20:06 / 08.10.2018
3 352

10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (5-qism)

10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (5-qism)
Past reytingli odam

Qoshgʻarda nafaqat ming yillardan beri saqlanib kelgan moddiy madaniyat, balki tarixning oʻzi ham yoʻq qilinibdi. Bir necha kundan keyin bir yigit bilan suhbatlashdim, ikki-uch savoldan keyin u arang ilgʻab boʻladigan imo bilan kameralar koʻrmaydigan joyda oʻtirishga taklif qildi. Meni bu yerda odamlar Birinchi Sharqiy Turkiston respublikasini va uni yoʻq qilishda sovet qoʻshinlarining rolini qanchalik eslashlari qiziqtirdi. Mening savolim kutilmaganda Ahmadni ruhlantirib yubordi – u tarix boʻyicha oʻqir ekan.

Qoshgʻarda hali ham bepul tarqatiladigan koʻk choyli finjonni bir chetga qoʻyar ekan, Ahmad shunday deb shivirladi: “Mening uyimda bu odamlar haqida yozilgan eski qoʻllanmalar hali ham saqlanadi”.

Bu eski kitoblarni egasiga zarar yetkazmagan holda qanday koʻrish mumkinligi haqida oʻylar ekanman, ulardan eng eskisi oʻn yildan sal avvalroq chop etilgani maʼlum boʻldi.

“2009 yilgacha chop etilgan qoʻllanmalarni bir yil avval musodara qilishdi, – dedi Ahmad. – Uyma-uy yurib, biz yoqishga ulgurmagan kitoblarni yigʻib olishdi”.

U universitetda ishlatilgan ikkita qoʻllanmani yashirishga ulguribdi, haqiqatan eski boʻlgan kitoblarni esa yoqishga toʻgʻri kelibdi, aks holda yetti yilgacha lagerga hukm qilinish mumkin.

Odatda politsiyachilar yoki Kommunistik partiya aʼzolari va aqalli bitta uygʻurdan iborat faol fuqarolar guruhi Shinjonda hayotni oʻzgartirgan yangiliklardan biridir. Suhbatdoshimning aytishicha, ular muntazam ravishda uygʻur oilalariga kelib, “gʻalati savollar” berishadi, uyda taqiqlangan buyumlar va kitoblar bor-yoʻqligini tekshirishadi. Bunday tekshiruvlar bir necha soat yoki bir necha kun davom etishi mumkin.

“Ular oʻzlariga qulay vaqtda – istalgan paytda kelishlari mumkin, – deydi Ahmad. – Bir yilcha avval ular Islom, Qurʼon oʻqishimiz yoki oʻqimasligimiz haqida soʻray boshlashdi. Oʻshanda – bir yilcha avval kitoblarni olib qoʻyishganida va tanishlarimiz gʻoyib boʻla boshlagach, koʻp narsa ballar bilan bogʻliq ekani maʼlum boʻldi”.

Rasman “ijtimoiy kreditlar tizimi” deb ataluvchi sodiqlik ballari joriy etilishi haqida toʻrt yil muqaddam eʼlon qilingan edi. Tizim aynan qanday ishlashini hech kim aniq bilmaydi, anigʻi shuki, reyting davlatning fuqarolar haqida toʻplagan maʼlumotlariga asoslangan holda hisoblanadi. Natijaga bankdan qarzdorlik, yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar, nojoʻya xatti-harakatlar (jumladan, “notoʻgʻri” shopping) va jamoat joylarida chekish taʼsir qiladi. Qon donori boʻlish, xayriya loyihasida ishtirok etish yoki Kommunistik partiyaga qasida yozish orqali ballarni koʻpaytirish mumkin. Biroq videooʻyinlarni koʻproq oʻynash yoki masjidga tez-tez borish bilan ballardan mahrum boʻlish mumkin, notinch hududlarga borish va istalmagan odamlar bilan suhbatlashish ham reytingni pastlatadi.

