23:40 / 03.10.2018
4 426

“Yoʻqolib qolgan” xitoylik aktrisa Fan Binbinga 70 mln dollar jarima solindi

“Yoʻqolib qolgan” xitoylik aktrisa Fan Binbinga 70 mln dollar jarima solindi
Xitoy hukumati mamlakatning eng katta haq oluvchi aktrisalaridan biri Fan Binbin va uning kompaniyalariga soliq toʻlamagani va boshqa qonunbuzarliklar uchun 479 mln yuan (70 mln dollar) jarima soldi.

Avvalroq bir qator OAV aktrisa bir necha oy omma oldida koʻrinmagani va uni huquq-tartibot idoralari hibsga olgan boʻlishi mumkinligi maʼlum qilingan. Biroq Xitoy soliq boshqarmasining maʼlum qilishicha, aktrisa yoʻl qoʻygan qoidabuzarlik uchun faqatgina jarimaga tortilgan.

Jarimadan tashqari, aktrisa va uning manfaatlarini bildiruvchi firmalar 255 mln yuan miqdorida yashirilgan soliq va ushbu toʻlovlar kechiktirilgani uchun penya sifatida 33 mln yuan toʻlab berishlari kerak boʻladi. Aktrisaga daromadlarini yashirishga yordam bergan ikkita kompaniya esa 51 mln va 65 mln yuan miqdorida jarima toʻlaydi.

Aktrisaga nisbatan tekshiruv u oʻz soliq toʻlovlarini kamaytirish maqsadida filmlar uchun ikki xil shartnoma tuzishi haqidagi maʼlumot paydo boʻlgandan keyin boshlangan.

Szyansu viloyati soliq boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, aktrisa “Egib boʻlmas iroda” (Unbreakable Spirit, 2018) filmidagi roli uchun 30 mln yuan (4,4 mln dollar) miqdorida gonorar olgan. Biroq aktrisa ushbu summadan faqat 10 mlnidan soliq toʻlagan, qolgan summani esa soliq idoralaridan ikkinchi norasmiy shartnoma orqali yashirgan.

Agar aktrisa va tegishli kompaniyalar tegishli soliqlar, foizlar va jarimalarni muddatida toʻlamasa, ish sud idoralariga topshiriladi va ularga nisbatan jinoiy tergov olib boriladi.

Avvalroq Xitoy internetida bir qator katta haq oluvchi aktyorlar “in-yan” deb ataluvchi shartnomalar tuzishi haqida xabar paydo boʻlgan. Unga koʻra, shartnomalardan birida ular oladigan haqiqiy gonorar, ikkinchisida esa kamaytirib koʻrsatilgan gonorar koʻrsatiladi. Gonorar summasi kamaytirib koʻrsatilgan shartnoma soliq idoralariga topshirilib, daromadlarning bir qismini yashirishga imkon beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Yoʻqolib qolgan” xitoylik aktrisa Fan Binbinga 70 mln dollar jarima solindi