18:57 / 06.02.2019
4 950

Halokatli to‘qnashuv natijasida vujudga kelgan ilk ekzosayyora topildi

Halokatli to‘qnashuv natijasida vujudga kelgan ilk ekzosayyora topildi
Xalqaro astronomlar guruhi ilk bor, har birining og‘irligi Yernikidan katta bo‘lgan ikkita yirik osmon jismining o‘zaro to‘qnashishi natijasida vujudga kelgan ekzosayyorani topishdi. Bu haqda Science News nashriga tayanib Kun.uz xabar bermoqda.

Kepler 107c ekzosayyorasi Yerdan 2 000 yorug‘lik yili uzoqlikda bo‘lib, Quyoshga o‘xshash yulduz atrofida harakatlanadi. Ushbu tizimda yana bir nechta ulkan ekzosayyora mavjud, xususan, Kepler 107c va uning eng yaqin qo‘shnisi Kepler 107b – Yerdan 1,5 baravar katta.

Biroq bu ekzosayyoralarning massasi sezilarli darajada farq qiladi. Kepler 107c ekzosayyorasi Kepler 107b’ga nisbatan ikki karra zichroq. Tadqiqotchilarning fikricha, buning sababi Kepler 107c xuddi Merkuriy kabi ulkan temir yadroga ega.

Kepler 107b’dan uzoqda joylashgan zichroq ekzosayyora – Kepler 107c’ning mavjudligi, og‘ir kimyoviy elementlar, masalan, temir sayyoralar vujudga kelish jarayonida markaziy yulduzga yaqin hududlarda to‘planishiga oid ssenariyga unchalik ham mos kelmaydi.

Shuning uchun olimlar, bu holatni tushuntirish uchun, Kepler 107c ekzosayyorasi har birining massasi Yernikidan 10 marta ortiq bo‘lgan ikkita yirik osmon jismlarining o‘zaro to‘qnashishidan vujudga kelgan degan xulosaga kelishdi. Ularning yadrosi massasi umumiy massasining 30 foizini tashkil qilgan.

Ekzosayyoralar – Quyosh tizimidan tashqaridagi sayyoralar. Ular ham Quyosh tizimidagi sayyoralar Quyosh atrofida aylangani kabi boshqa yulduzlar atrofida harakatlanadi.

Kepler 107b va Kepler 107c – Oqqush yulduz turkumidagi Kepler 107 yulduzi atrofida harakatlanuvchi ekzosayyoralar. 2014 yilda kashf qilingan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Halokatli to‘qnashuv natijasida vujudga kelgan ilk ekzosayyora topildi