Yuqori ball mehmonxonada depozitsiz qolish, kommunal xizmatlar uchun chegirmalar va bankdan pastroq foiz bilan kredit olishga imkon beradi. Past ball bilan ish topish ham, uyni ijaraga olish ham qiyin. Ballar yanada pasayib ketsa, jiddiyroq muammolar bilan yuzlashish mumkin: harakatlanish erkinligi cheklanadi, yaxshi doʻkonlarga kirish taqiqlanadi, hatto tanishuv saytlarida roʻyxatdan oʻtish ham man etiladi. Ota-onasining balli past boʻlgani uchun bolani maktabga qabul qilmaslik holatlari ham uchragan. Tizim 2020 yilda toʻliq ishga tushadi, ammo hozirdanoq millionlab fuqaro reytingi past boʻlgani uchun ichki reyslarga bilet ololmayapti.

Har bir fuqaro deyarli muntazam ravishda kuzatiladigan Shinjonda ushbu futuristik dahshat tezgina qonli antiutopiya xususiyatini kasb etdi. Maʼlumotlarni qayta ishlagan sunʼiy ong jamiyatni uchga boʻldi: “xavfsiz”, “normal” va “xavfli” fuqarolar. Bunda fuqaroning dini, sudlanganligi va xorijliklar bilan aloqalari eʼtiborga olinadi. Kelgusida natijalarga DNK namunalari ham taʼsir koʻrsatishi ehtimoli bor.

2016 yilning sentyabrida internetda politsiya ehtiyojlari uchun genotiplash jamlanmasiga ochiq tender paydo boʻldi. Ikki oydan keyin esa Human Rights Watch tashkiloti Shinjonda pasport olish uchun DNK namunasini topshirish majburiy boʻlganini maʼlum qildi. Namunalar maktabda va ish joyida olinishi, politsiya xodimlari uyga ham kelishi mumkin. Xorijga qochganlarning deyarli bari oilasiga tahdid boʻlayotganini aytadi: genetik materialning hammadan toʻplanishi qarindoshlarni taʼqib qilish uchun keng imkoniyat yaratadi.

Suhbatdoshimning qatʼiy ishonch bilan aytishicha, har qanday uygʻur millati tufayligina oʻnlab balldan mahrum boʻlishi mumkin. Uning oʻzi ham, millionlab millatdoshlari singari davlat tomonidan tashkil etilgan bepul tibbiy koʻrik chogʻida soʻlak va qon namunalarini topshirgan.

“Siz bularni tushunmasiz, – deydi Ahmad. – Hammasi bu yil jiddiylashdi. Mototsiklda shlemsiz yursang – ball yoʻqotasan. Bir yoʻlovchi oʻrniga ikkitasi oʻtqizsang – ball yoʻqotasan. “Ekstremistlar” yashaydigan koʻchada tez-tez paydo boʻlsang – ball yoʻqotasan va turmaga ravona boʻlasan. Kamera oldida notoʻgʻri odam bilan turib qolgan boʻlsang – bir dunyo savolga javob berishga tayyor tur. Bu raqamga nega qoʻngʻiroq qilding? Nima uchun kameraga falonchi bilan tushib qolding? Yaxshilab tushuntirib berishing kerak”.

Biz suhbatlashar ekanmiz, qoʻshni maydonda formaga oʻxshash oq koʻylak kiygan ayollar guruhi paydo boʻldi. Ular uzun iyerogliflar yozilgan doska qarshisidagi stullarga oʻtirishdi. Majburiy xitoy tili darsi boshlandi – bunday mashgʻulotlar butun muxtor hudud boʻylab oʻtkaziladi va ularda qatnashish ham sodiqlik balliga taʼsir koʻrsatadi. Qoʻliga qizil bogʻich bogʻlangan bir nechta xodim mashgʻulotni kuzatib borar edi, ular koʻrinishi bilan Ahmad suhbatni toʻxtatishga urindi.

Xayrlashar ekanman, unga oʻz manzilimni bermoqchi boʻldim – birinchi boʻlib men yozishim maʼqul emas.

– Rahmat, manzil kerak emas, (agar) topib olishsa, bu ham ortiqcha savol-javobga sabab boʻladi: u odam kim edi, nima haqda gaplashding? Qachondir bu narsalar tugaganida biz manzilsiz ham uchrashaveramiz.

Men uning soʻzlarida ishonchni his qilmadim.

Ahmad meni rastada qoldirgancha oʻtish joyi tomon ketdi. Koʻchaning burchagida uni toʻxtatishdi: har bir uygʻur singari bir mavzedan ikkinchisiga oʻtayotganida u tekshiruvdan oʻtishi lozim.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (5-qism)