08:50 / 13.12.2018
3 875

Raddiyaga raddiya. Yulduzlar fanida yangilik qilganini aytgan o‘zbek olimi tanqidga javob berdi

Raddiyaga raddiya. Yulduzlar fanida yangilik qilganini aytgan o‘zbek olimi tanqidga javob berdi
O‘zbek olimi "yulduzlar to‘g‘risidagi fanda o‘zgarish qilishi mumkin bo‘lgan kashfiyot" qilgani, xususan, qora tuynuklar tabiatda mavjud emasligini isbotlab, Eynshteynning orzusini amalga oshirgani haqida 7 dekabrda ba’zi internet agentliklarida rus va ingliz tillarida xabar tarqaldi.

Astrofizik Po‘lat Tojimurodov Turon24da e’lon qilingan "O‘zbek olimi Zohid Zokir Eynshteynning orzusini amalga oshirdimi?" maqolasida yangi nazariya va uni muallifini qattiq tanqid qilib, bu "biror-bir olamshumul xulosa qilish uchun yetarli emas" degan fikrni bildirdi. T24 bu tanqidga qanday javob qaytarishini bilish maqsadida, Zohid Zokirga murojaat etdi va quyida uning mulohazalari havola etiladi.

Javobimni tanqidiy maqola yakunidagi ma’naviy o‘git tanqidchining o‘zi va u himoya qilishga harakat qilgan qora tuynuklar ta’limoti uchun qanchalik o‘rinli ekanligiga e’tiborni qaratishdan boshlayman.

Tanqidchining yozishicha "Bahsli, munozarabop tadqiqotlar ilm-fan rivojida o‘ziga yarasha muhim o‘rin egallaydi. Biroq tadqiqot nafaqat bahsli, balki xatolardan xoli va xolis bo‘lishi ham kerak. Aks holda u fanni rivojlantirish o‘rniga uni egri yo‘lga kirgizib yuboradi". Tarix istehzosi bilan ana shunday ayanchli holat Eynshteyn va u kabi realist olimlar fikri rad qilinib, 60-yillardan ilmiy fantastikadan farq qilmaydigan qora tuynuklar ta’limoti keng tan olinganda yuzaga keldi.

Men 20 yil avval shubhalana boshlab va ilmiy asarlarni tekshirib chiqib, 12 yil avval o‘zim uchun ham kutilmaganda qora tuynuklar ta’limoti Eynshteyn gravitatsiya nazariyasidan nafaqat kelib chiqmasligi, balki hatto taqiqlanishini isbotladim. Bu, demak, 50 yil avval "bahsli, munozarabop tadqiqotlar ilm-fan rivojida o‘ziga yarasha muhim o‘rin" egalladi-yu, lekin yangi ta’limot "xatolardan xoli va xolis bo‘lishi ham kerak"ligiga yuzaki qaralib, bu bilan "fanni rivojlantirish o‘rniga uni egri yo‘lga kirgizib" yubordi.

Tanqidchining yozishicha "Qora tuynuk g‘oyasi bilan birinchi bor tanishganda Albert Eynshteyn "yulduzlar bunday ahmoqona ish qilmaydi" deb aytgan va qora tuynuklarga shunchaki bir matematik g‘aroyibot sifatida qaragan". Bunga shuni qo‘shimcha qilish lozimki, Eynshteyn umrining oxirigacha, yana deyarli 40 yil, bu fikrini o‘zgartirmagan.

Xo‘sh, boshqa olimlar nega Eynshteynga qarshi chiqishgan? Bu o‘rinli savolga tanqidchining javobi: "Lekin keyinchalik Chandrasekar, Oppengeymer va Volkovning ishlari natijasida qora tuynuklar aynan qay yo‘l bilan va qanday sharoitda vujudga kelishi ma’lum bo‘lgan". Bu "tarixiy ma’lumot" qora tuynuk g‘oyasi qanday mantiqiy sakrashlarga asoslanganiga misoldir. Aslida, o‘sha uch olim 30-yillarda siqilgan yulduzlarning muvozanatda turish chegaralarinigina topishgan. Ularning muvozanat buzilib, kollaps boshlansa, nima vujudga kelishi haqida biron narsa deyishga haqqi yo‘q edi. Mana sizga "qora tuynuklar… vujudga kelishi" "isbotlanishi"ning namunasi!

