalan, Richard Brenson doim “odamlarni maqtash kerak, yaxshi narsalar ijobiy muhitda paydo boʻladi” deydi. Men esa boshqacha yondashaman. Bolalarimni ham, xotinimni ham, xodimlarni ham maqtashni yoqtirmayman. Va bizning kompaniyamizda xavotirli tanqidiy muhit hukmron. Bozorda hammasini toʻgʻri bajarayotganimizni aytishadi, ichkarida esa bundan qoniqmaymiz: bahslashamiz, soʻkishamiz. Mana shu kurashda supermahsulotlar yaratiladi.

Asoschining ishtiroki

Har qanday biznesda barcha narsani jamoa hal qiladi, ammo odamlarni ideallashtirish kerakmas. Asoschining ishtiroki muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini keskin oshiradi. Bankning muvaffaqiyatga erishishida mening muntazam shu yerda boʻlishim asosiy rol oʻynagan deb oʻylayman. Banklar xoʻjayinlari ofisga kam kelishadi, majlislarda kam qatnashishadi va xodimlar bilan kam muloqotda boʻlishadi. Tashkilotni kimlar ishlayotganini bilmasdan, ichki muhit qandayligidan bexabar holda qanday boshqarish mumkin. Biznesni his qilish uchun har kuni olti qavatli bosh ofisimizning har bir qavatida boʻlaman. Bir yilda besh-olti marta kol-markazlarimizga boraman. Bir hamkasbim har kuni statistikani koʻrib chiqishimdan hayron qolgandi. Bizda 2007 yildan buyon kunlik statistik hisobot chiqadi. Ofisda boʻlamanmi, Kamchatkada changʻi uchayotgan boʻlamanmi yoki Astraxanda baliq ovlayotgan boʻlamanmi, statistik hisobotni diqqat bilan koʻzdan kechirib chiqaman. Agarda biror tushunarsiz yoki gʻayrioddiy koʻrsatkichga koʻzim tushsa, vitse-prezidentga savol bilan murojaat qilaman. Raqamlarni koʻrib chiqamiz, koʻngilsizliklarning oldini olamiz.

Foto: RIA Novosti
Rejalashtirish muddati

Menejerlar yillik bonuslarni deb bankning kelgusidagi faoliyatiga zarar yetkazuvchi qaror qabul qilmasliklari kerak. Biz besh yil keyinni oʻylaymiz, bu yilgi foydani emas. Kredit biznesida qisqa masofa boʻlmaydi.

Ehtimoliy inqirozga bardosh berish uchun mustahkam asos boʻlishi lozim. Agarda koʻtarilish davrida jiddiy daromad olmasangiz, pasayish davrida zararga kirasiz. Faqat 12 oy oldinga qaraydigan boʻlsangiz, bozor sizni albatta hushyor torttirib qoʻyadi. Biz oyiga 250 mingta kredit kartasi chiqaramiz. Siyosatimizni boʻshashtirib va reklamaga katta eʼtibor qaratib millionta karta tarqatishimiz mumkin. Bu ajoyib, lekin bemaʼni harakat boʻladi: olti oydan keyin holimizga maymunlar yigʻlaydi. Kredit kartalari matematik, zerikarli, mayda biznes. Uni uzoq muddatga rejalashtirasan, ammo har kuni boshqarasan. Har bir ishning oʻz nozik jihatlari bor. Doimo kamida besh yillik reja boʻlishi darkor.

Kichkina kompaniya tushunchasi

Yigʻilishlarda kimdir “biz kattamiz” deb qoladi, biroq men har doim eʼtiroz bildiraman. Bu yolgʻon yoki boʻrttirish emas. Ha, biz jahondagi eng yirik onlayn-bankmiz, ammo Rossiyada kredit tashkilotlari orasida aktivlar boʻyicha atigi toʻrtinchi oʻnlikda turamiz. Men “kichkina”larni epchil, abjir, dadil deb tushunaman — ular vaziyatga nisbatan tezda harakat qilishadi, bozordagi xatar, muhit oʻzgarishi, ichki muammolarga tez javob qaytarishadi. Hozirda bankning 7 mln mijozi bor. Mijozlarimiz 20 mlnga yetganida oʻzimizni katta deb hisoblash haqida oʻylab koʻramiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyodagi eng yirik onlayn-bank egasi Oleg Tinkovdan yetti maslahat