11:30 / 22.10.2018
2 726

Gitlerning yadroviy rejalarini buzgan shaxs vafot etdi

Gitlerning yadroviy rejalarini buzgan shaxs vafot etdi
Ikkinchi jahon urushi paytida «Gannersayd» amaliyotiga rahbarlik qilgan norvegiyalik Yoaxim Renneberg 99 yoshida vafot etdi. Uning o‘limi haqida Reuters'ga tayanib Kun.uz xabar bermoqda.

1943 yilda Renneberg Norvegiyadagi Vemork gidroelektrstansiyasida og‘ir suv ishlab chiqarishni yo‘q qilishga qaratilgan qo‘poruvchilik harakatiga boshchilik qilgan. Uning ishlab chiqarilishi atom bombalarining keyingi rivoji uchun juda muhim edi. Norvegiyalik amaliyotga rahbar etib tayinlanganida atigi 23 yoshda bo‘lgan.

Norvegiya hukumati Rennebergni «natsistlar Germaniyasining yadroviy ambitsiyalarini yo‘q qilishi lozim bo‘lgan jasur reyd yetakchisi», deb atagan. Garchi tarixchilar uchinchi Reyx o‘sha paytda yadro quroli ishlab chiqara olishi mumkin bo‘lganiga shubha qilishsa-da, ular 1943 yilda xatarlarni aniqlash qiyin vazifaga aylanganini tan olishadi, deya qo‘shimcha qilgan agentlik.

«Gannersayd» amaliyoti Vemorkka hujum qilish uchun ikkinchi urinish edi. Birinchisi muvaffaqiyatsizlikka uchragan: qiyin ob-havo sharoitlari tufayli qo‘poruvchilarning bir qismi yerga tushishda qoyalarga urilgan, boshqalari esa gestapo tomonidan asirga olingan. Ikkinchi urinishda harbiylar vazifani uddalashdi. Qo‘poruvchilik harakatidan keyin zavod qayta tiklanmadi, qolgan suv Germaniyaga olib chiqib ketildi.

Renneberg 1919 yilda Norvegiyaning Olesunn shahrida tug‘ilgan. 1940 yilda Germaniya Norvegiyaga bostirib kirgach, Buyuk Britaniyaga qochib ketgan, u yerda harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan va Vemorkdagi missiyani bajarishga tayinlangan. Ittifoqchilar g‘alabasidan keyin u radiomuxbir bo‘lib ishlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)