Eynshteyn nazariyasida sferik yulduzning bosim bo‘lmagan holdagi ideal kollapsi yechimlari vaqtga bog‘liq va ancha murakkabdir. Eng sodda hol – chang sferik buluti misolida aniq yechimni 1939 yil Oppengeymer va Snayder topishgan. Ilmiy adabiyotda bu haqda aytiladi-yu, lekin yechimning o‘zi keltirilmaydi, chunki uning ba’zi muhim tafsilotlari ularning maqolasida keltirilmaydi. Ularning asl yechimi o‘rniga boshqa, hamharakat kuzatuvchilar uchun bo‘lgan Fridman yechimi keltiriladi va bu "Oppengeymer-Snayder yechimi" sifatida taqdim etiladi! Natijada shu paytgacha ko‘pchilik mutaxassislar asl yechim haqida tasavvurga ega emasdi.

Mening hamkasblarimdan farqim shu bo‘ldiki, ancha urinib, ushbu yechimni to‘liq keltirib chiqardim va to‘g‘ri qo‘llay boshladim. Shunda uni boshqa tafsilotlari ham oydinlashdi va kollaps qora tuynukka emas, balki men nom bergan frozarga olib kelishini isbotladim. Keyinchalik maqolam retsenzenti va Angliyalik J.Marshall ham buni tushunib, qo‘shilishdi. Boshqalar ham bularni tushunib yetishi va O‘zbekistonda yaratilgan frozarlar nazariyasini yaqin orada dunyoda tan olinishi aniq.

O‘tgan asrning 30-yillarida energiya manbai tugagan yulduzlar sovib, bosimi kamayishi va gravitatsiya uni siqa boshlashi hamda massasi Quyoshdan uch marta ko‘p bo‘lgani siqilishini biron kuch to‘xtata olmasligi aniqlandi. Nyuton nazariyasida bunday yulduz yuzasi gravitatsion radiusga yetganda tushish tezligi yorug‘lik tezligiga yetadi, keyin undan ham oshib markazga qulaydi, butun yulduz bir nuqtada yig‘ilib, singulyarlik hosil bo‘ladi. Shu ssenariy Eynshteyn nazariyasida ham o‘rinli deb hisoblangan qora tuynuklar ta’limoti yarim asr davomida dunyoda keng targ‘ib etib kelindi.

Shu sababli Eynshteyn nazariyasidan faqat frozarlar kelib chiqishini tushungan deyarli har bir mutaxassis menga "Sizga juda og‘ir bo‘ladi, katta qarshilikka duch kelasiz!" deb tushkunlik kayfiyatida achinib qo‘yardi.

Eynshteyn nazariyasiga binoan uzoqdagi kuzatuvchilar kuchli gravitatsiyada bo‘lgan jismlardagi barcha jarayonlar sekinlashishini ko‘radilar. Bu ajoyib effekt Eynshteyn tomonidan kashf qilinib, ko‘p tajribalarda tasdiqlangan. Lekin bu vaqt sekinlashishi nisbiy emas, absolyut ekaniga mutaxassislar e’tibor bermay keldilar va qora tuynuk ham shu xatoga asoslangan.

Ikki egizak tug‘ilganida biri raketada katta tezlikda sayohatga ketib, 20 yildan so‘ng qaytib kelganida, sayohatga ketgani Yerda qolganidan ancha yosh bo‘lishi yaxshi ma’lum – bu egizaklar paradoksi. Sababi – uchib ketgani tezligi o‘zgarib turgani, ya’ni tezlanishida vaqt sekinlashishi absolyut bo‘ladi. Xuddi shunday vaqtning absolyut sekinlashishi gravitatsion maydonda uzoq bo‘lgan ob’ektlarda ham bo‘ladi.

