08:31 / 06.10.2018
6 377

2030 yilda 60 ga yaqin kasblar yoʻqolib ketishi mumkin

2030 yilda 60 ga yaqin kasblar yoʻqolib ketishi mumkin
Ilgari robot desa, jonsiz, ammo Alovuddinning sehrli chirogʻidagi qul kabi har qanday istagingizga “labbay”, deb turuvchi bir matohni tushunardik. Oʻsha jonsiz deganimiz robotga bugun aql, his-tuygʻu ham jo qilindi, endi uning odamdan nima farqi qoldi ekan?

Texnologiyalar olamida sunʼiy aql degan tushuncha paydo boʻldi-yu, koʻpchiligimiz dunyoga boshqacha koʻz bilan qaray boshladik. Sunʼiy aql, bu – insoniy fikrlashni simulyatsiya qiladigan texnologiya boʻlib, u orqali dastur va mashinalar nostandart ijodiy vazifalarni bajara olishi va mavjud maʼlumotlarga asoslanib, yangi maʼlumotni ishlab chiqishi mumkin. Sunʼiy aqlga ega boʻlgan mashina kun sayin rivojlanib, yangi axborotlarni qabul qilishga oʻch oʻsmirga oʻxshaydi va oxir-oqibat u nimaga oʻrgatilganiga koʻra qaror qabul qiladi.

Smart texnologiyadan koʻzlangan maqsad “oqilona” ish tutishga qodir ekspert tizimlarini yaratish. Uni insoniy fikrlashning “kloni”, desak ham boʻlar: oʻrgansin, koʻrsatma bersin, tushuntirsin, xatolarni tuzatsin, maslahat bersin... xullas, “odam”ga aylansin.

Yaratilish tarixi

Sunʼiy intellekt shakllanishi fanning alohida sohasi sifatida oʻtgan asrning 50-yillarida boshlangan. 1950-yili “Mind” jurnalida ingliz tilshunos olimi Alan Tyuringning “Aqlli mashinalar va ong” maqolasi chop etiladi. U odam, robot va uchinchi shaxs (savol beruvchi, u ham odam) oʻrtasida tajriba oʻtkazdi. Unga koʻra, savol beruvchi robot va odamni koʻrmagan holda savol berishi va kimning kimligini aniqlashi lozim boʻlgan. Natijada robot savollarga toʻgʻri va tez javob berib, insonni ortda qoldirgan. Mazkur testni oʻtkazishdan maqsad esa, sunʼiy aqlning qodirlik darajasini bilish edi. Bu tajriba keyinchalik fan olamida “Tyuring testi” nomi bilan mashhur boʻldi.

Oʻtgan davr mobaynida bu sohada tinimsiz va uzluksiz izlanishlar olib borildi, olimlar muvaffaqiyatli natijalarga erishdi. Jumladan, 1997 yili 11 mayda IBM kompaniyasi tomonidan yaratilgan Deep Blue shaxmat oʻyiniga moʻljallangan super kompyuter shaxmat boʻyicha jahon chempioni Garri Kasparovni magʻlubiyatga uchratdi. Devid Fruchchi rahbarligida yaratilgan IBM Watson sunʼiy aql egasi esa inson ovozini qabul qilib, savollariga javob qaytaradi. MYCIN qondagi infeksiyalar, meningit va bakteriyemiya kasalliklarini aniqlash maqsadida 1970 yillarda Stenford universiteti olimlarining olti-yetti yillik zahmati natijasida dunyo yuzini koʻrdi. Robotlar shu darajada koʻpayib ketdiki, 1993 yili RoboCup (Robot Soccer World Cup) – robotlar oʻrtasida futbol boʻyicha jahon chempionatiga asos solindi.

2000 yillarga kelib sunʼiy aql jamoatchilikka xizmat koʻrsatish maskanlarida keng tarqaldi, turli sohalarda ishni yengillashtiruvchi “xodim”ga aylandi: bir qarasangiz, kasalliklarga tashxis qoʻygan, jumboqli masalalarga yechim topgan, savdo-sotiqni boplagan, bir qarasangiz, his-tuygʻularingizni oʻrganib, odamdek sizga muomala qilgan (Kismet), Antarktidaning odambormas joylariga borib, tuproqni tadqiq qilgan, meteoritlarni topgan (Nomad roboti). Yana biri, Sofiya ismlisi esa Saudiya Arabistoni fuqarosiga aylanib olgan-u, odamlarni yoʻq qilishini aytgan... Xullas, qayoqqa qaramang, robot, robot, robot...

