13:30 / 09.10.2018
3 524

10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (7-qism)

10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (7-qism)
Dovyuraklar

Kechki oziq-ovqat bozoridan qaytar ekanmiz, biz har safar blokpostdan oʻtar edik: xitoylar va yevropaliklar uchun bu muammo emas, biroq uygʻurlar kartochkalarini koʻrsatishlari va koʻz toʻr pardasini skanir qildirishlari zarur. Bu safar postda shovqin-suron boʻlayotgandi: uch politsiyachi bir necha yoshni qoʻlga olgan va ularni yaqin oʻrtadagi politsiya uchastkasiga olib ketayotgan edi. Yoshlar ketma-ket qadam tashlar, qoʻllari ensalarida edi. Politsiyalar orqadan va yondan kuzatib borayapti, ilk safdagi yigit uchastka eshigidan oʻtmoqchi boʻlgandi, uni qoʻpollik bilan yerga oʻtirgʻizib qoʻyishdi. Shundan keyin orqadagilar oʻz-oʻzidan choʻkka tushib olishdi, ularga qoʻllarini tushirishga ruxsat berilmayotgan edi. Oradan hech qancha oʻtmay uchta mashina keldi, yoshlarni mashinalarga chiqarishdi va ular koʻzdan gʻoyib boʻldi. Nima sodir boʻlganini kimdan soʻrashni bilmaysan, aslida bundan maʼni ham yoʻq. Yoshlarni soʻroqdan va tarbiyaviy suhbatdan keyin qoʻyib yuborgan boʻlishlari, sudga yoki lagerga joʻnatgan boʻlishlari mumkin.

Rasmiy Pekin tarbiyaviy lagerlar borligini inkor etgan boʻlsa-da, bunday lagerlar 2015 yildayoq Kommunistik partiya hisobotida tilga olingan edi. Aytilishicha, Xoʻtandagi “taʼlim-mashgʻulot markazi”da “diniy ekstremizmga chalingan” 3000 kishi saqlangan. Ikki yildan keyin qoshgʻarlik bir mulozim shahardagi toʻrtta markazda (ulardan eng kattasi sobiq maktab binosida joylashgan) 120 ming mahbus borligini maʼlum qildi. Aslida mahbuslar soni koʻproq ekani ehtimoli katta.

Xitoyda qayta tarbiyalash jinoiy jazo hisoblanmaydi: rasmiy ayblov eʼlon qilinmaydi, demak, statistika ham yoʻq. Shunday boʻlsa-da, qatagʻonning koʻlami hatto chegaraning ortidan ham koʻrinib turibdi. Lagerlarni suniʼy yoʻldosh tasvirlarida ham koʻrish mumkin. Ikkita devori va qoʻriqlash minorasi bor lagerlar yangi joylarda paydo boʻlmoqda, mavjudlari esa kengaytirilyapti.

Yevropa madaniyat va teologiya maktabi tadqiqotchisi Adrian Zens Xitoy davlat qurilish shartnomalarini oʻrganib chiqib, qayta tarbiyalash markazlari barpo etish boʻyicha 73 ta loyiha borligini aniqladi. Zensning maʼlumotiga qaraganda, yangi lagerlar Shinjonning deyarli har bir burchagida qurilyapti, oʻtgan yilning aprelidan beri buning uchun 108 million dollar sarflangan. Baʼzi tenderlarda muassasaning maydoni qariyb oʻn gektar ekani qayd etilgan. Bundan tashqari, Adrian Zens xodimlarni ishga olish uchun koʻp sonli eʼlonlar berilganini ham aniqladi: ishga kirmoqchi boʻlganlardan kriminal psixologiya boʻyicha bilimga va kuch tuzilmalarida ish tajribasiga ega boʻlish hamda dovyurak boʻlish talab etiladi.

Bir oy avval BMTning irqin kamsitishni bartaraf etish boʻyicha qoʻmitasi aʼzosi Gey MakDugall Jenevadagi nutqida Shinjonni ulkan konslagerlarga qiyoslab, “transformatsiya markazlari”da bir million odam saqlanayotgan boʻlish mumkinligini aytdi. Oʻsha yigʻilishda qatnashgan Butunjahon uygʻurlar kongressi bosh kotibi Toʻlqin Aysa esa aslida mahbuslar soni uch millionga – jami uygʻur aholisining uchdan bir qismiga yetishi mumkinligini bildirdi.

Xitoy delegatsiyasi uch kundan keyin javob qaytardi: partiyadagi yuqori martabali mulozimlardan birining aytishicha, Xitoydagi barcha etnik ozchiliklar diniy erkinlikdan foydalangan holda tinch-totuv yashamoqda hamda hech qanday qayta tarbiyalash lagerlari mavjud emas.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (7-qism)