Tanqidchi ham maxsus nisbiylik nazariyasidagi vaqt nisbiyligini gravitatsiyada shunday bo‘ladi, degan fundamental xatoga asoslangan. Tinch turgan kuzatuvchi uchun "kollaps… cheksiz uzoq davom etishi, chang buluti hech qachon oxirigacha siqilib, qora o‘raga aylanmasligi"ni aytib, tanqidchi yulduz frozarga aylanishini to‘g‘ri ta’riflagan. Lekin u soxta "nisbiylik"ka ishonib, ikkinchi, ya’ni qora tuynuk ssenariysiga o‘tadi: "zarralar bilan birga harakatlanuvchi kuzatuvchilar" uchun "barcha modda yangi hosil bo‘lgan qora tuynuk markazidagi singulyarlikka tushadi". Sababi, Oppengeymer-Snayder tinch turgan kuzatuvchilar uchun yulduz yuzasi gravitatsion radiusga yeta olmay qotib qoladi, degan. Lekin ular ham bu "nisbiy" deb o‘ylab, hamharakat kuzatuvchilar boshqa manzarani ko‘rishi haqida mulohaza yuritishgan va qora to‘ynuk ta’limotida bu ikkilanish "isbot" sifatida talqin etilgan.

Men birinchi bo‘lib isbotlagan yangilik shundan iboratki, yulduzning nafaqat yuzasi, balki barcha ichki qatlamlari o‘zaro muzlaydi. Muzlash jarayoni markazdan boshlanib tezda yuzaga yetib keladi va yulduz batamom qotadi. Ana shu holatda yulduz frozarga aylandi, demakdir. Eynshteyn nazariyasida, boshqa fizika sohalarida kabi, katta o‘lchamdagi ob’ektning barcha qatlamlari bir vaqtda olinishi shart. Jahon vaqti, ya’ni barcha nuqtada o‘zaro sinxron yuruvchi soatlar ko‘rsatuvi, ana shu bir vaqtlilik shartini bajaruvchi yagona vaqtdir. Yulduz zarralari bilan birga qulayotgan lokal hamharakat kuzatuvchilar bu shartni umuman bajarolmaydi, chunki ularning soatlari ham katta tezlik, ham tezlanish, ham o‘zgaruvchi gravitatsiya ta’sirida har joyda har xil yuradi va har xil vaqtni ko‘rsatadi. Xullas, ular vaqti va boshqa koordinatalarida yulduz bir vaqtda mavjud butun ob’ekt sifatida kuzatila olmaydi. Va nihoyat, yulduz frozarga aylanib, tinch turgan kuzatuvchilar koordinatlarida barcha zarralari trayektoriyalari o‘zaro yaqinlashishdan deyarli to‘xtasa, boshqa har qanday kuzatuvchilar uchun ham yulduz butun ob’ekt sifatida qotgan bo‘ladi. Alohida olinadigan lokal kuzatuvchi natijasini butun yulduzga tarqatish – bu qora tuynuk g‘oyasidagi asosiy xatolardandir.

Lokal vaqtni global ob’ektlarga ishlatish qanday ishkalga olib kelishiga bir "yerlik" misol keltiraman. "Navro‘zda quyosh chiqqandan botgunicha 12 soat o‘tadi" deb isbotlagan odam O‘zbekistonda haq, lekin Shimoliy Muz okeanida Quyosh bir chiqib yarim yil botmasligi xayoliga ham kelmaydi. U yerda "jahon vaqti" (Yerning bir aylanishi) bilan o‘lchanadigan 24 soatlik sutkalar tez-tez o‘taveradi, vaholanki, Quyosh chiqishi va botishi orasidagi "kun" bilan o‘lchanadigan "lokal vaqt" yarim yilga cho‘zilib ketgan bo‘ladi. Lekin Yer ham "lokal vaqt"ga qarab aylanishini sekinlatib, yarim yilda bir aylanishi mumkinligi sog‘ odamning xayoliga ham kelmaydi.