Kunda-kun ora sunʼiy aql egalarining hayratomuz yangiliklarini eshitamiz: Rembrandtdan kam rasm chizmaydigan robot yaratildi, odamdan tez oʻqiy olarkan, xitoyliklarning eng murakkab oʻyini boʻlmish Goda gʻolib chiqibdi va hokazo, hokazo...

Tanganing ikki tomoni

Nima uchun dunyoning koʻplab davlatlarida hukumat robotlardan foydalanishga ruxsat berdi? Toʻgʻri, savolga salbiy yoki ijobiy munosabat bildirish qiyin, ammo tan olish kerakki, sunʼiy aqlning odamlarga keltirayotgan foydasi ham ancha-muncha. Masalan, saraton kasalligini aniqlash, oldini olish, xonadon xavfsizligini taʼminlash, virtual yordamchi sifatida biznesni rivojlantirish (Siri, OK-Google), qoʻl mehnatini avtomatlashtirish (xat yetkazishdan aviachipta sotib olishgacha), ishlab chiqarishni yengillashtirish, odamlarni turli xavflardan asrash (zavodlarda shikastlanish va oʻlim holatlarining oldini olish, ogʻir mehnatdan xalos etish), robototexnika (koinot, dengiz tubi va yer yadrosini oʻrganish)da sunʼiy aqlga ishonish mumkin.

Ammo tanganing ikkinchi tomoni undan-da hayratlanarli. Fantast-yozuvchilar sunʼiy aqlning his qilish va yaratish funksiyalari ishga tushsa, uni insoniyat toʻxtata olmasligini bashorat qilishmoqda. Texnologiya olamining “otalari” – fizik-nazariyotchi Stiven Hoking, Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts, Tesla kompaniyasi rahbari Ilon Mask odamlar super intellektual mashinalar ustidan nazoratni yoʻqotishi, ularning foydasidan zarari koʻproq ekanidan xavfsirashgani ham rost.

Ilon Maskning aytishicha, aqlli robotlar bir kunmas-bir kun odamzodni qirib tashlaydi. Uning xavflilik darajasi yadro qurolinikidan ham yuqori. Stiven Hoking esa, oddiy robotlar foyda keltirayotgani rost, ammo ertaga ular oʻzini oʻzi takomillashtirishga tushsa, unda odamzod hech nima qilolmaydi, ularning evolyutsion tezligi bilan musobaqada yengilamiz, deya ogohlantirgan. Bill Geytsning fikricha, avvaliga ular bizga foyda keltiradi. Bir necha oʻn yillardan soʻng esa, faqat zararini koʻramiz. Unda kech boʻladi. Ayrim odamlarning bundan xavfsiramasligiga tushunmayman, deydi u.

ABBYY kompaniyasi asoschisi va boshqaruvi raisi David Yanning “Sunʼiy aql asalaridan ham omiroq. Hozircha!” deyishida jon bor. Negaki, chivinlarning asab tizimi 500 ming neyrondan iborat, bu koʻrsatkich asalarida 800 ming, itda 160 million, va nihoyat odamda 85 milliardni tashkil etadi. Zamonaviy kompyuter tizimlaridagi neyronlar soni esa bor-yoʻgʻi bir necha ming, ayrim hollardagina millionga yetishi mumkin. Oʻz-oʻzidan ayonki, sunʼiy aql itdan 100, odamdan 100 ming barobar aqliy ojiz ekan. Endi oʻylab koʻraylik, asalaridan ham omi boʻlgan robotning bugungi karomatlari shu boʻlsa, odamniki bilan tenglashganda, dunyo qay koʻrinishda boʻladi?

Yaqin kelajakka sayohat

Mashhur futurolog va Google kompaniyasi texnik direktori Reymond Kursveylning taʼkidlashicha, aqlli texnologiyalar2030-2040 yillarga borib inson miyasi bilan bellasha oladi, hatto oʻzib ham ketadi. Keyingi 20 yil ichida dunyo manzarasi qay koʻrinishda boʻlishiga qiziqyapsizmi? Unda futurolog Reymond Kursveyl bashoratlariga boqing:

2022 yil – Amerika va Yevropada odamlar va robotlar munosabatlarini tartibga soluvchi qonunlar qabul qilinadi. Robotlar faoliyati, huquq va majburiyatlari qonun doirasida chegaralanadi.

