08:31 / 05.10.2018
4 208

Erdoʻgʻan Yevropa Ittifoqiga kirish boʻyicha referendum oʻtkazish bilan tahdid qildi

Erdoʻgʻan Yevropa Ittifoqiga kirish boʻyicha referendum oʻtkazish bilan tahdid qildi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan Yevropa Ittifoqini Anqarani oʻz tarkibiga qabul qilish jarayonini choʻzayotganlikda aybladi va mamlakatda bu borada referendum oʻtkazilishi mumkinligini aytdi.

“Biz oʻz yoʻnalishimizni aniqlab olishimiz uchun bu vaziyat tezroq poyoniga yetsa yaxshi boʻlardi. Ular hamon ishni choʻzishmoqda. Biz bilan hattoki solishtirib boʻlmaydigan davlatlar Yevropa Ittifoqi aʼzosi boʻlgan. Agar shunday ketadigan boʻlsa, unda 81 mlnlik aholimizga Yevropa Ittifoqi borasida yuzlanishgina qolmoqda va koʻramiz, ular nima deydi”, deb aytgan Erdoʻgʻan Istanbuldagi forumda.

Erdoʻgʻan Bryusselni Turkiyaning YEIga kirishi boʻyicha bir qarorga kelishga chaqirgan.

“Qabul qilmasangiz, shunday deb ayting va siz oʻz yoʻlingiz, biz esa oʻz yoʻlimiz bilan ketamiz”, deb qoʻshimcha qilgan Turkiya prezidenti.

Turkiya va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlar 2016 yilda Turkiyada amalga oshirilgan davlat toʻntaruviga urinishdan keyin yomonlashgan. Yevropa Ittifoqi Turkiya rahbariyatining toʻntaruvga urinish boʻyicha koʻrgan qatʼiy choralarini tanqid qilib, Anqaraning Yevropa Ittifoqiga kirishi boʻyicha jarayonni toʻxtatib qoʻygan.

Shuningdek, Erdoʻgʻanning aytishicha, Turkiya qurolli kuchlari Suriyada erkin saylovlar oʻtganidan va terrorchilik xavfi yoʻq qilingandan keyingina bu mamlakatdan ketadi.

“U yerdan terrorchilik ketganda, halol saylovlar oʻtgandagina biz ketamiz. Bizni Idlib aholisi taklif qilgan. Afrinda ham shu holat, bizni xalq chaqirgan. Qayerda ezilganlar boʻlsa, biz oʻsha yerdamiz”, deb aytgan Erdoʻgʻan.

Turkiya armiyasi 2016 yil avgustda Suriyadagi jangarilarga qarshi “Frot qalqoni” harbiy operatsiyasini boshlagan. Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim 2017 yil mart oxirida operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanganini eʼlon qilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erdoʻgʻan Yevropa Ittifoqiga kirish boʻyicha referendum oʻtkazish bilan tahdid qildi