21:50 / 09.01.2019
5 649

Hind olimlari: Eynshteyn va Nyuton nazariyalari xato

Hind olimlari: Eynshteyn va Nyuton nazariyalari xato
Hindiston ilmiy konferensiyasining yillik yigʻilishida soʻzga chiqqan maʼruzachilar Isaak Nyuton va Albert Eynshteyn ochgan ilmiy kashfiyotlarni shubha ostiga oldi. Bu haqda “Xalq soʻzi” Bi-bi-siga tayanib xabar berdi.

Soʻz olgan bir necha olimlar qadimgi hindlarning ildiz hujayralar mavjudiyatidan boxabar boʻlgani va bu sohada tadqiqotlar olib borganini iddao qilib oʻtgan. Boshqa taniqli hind olimlari mazkur iddaolarni tanqid ostiga olgan.

Hindiylik taʼlimotiga asoslangan qadimgi hind mifologiyasi va nazariyalari soʻnggi vaqtlarda Hindiston ilmiy konferensiyasi dasturidan mustahkam oʻrin olib borayotir.

Hindiston janubida joylashgan universitetlardan birining rahbari oʻz nutqida goʻyo ildiz hujayralarning bundan ming yillar muqaddam Hindistonda aniqlab boʻlinganini isbotlovchi koʻhna matnni oʻqib, eshittirgan.

Andra Universiteti vitse-prezidenti Nageshvar Rao qadimiy Ramayana diniy eposida tilga olingan iblisning 24 turdagi samolyoti va zamonaviy Shri Lanka hududida ular qoʻnishi uchun barpo etilgan yoʻlaklar tarmogʻi boʻlganini taʼkidlagan.

Tamil Nadu shtatidagi universitetdan boshqa bir olim - doktor K.Krishnan soʻzga chiqa turib, Isaak Nyuton va Albert Eynshteynning fizika sohasidagi nazariyalari xato ekanligi va Eynshteyn tomonidan bashorat qilingan gravitatsion toʻlqinlarni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi sharafiga qayta nomlash zarurligini maʼlum qilgan.

Doktor Krishnanning soʻzlariga koʻra, Nyuton “gravitatsion repulsiv [itarish] kuchlar tabiatini yaxshi tushunmagan“, Eynshteyn ilgari surgan nazariya esa odamlarning notoʻgʻri fikr chiqarishiga sabab boʻladi.

Hindiston Ilmiy Kongresslar Uyushmasi ushbu bayonotlar yuzasidan oʻzining chuqur xavotirda ekanini eʼlon qilgan. Uyushmaning bayonotida qadimiy yozuvlarning maʼnaviy ahamiyatiga shubha yoʻqligi, ammo ulardan ilmiy manba sifatida foydalanish aqldan emasligi aytiladi.

“Biz ularning qarashlariga qoʻshilmaymiz va oʻzimizni ularning bayonotidan chetga tortamiz. Bu qarashlar nooʻrindir”, - deya maʼlum qilgan Hindiston Ilmiy Kongresslar Uyushmasi bosh kotibi Premendu Matur.

Oʻtgan yili mamlakat taʼlim vazirining oʻrinbosari Satyapal Singx samolyotlar haqida ilk bor Ramayana eposida eslatib oʻtilganini taʼkidlagan edi. Uning soʻzlashicha, dunyodagi birinchi samolyot prototipi aka-uka Raytlarga qadar sakkiz yil avval Shivakar Babudji nomli hind tomonidan yasalgan.

2014 yilda Mumbaydagi kasalxonada shifokorlar bilan uchrasha turib, Bosh vazir Narendra Modi boshi fil, tanasi odam koʻrinishida boʻlgan donishmandlik va toʻkinlik xudosi Ganesha obrazi Qadimgi Hindistonda samoviy jarrohlik mavjud boʻlganidan dalolat berishi haqida soʻzlagan edi.

2017 yil yanvar oyida Rojaston shtati sogʻliqni saqlash vaziri sigirlarning ilmiy ahamiyatini anglash zarurligi, ular kislorod yutib, kislorod chiqaradigan dunyodagi yagona jonivor ekanini daʼvo qilib chiqqan.

Yakshanba kuni ilmiy konferensiyada chiqish qilgan geolog Ashu Xosla hindiylik dini xudosi Brahma dinozavrlarni kashf etgani va ular haqida koʻhna bitiklarda yozib qoldirganini maʼlum qilgan.

2014 yilda hindistonlik huquqshunos Ramesh Pokriyal Nishank “butun ilm-fan astrologiyaning oldida ip esha olmasligi“ va bundan 100 ming yil oldin Hindistonda yadroviy bomba sinab koʻrilganini iddao qilib, koʻpchilikning tanqidiga uchragan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hind olimlari: Eynshteyn va Nyuton nazariyalari xato