19:52 / 09.12.2018
4 231

Korrupsiya darajasi eng past bo‘lgan mamlakatlar qaysi?

Korrupsiya darajasi eng past bo‘lgan mamlakatlar qaysi?
Transparency International tashkilotining hisobotiga ko‘ra, Yangi Zelandiya jahondagi eng kam korrupsiyalashgan mamlakat hisoblanadi.

Tashkilot reyting ro‘yxatidagi mamlakatlar 0dan 100 ballgacha baholangan bo‘lib, eng korrupsiyalashgan mamlakat «0»dan boshlanadi, eng kam korrupsiyalashgan mamlakat esa «100» ballgacha baholanadi.

10-o‘rin. Niderlandiya — 82 ball

Niderlandiya eng kam korrupsiyalashgan mamlakatlar yuqori o‘ntaligini ochib beradi.a

Mamlakatda mustaqil sud tizimi faoliyat yuritadi. Shu bois hokimiyatning barcha bo‘g‘inlarida korrupsiya holati kam uchraydi.

Niderlandiyaning har bir fuqarosiga YaIMning 51 885 dollari to‘g‘ri keladi.

9-o‘rin. Lyuksemburg — 82 ball

Mamlakat aholi jon boshiga YaIM to‘g‘ri kelishi bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda turadi — 103 388 dollar. Lyuksemburgda korrupsiya darajasi past bo‘lsa-da, aholi va siyosiy partiyalar o‘rtasida ishonchsizlik mavjud. Lyuksemburgning 53%ga yaqin aholisi o‘z siyosatchilarini korrupsiyalashgan deb hisoblaydi.

8-o‘rin. Kanada — 82 ball

2017 yilda Kanadada aholi jon boshiga 47 307 dollar YaIM to‘g‘ri kelgan. Ammo ayrim sohalarda muammolar mavjud. Kanadadagi biznes rahbarlarining 30%ga yaqini poraxo‘rlikni mamlakatning asosiy muammolaridan biri deb hisoblaydi.

7-o‘rin. Shvetsiya — 84 ball

Shvetsiya fuqarolari yuqori turmush darajasi, a’lo darajadagi tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, fuqarolik erkinliklariga rioya qilinishi va mamlakatning iqtisodiy raqobatbardoshligi bilan maqtanishlari mumkin. 2017 yilda Shvetsiyada YaIMning aholi jon boshiga to‘g‘ri kelishi 50 757 dollarni tashkil etgan.

6-o‘rin. Singapur — 84 ball

Eng kam korrupsiyalashgan mamlakatlar o‘nligiga kirgan Osiyoning yagona davlati. Bunga Singapur asoschisi Li Kuan Yu ulkan hissa qo‘shgan. Bir avlod almashuvi davomida mamlakat qashshoqlik botqog‘idan qutulishga, korrupsiyadan xalos bo‘lishga va mintaqadagi yetakchi davlatlardan biriga aylanishga erishdi.

Singapurda aholi jon boshiga YaIM 89 276 dollarga to‘g‘ri keladi.

5-o‘rin. Shveysariya — 85 ball

Banklar va tog‘-chang‘i kurortlari mamlakati turmush darajasi, biznes yuritish sharoitlari va moliyaviy tizim shaffofligi tufayli turli reytinglarda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Shveysariyada aholi jon boshiga YaIM 60 501 dollarni tashkil etadi.

4-o‘rin. Norvegiya — 85 ball

Bu mamlakat iqtisodiyoti asosan tabiiy gaz, neft, minerallar, chuchuk suv va dengiz mahsulotlariga tayanadi. Norvegiyada aholi jon boshiga YaIM 70 066 dollarga teng.

3-o‘rin. Finlyandiya — 85 ball

Sifatli ta’lim, fuqarolik erkinliklari va yuqori turmush darajasiga ega mamlakat. Aholi jon boshiga YaIM 2017 yilda 42 502 dollarni tashkil etgan.

2-o‘rin. Daniya — 88 ball

Daniya 2017 yilda turmush darajasi sifati bo‘yicha dunyoning eng yetakchi davlatlaridan biri hisoblanadi. Daniyada aholi jon boshiga YaIM 47 992 dollarga to‘g‘ri keladi.

Mamlakat iqtisodiyoti juda rivojlangan bo‘lib, fuqarolari yuqori turmush darajasi, sifatli ta’lim va tibbiyot tizimi, erkinliklar, demkoratiya va yuqori ish haqi bilan ta’minlangan.

1-o‘rin. Yangi Zelandiya — 89 ball

Yangi Zelandiya dunyodagi eng kam korrupsiyalashgan mamlakat hisoblanadi. Yangi Zelandiya iqtisodiyoti asosini turizm, vino, go‘sht va sut mahsulotlari eksporti tashkil etadi. Aholi jon boshiga YaIM 38 075 dollarni tashkil etadi.

Markaziy Osiyoda korrupsiyaga qarshi kurash

O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil qilishni taklif etdi.

"Jahon tajribasiga nazar tashlasak, AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Bolgariya, Gretsiya, Latviya, Estoniya kabi ko‘plab mamlakatlarning parlamentlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha komissiya va qo‘mitalar mavjud. Ana shu ilg‘or xorijiy tajribalar va Konstitutsiyamiz talablari asosida Oliy Majlis palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘mitalar tashkil qilishni taklif etaman. Ushbu qo‘mitalar barcha bo‘g‘indagi davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirishga vakillik organi sifatida munosib hissa qo‘shishi lozim", dedi prezident.

Ta’kidlanishicha, 2018 yilda korrupsiya jinoyatini sodir etgan 1 ming 177 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

"Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz", deya ta’kidladi O‘zbekiston rahbari.

Qozog‘istonda esa korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar ro‘yxatini e’lon qilish taklif etildi. Ro‘yxatda, shuningdek, bu shaxslarning davlat lavozimlarini egallash huquqidan qancha muddatga mahrum qilingani ko‘rsatilishi taklif qilingan.

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan murojaat e’lon qildi.

Murojaatda aytilishicha, «O‘z cho‘ntagini o‘ylab davlat vakolatlarini suiste’mol qilganlar nafaqat qonun bilan jazolanishi, balki omma oldida sharmanda qilinishi lozim».

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Korrupsiya darajasi eng past bo‘lgan mamlakatlar qaysi?