2024 yil – insonning kompyuter-yordamchisi boʻlmagan avtomobilni boshqarishi taqiqlanadi.

2025 yil – inson gadjet-implantatlarni oʻrnatadi.

2027 yil – murakkab harakatlarni bajara oluvchi shaxsiy robotlar muzlatgich yoki gaz plitasi singari kundalik buyumga aylanadi.

2031 yil – kasalxonalarda inson organlarini chop etish uchun 3D-printerlar ishlatiladi.

2033 yil – yoʻllar oʻzini oʻzi boshqaruvchi avtomobillarga toʻladi.

2038 yil – robotlashgan odamlar paydo boʻladi. Ular qoʻshimcha aql (misol uchun, inson miyasi ojizlik qiladigan, maʼlum bir tor doiraga qaratilgan) va turli implantatlar (koʻz kameralaridan qoʻshimcha qoʻl protezlariga qadar) bilan “qurollangan” boʻladi.

2040 yil – qidiruv mexanizmlari inson tanasiga joylashtiriladigan gadjetlar uchun asos boʻladi. Tadqiqot fikr yordamida amalga oshiriladi.

2043 yil – koʻp sonli nanorobotlar tufayli inson tanasi har qanday shaklga kirishi mumkin. Ichki organlar kibernetik qurilmalar bilan almashtiriladi.

2044 yil – sunʼiy aql biologik aqldan milliard marta aqlliroq boʻladi.

2045 yil – Yer yagona gigant kompyuterga aylanadi.

Jurnalistlar, kasbingizni oʻzgartiravering!

Oksford universiteti tadqiqotchilarining taxmin va bashoratlariga ishonadigan boʻlsak, yaqin kelajakda dasturlashning asosiy koʻnikmalari hamda bir necha tilni bilmay turib, yashab qolish qiyin. McKinsey Global Institute maʼlumotlariga qaraganda, hozirda kasblarning 5 foizi avtomatlashtirilgan. Ammo yaqin kelajakda robotlar 60 foiz kasb faoliyatining uchdan bir vazifasini mukammal ado eta oladi. Olimlarning fikricha, 2030 yilgacha 57 ta mutaxassislik yoʻqoladi. Jumladan, hisobchi, statistika boʻyicha mutaxassis, stenograf/kriptograf, kopirayter, kutubxonachi, gid, tahlilchi, pochtachi, YPX inspektori, yuk poyezdi haydovchisi, konchi, tikuvchi, ofitsiant... va nihoyat jurnalist.

Ishonmayapsizmi? “Bloomberg” kompaniyasi oʻz tahririyatining bir qismini allaqachon sunʼiy aqlga almashtirdi, ular birja yangiliklarini odam-jurnalistlarga qaraganda tez va chiroyli taqdim etar ekan. “Financial Times” gazetasi 2016 yili vakolatli muxbiri hamda aqlli robot “Emma” oʻrtasida musobaqa-tajriba oʻtkazdi. Bosh muharrir ikki maqoladan qaysi biri muxbiriga, qaysinisi Emmaga tegishli ekanini topishi lozim edi. Xullas, bunday boʻldi: Britaniyada ishsizlik mavzuidagi maqolani Emma 12 daqiqada, jurnalist esa 35 daqiqada yozib tugatdi! Shuningdek, robotning maqolasida fakt va raqamlar koʻp keltirilgan. “Stealth” startap mahsuloti boʻlgan Emma yozadi va bajaradi, hozircha “miya”dan mosuvo. Shu boismi, jurnalistning maqolasi robotnikidan muvaffaqiyatliroq chiqqan. Demak, hozircha odam-jurnalistlarga ehtiyoj bor.

Xulosa qilib aytganda, inson aql-tafakkuri oʻziga dushman boʻladimi yo doʻst, buni vaqt koʻrsatadi. Ammo kelajakda kutilayotgan hodisalarga har tomonlama tayyor turish, ogoh va sergak boʻlish lozim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 2030 yilda 60 ga yaqin kasblar yoʻqolib ketishi mumkin