18:28 / 13.11.2018
4 036

Xitoyda kofeinsiz choy daraxti kashf etildi

Xitoyda kofeinsiz choy daraxti kashf etildi
Janubiy Xitoy tog‘laridan barglari tarkibida kofein miqdori nihoyatda kam bo‘lgan yoki umuman bo‘lmagan yangi choy daraxti – xongyacha aniqlandi. Bu haqda xalqaro "Journal of Agricultural and Food Chemistry" ilmiy jurnali xabar bermoqda.

Odatdagi iste’mol qilinadigan choy o‘simligi (Camellia sinensis) barglari tarkibida 1,5-3,5 foiz kofein mavjud bo‘lib, uni qayta ishlash jarayonida bu miqdor kamaytirilishiga e’tibor qaratilardi. Kofein choy, qahva daraxti, kakao, mate, guarana, kola kabi o‘simliklar tarkibida uchraydigan asosiy purin alkaloid modda bo‘lib, u o‘simlikni turli barg, meva va urug‘xo‘r hasharotlardan himoya qiladi.

Kofein odam va hayvon asab tizimini stimullovchi modda hisoblanadi. U yurak urishini va pulsni tezlashtiradi. Muskullar, bosh miya, yurak va buyraklardagi qon-tomirlar devorini kengaytiradi, peshob ajralishini rag‘batlantiradi. Shu bois ham tibbiyotda kofeindan bosh og‘rig‘ida, migrenda, shamollash bilan bog‘liq kasalliklarda, aqliy va jismoiy mehnat faoliyatini oshirishda hamda uyqu jarayonini normallashtirish uchun qo‘llaniladi.

Lekin kofein miqdorining ortib ketishi bezovtalik, bosh og‘rig‘i, oyoq va qo‘lning qaltirashi, reflekslarning kuchayishi, uyqusizlik, markaziy asab tizimi tormozlanish jarayonining kuchayishi, ko‘ngil aynishi, gastrit, traxikardiya, aritmiya va gipertoniyaga sabab bo‘ladi.

"Xongyacha – Fujian provinsiyasining janubiy tumanlaridagi qishloqlar hududida joylashgan balandligi 700-1000 metr bo‘lgan tog‘larning kichik maydonlarida o‘sadigan yovvoyi choy daraxti hisoblanadi. Mahalliy aholi ushbu choy isitmani tushirishi, shamollashni tuzatishi va qorin og‘rig‘ini bartaraf qilishiga ishonadi. Choy daraxti juda kichik joyda o‘sgani uchun u haqida shu bugungacha ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan", – deydi Xitoy choy tadqiqot markazi professori Liang Chen.

Tadqiqot davomida professor Chen va uning hamkasblari yangi choy o‘simligi barglarini kimyoviy tarkibini o‘rganish maqsadida, yuqori koeffitsiyentli suyuq xromatografiya usulida tekshirib ko‘rishgan.

Tadqiqotchilarning aniqlashlaricha, xongyacha kurtaklari va barglari tarkibida odam salomatligi uchun foydali bir qancha moddalar mavjud va eng ahamiyatli tomoni – uning tarkibida deyarli kofein yo‘q.

Olimlarning qayd etishicha, odatdagi choy tarkibida purin alkaloidlar, katexinlardan kofein va sis-katexin mavjud bo‘ladi. Lekin xongyacha tarkibida, aksincha, trans-katexin, teobromin mavjud va barglar o‘zida kofeinni saqlamaydi.

Tadqiqotchilar bundan tashqari xongyacha barglaridan oddiy choy tarkibi uchramaydigan gallo katexin-(4→8)-gallo katexin gallati, 1,3,4,6-tetra-O-galloil-β-d-glyukopiranoza va (-)-gallokatexin-3,5-di-O-gallatini ajratib olishga muvaffaq bo‘lishgan.

Olimlar tadqiqot ishi davomida yangi choy daraxtiga chuqurroq e’tibor berishdi va unda odatdagi choy o‘simligidagi kofein moddasining sinteziga javobgar genning mutatsiyaga uchraganini aniqlashdi.

Tadqiqotchilar xongyacha tarkibida tabiiy holatda kofein miqdorining juda kamligi yoki umuman yo‘qligi, qolaversa, salomatlik uchun foydali bir qancha moddalarning mavjudligi hisobiga tez orada sevimli choy turlaridan biriga aylanadi, deb ilmiy bashorat qilishmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda kofeinsiz choy daraxti kashf etildi