12:44 / 22.10.2018
4 997

Yosh yulduz atrofida g‘ayrioddiy yirik sayyoralar aniqlandi

Yosh yulduz atrofida g‘ayrioddiy yirik sayyoralar aniqlandi
Buzoq yulduz turkumida fanda Cl Tau deb nomlanadigan yulduz bor. Uning yoshi taxminan 2 mln yilga teng va undan katta emas, deb baholanadi. Mazkur yulduz Quyosh sistemasidan 500 yorug‘lik yili uzoqlikdagi masofada joylashgan bo‘lib, bu koinot o‘lchovlariga ko‘ra hali “chaqaloq” bo‘lgan yulduzdir.

Ushbu yulduz astrofiziklarni hayratda qoldirdi. Odatda bu yoshdagi yulduzlar atrofida protoplanetar diskda hali sayyoralar shakllanmagan bo‘ladi yoki shakllangan sayyoralar ham juda kichik va zichligi past bo‘ladi. Buni qarangki, Cl Tau hali o‘zi juda yosh bo‘lishiga qaramay, allaqachon o‘z atrofida g‘ayrioddiy ravishda yirik bo‘lgan to‘rtta ulkan sayyorani shakllantirib ulguribdi. Bu sayyoralar shu darajada yirikki, ularning eng kichigi ham Saturncha keladi. Eng yirigi esa Yupiterdan 11 barobar katta ekan!

Ushbu favqulodda yirik sayyoralarning ajablanarli jihati faqat ularning o‘ta katta massasi emas. Olimlarni taajjubga solgan yana bir narsa ushbu sayyoralarning bir-biriga nisbatan favqulodda uzoq masofalarda joylashgani hamdir. Xususan, ularning o‘z yulduzidan eng olisda joylashish masofasi yulduzga eng yaqin joylashgan sayyoraning yulduzgacha bo‘lgan masofasidan 1000 martadan ham ziyod ekan. Bu juda katta miqyos va masofadir. Qiyos uchun: bizning Quyosh sistemamizda eng ichki va eng tashqi sayyoralarning Quyoshgacha bo‘lgan masofalari nisbati 100 barobarga ham yetmaydi. Xususan, Merkuriydan Quyoshgacha bo‘lgan masofa Neptun bilan Quyoshgacha bo‘lgan masofaga taqqoslansa, farq atigi 77 barobar chiqadi, xolos. Allaqachon yirik sayyoralar safidan “quvilgan” Pluton esa Merkuriy masofasidan 102 barobar masofada aylanadi.

Cl Tau yulduzining o‘sha favqulodda yirik sayyoralaridan birinchisi Cl Tau b 2016 yilda kashf etilgan edi. Uning o‘z yulduzi atrofini aylanib chiqish davri ham astronomlarni lol qoldirgan. Cl Tau b atigi 9 kunda (Yer kuni hisobida, albatta) yulduz atrofini aylanib chiqib bo‘ladi. Uni olimlar hozircha super-Yupiter deb nomlashgan va u juda qaynoq gazdan tashkil topgani taxmin qilinmoqda. Ya’ni, bu turdagi yirik gaz sayyoralari yulduz bo‘lib shakllanishga ulgurmay qolgan qoldiq gaz bulutlaridan hosil bo‘lgan, degan faraz shunga asos bo‘lgan. Biroq bunday qaynoq super-Yupiterlar o‘z yulduziga bunchalik yaqin joylashishi nazariy jihatdan imkonsiz. Shunga qaramay, koinotda bu kabi qaynoq super-Yupiterlar noyob hodisa emas va ularni tez-tez uchratish mumkin. Taxminlarga ko‘ra, ma’lum yulduzlarning deyarli 1 foizi o‘z atrofida shu singari ulkan va qaynoq gaz gigantlariga ega bo‘ladi.

G‘alati joyi shundaki, bunday qaynoq super-Yupiterlar o‘z yulduzidan juda olis masofalarda shakllanadi va yuzlab mln yillar davomida sekin-asta o‘z yulduziga yaqinlashib boradi. Biroq biz aytayotgan Cl Tau ning o‘zi atigi 2 mln yoshda bo‘lsa, u qanday qilib va qachon bunday qaynoq super-Yupiterga ega bo‘lib ulgurgani ham qiziq.

Shuningdek, Cl Tau dan eng olisda joylashgan va massasi Saturn massasiga yaqin bo‘lgan yirik sayyoralarning ham biz bilgan odatiy sayyoralar shakllanishiga oid standart nazariyalarga mos kelmaydigan jihatlari bisyor. Xususan, ularning ham vaqt nuqtai nazaridan o‘ta yoshligi va shunga qaramay, o‘ta yirikligi g‘alati. Odatda Saturn massasiga ega sayyoralar o‘ta zich yadrodan shakllanib boradi va keyinchalik o‘z atrofida ulkan gaz qatlamini hosil qilib, gaz gigantiga aylanadi. Bu ham juda sekinlik bilan boradigan jarayon bo‘lib, yulduzdan juda olis masofalardagina ro‘y beradi.

Xullas, Cl Tau va uning sayyoralar sistemasi o‘zining g‘ayrioddiyligi bilan zamonamiz astronomlarini shoshirib qo‘ydi. Olimlar ushbu g‘alati sistemani o‘rganishda davom etmoqda. Turli to‘lqin uzunliklari bilan olingan tasvirlarni mukammalroq tadqiq qilish orqali ular jumboqlarga javob topishmoqchi. Balki bu tekshirishlar bizning sayyoralar va yulduz sistemalarining shakllanishi borasidagi tushunchalarimizga tuzatishlar kiritar. Bu boradagi tadqiqotlar haqida “The Astrophysical Journal Letters” jurnali orqali boxabar bo‘lib borish mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yosh yulduz atrofida g‘ayrioddiy yirik sayyoralar aniqlandi