Eynshteyn nazariyasida vaqt sekinlashishi chuqurroq asosga ega. Lokal kuzatuvchilar standart soati shu yerdagi barcha jarayonlar tempini ko‘rsatsa, jahon vaqtini ko‘rsatuvchi soatlar turli joylardagi hodisalar bir vaqtliligini belgilaydi. Vaqtning bu ikki xossasi ikki xil soat orqali o‘lchanishi gravitatsiyani boshqa sohalardan farqlaydi. Qora tuynuk tarafdorlari jahon vaqtini "yomon" ko‘rishiga sabab ham faqat bu vaqt ob’ektni u joylashgan real dunyo astronomik vaqti bilan bog‘laydi va jahon vaqti cheksiz bo‘lganidan "keyin" (!) qora tuynuk paydo bo‘lishi borasidagi "chuqur mulohaza"lar, aslida fantaziyalarga o‘rin qoldirmaydi.

Chang buluti modelida "modda zarralari orasidagi har qanday boshqa o‘zaro ta’sir hisobga olinmagan" degan vaj ham o‘rinsiz, chunki har qanday bosim kollapsga to‘sqinlik qiladi va agar ideal kollapsda qora tuynuk vujudga kelmasa, "real" kollapsda bu haqda gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Tanqidchi maqolasida ikki chet ellik professorning "fikrlari" keltirilgan. Ular ilmiy maqolam bilan yuzaki tanishib, uni chalakam-chatti tushunishgan. Ularning biri "Ikkala maqolani qarab chiqib, hech birida naf ko‘rmadim" deb bu sohadan qanchalik yiroqligini ko‘rsatgan. Chunki maqolamda Oppengeymer-Snayder modelining deyarli barcha muhim tafsilotlari keltirilgani uchun bunday maqolani o‘qish har qanday haqiqiy mutaxassisning orzusi bo‘lib kelgan va buni o‘zimdan bilaman. Ikkinchisi esa "maqolaga faqat tez ko‘z yugurtirib chiqa oldim" deb yozgan va bu "ko‘z yugurtirish" natijasida "Tushunishimcha, Zokirning maqolasida qora tuynuklar shakllanadi" deb, men isbotlagan faktni teskarisini qayerdan to‘qib chiqarib "tushungani"ga men tushunolmadim.

Vaholanki, ilmiy maqolamni o‘zida bir necha marta takrorlanib, hatto annotatsiyasida ham yozilishicha "Oppegeymer-Snayder yechimi, Shvarsshild koordinatlaridagi yechim sifatida, qotgan yulduz (frosar) manzarasiga nafaqat yuzasi uchun, balki ichki qobiqlari uchun ham olib keladi", deyilgan. Bu "mutaxassis" fikri "chuqurlik" darajasini his etish uchun uning yana bir mulohazasi yetarli: "Maqoladagi mulohazalarni tushunish qiyin, chunki u (Zohid Zokir) qanday koordinatalardan foydalanayotgani va kattaliklar qay yo‘lda aniqlanganini ko‘rsatmagan." Aslida esa, maqolada yechimlar Shvarsshild koordinatlaridagi ekani bir necha marta takrorlangan.

Bu ilmiy bahsdan tashqari tanqidchi va "ekspertlar" insoniy masalalarga ham urg‘u berib, yangi nazariya muallifi va "bo‘lmag‘ur" maqolalarni chiqaradigan jurnalning saviyasi pastligini ko‘rsatishga urinishgan. Men "kompromatlar urushi"da qatnashishni o‘zimga loyiq topmadim. Faqat qora tuynuklar ta’limoti asoschilaridan biri, mashhur fizik Ya.Zeldovichning umri oxirida yozganini keltiraman: "Oxirgi natija, fizik haqiqat meni kim uni birinchi topganidan qat’i nazar qiziqtiradi. Ishqilib, uni tushunishga kuchim yetsa, bas!"

Yakun sifatida aytish lozimki, Eynshteyn nazariyasi yulduzlar borasida bundan buyon o‘zgarmaydi, uni har bir bashorati shu paytgacha tasdig‘ini topgan, vaqti kelib frozarlar ham dunyoda tan olinib, koinot ilmiy manzarasining muhim elementi sifatida asrlarda qoladi. Bu borada tanqidchining bir fikri to‘g‘ri – bu natijaning "O‘zbekiston fanlar akademiyasiga ham, birorta OTMga ham aloqasi yo‘q!"
Zohid Zokir

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Raddiyaga raddiya. Yulduzlar fanida yangilik qilganini aytgan o‘zbek olimi tanqidga javob berdi